O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

BUYUK NE’MAT

 
 

Islom dini insoniyatni tinchlik, hamjihatlik, do‘stlik, ahillik va ezgu ishlarda hamkorlik qilib yashashga buyuradi. Yovuzlik, zulmu zo‘ravonlik, fitna fasod, buzg‘unchilik qilishdan qaytaradi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Ezgulik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat yo‘lida hamkorlik qilmangiz”, – deb insoniyatni ogohlantiradi. Shuningdek, bugun yer yuzida yuzlab millat va elatlar yashamoqdalar. Yer yuzining turli nuqtalarida insonlarning ba’zilari baxtiyor hayot kechirayotgan bo‘lsalar, ba’zi joylarda esa qiyinchilik, mashaqqat, zulmu zo‘ravonlik ostida hayot kechirmoqdalar. Aslida yer yuzidagi barcha insonlar baxtiyor yashashga haqlidir.

Alloh taolo insoniyatni turli millat va elatlar qilib yaratib ularni bir birlari bilan xayrli amallarda hamkorlik qilishga buyurgani haqida Qur’oni karimda quyidagicha marhamat qiladi: “Ey, insonlar! Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik. Hamda bir birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot, 13). Bu bilan Parvardigori olam insoniyat naslini aslida o‘zining qudrat qo‘li bilan yaratgan bir inson – Odam atodan tarqalganini bayon qilmoqda. Shuningdek, odam zurriyotini turli irq, millat elatlar qilib, til va lahjalarini turli lug‘atlarda so‘zlashadigan qilib qo‘yganligining hikmati shundaki, insoniyat xayrli, savobli, solih amallarda bir birlari bilan hamkorlik qilsinlar.

Insonlarning ezgulik va taqvo yo‘lidagi hamkorliklari yoki aksincha yovuzlik yo‘lidagi qilayotgan ishlari ular tutgan g‘oyalarning bunyodkor yoki vayronkor ekanligiga bog‘liqdir. Dunyodagi barcha mavjud dinlar insonlarni ezgulikka va yaxshilikka buyuradi. Yovuzlikdan qaytaradi. Lekin Qur’oni karimda insonni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘ituvchi va o‘ziga ergashtirib jahannam qa’riga olib ketishga doim urinadigan dushmani – shaytoni la’inning mavjud ekanligiga, uning hiylalaridan insonlarni doim ogoh bo‘lishga chorlagan oyatlarning borligi, ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurashning azaldan davom etayotganligiga dalolat qiladi. Alloh taolo tomonidan nozil qilingan ilohiy ta’limotlar esa insoniyatni dushmani bo‘lgan shaytoni la’in fitnalaridan ogohlantiradi.

Bir kuni Payg‘ambarimiz (s.a.v) sahobalari bilan suhbatlashib o‘tirib, yerga to‘g‘ri chiziq chizib, “Bu mening Allohga eltadigan to‘g‘ri yo‘limdir”, – dedilar. Hamda o‘ng va chap tomoniga to‘g‘ri chiziqqa tutashtirib mayda-mayda chiziqchalar chizdilar-da, “Bu chiziqchalar esa mana shu to‘g‘ri yo‘lga tutashgan egri yo‘llardir. Ogoh bo‘linglar bu yo‘llarning har birining boshida shayton turadi”, – dedilar.

Qur’oni karim oyatlari mo‘min-musulmonlarni yer yuzini obod qilishga, turli millat va din vakillari bilan ezgulik yo‘lida hamkorlik qilishga buyuradi. Turli firqa va oqimlarga bo‘linishdan qaytaradi. Oli Imron surasining 103-oyatida: “Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur’onini) mahkam tuting va turli firqalarga bo‘linib ketmang”, deb ogohlantiradi. Boshqa bir oyatda esa “Men sizlarga (dunyoda) bildirib: “Ey, Odam bolalari! Shaytonga ibodat (itoat) qilmangiz, chunki u sizlarga ochiq dushmandir. Menga ibodat qilingiz! Mana shu to‘g‘ri yo‘ldir”, – demaganmidim?!” (Yosin, 60-61) deya insoniyatni zulmu-zo‘ravonlikdan qaytarib, itoat qilmaganini do‘zax azobiga giriftor etishi bilan ogohlantiradi.

Tinchlik ne’matini naqadar qadrli ekanini birgina Payg‘ambarimiz (s.a.v)dan vorid bo‘lgan hadisdan bilsak bo‘ladi. Payg‘ambarimiz (s.a.v) “Ikki ulug‘ ne’mat borki biri dunyo ne’matlarining ulug‘i, ikkinchisi oxirat ne’matlarining ulug‘idir. Dunyo ne’matlarining ulug‘i-Ofiyatdir. Oxirat ne’matlarining ulug‘i esa-Islomdir”, – dedilar. Ofiyat so‘ziga ma’no beradigan bo‘lsak bu so‘z tinchlik, xotirjamlik, tansihatlik, farovonlik kabi ma’nolarni anglatadi. E’tibor bersak, Rasululloh (s.a.v) avvalo Ofiyat so‘zini ishlatdilar. Chunki insonning dini va e’tiqodini barkamolligi uchun avvalambor tinchlik va xotirjamlik kerak. Tinchlik va xotirjamlik bo‘lmagan joyda na din va na diyonat bo‘ladi. Shuning uchun insonga avvalo tinchlik kerak. Tinchlik soyasida inson hayotda baxtiyor yashaydi. Dunyo va oxiratini obodligi yo‘lida ezgu amallar qiladi. Diyonatini butun saqlaydi. Iymon-e’tiqodini butunligicha asraydi va oxiratda Allohning buyuk marhamatiga sazovor bo‘ladi. Ajdodlarimiz tinchlik uchun, yurt obodligi uchun jon fido qilganlar. Qolaversa muazzam dinimiz musaffoligi hamda yurtimizda yashaydigan barcha mo‘min-musulmonlarning e’tiqodlari to‘g‘riligi yo‘lida o‘zlaridan boy ma’naviy merosni qoldirganlar.

Bugungi kunda yurtimizda muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan musulmonlarning e’tiqodi birligi yo‘lida ulkan ma’naviy ishlar amalga oshirilmoqda. Ma’lumki, bizning diyorlarimizdan diniy va dunyoviy ilmlar sohasida juda ko‘p olimlar yetishib chiqqanlar. Ularning qoldirgan boy ilmiy – ma’naviy meroslarini o‘rganish va butun dunyoga sof islom dinining bunyodkor g‘oyalarni tarqatish oldimizda turgan asosiy vazifalardan hisoblanadi. Bu yo‘lda bir qancha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Shunday olijanob ishlardan biri Imom Buxoriy majmuasi qoshida yangi Ilmiy Tadqiqot markazining va Hadis Oliy maktabining bunyod etilishi bo‘ldi. Kelajakda bu joyda diniy va dunyoviy ilmlarga ega bo‘lgan mutaxassislar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Imom Abu Mansur Moturidiy kabi o‘nlab alloma bobokalonlarimizning qoldirgan ilmiy-ma’naviy meroslarini o‘rganib, xalqimizga shu jumladan, butun dunyoga tarannum etadilar. Bu olijanob ezgu amallarning barchasi nafaqat yurtimizda balki butun dunyoda tinchlik atalmish buyuk ne’matni qaror toptirishdek ulug‘vor maqsadga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir!


Kiritilgan vaqti: 19/06/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 2711
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/buyuk-nemat
Chop etilgan vaqti: 07/02/2025 13:04
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing