O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Burhoniddin al-Marg‘inoniy

 
 

Yurtimiz allomalarining asarlaridagi g‘oyalar insonlarni komillikka, o‘zaro mexr oqibatga, insonparvarlik, yurtparvarlikka yetaklaydi. Ana shunday allomalardan biri “Hidoya” asarinig muallifi Burhoniddin Marg‘inoniydir. Burhoniddin Marg‘inoniy nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun musulmon olamining faxr- iftixoridir. U tabarruk zotning hayoti tom ma’nodagi ilmiy va insoniy jasorat, bukilmas iroda, so‘nmas e’tiqod timsolidir. Buyuk vatandoshimiz bashariyatga tengsiz ma’naviy meros qoldirib ketdi. Bu “Hidoya” asari bo‘lib, butun musulmon olamida islom huquqshunosligi borasida foydalanib kelinadi. Millionlab insonlarning ibodat va o‘zaro munosabatlaridagi muammolarini yechimini ko‘rsatib, haq va ezgulik yo‘liga chorlab kelmoqda.

Burhoniddin Marg‘inoniyni o‘rganishda ikkita jihatga e’tibor berish mumkin:

Birinchi, Faqih Burhoniddin Marg‘inoniyning asarlarida, xususan, “Hidoya”da bitilgan shariat ahkomlari avvalgi buyuk faqihlarning fikrlari va boshqalarning e’tiroz va qo‘shilishlari bilan adolat mezoni ustida yoritilgan. Unda kishining dunyoqarashini, fikr mulohazasini o‘tkirlaydigan, masalaga adolat ko‘zi bilan qarashga undaydigan yorqin dalil va hujjatlar oyat va hadislar misolida keltirilgan.

Ikkinchi, , Marg‘inoniy bobomizning fiqhiy qarashi musaffo islom ta’limotining sunniylik aqidasi bilan bog‘liq bo‘lib, bugungi kunda turli xil ixtiloflarning oldini olishda muhim ahamiyatga egadir. Marg‘inoniy fiqhiy qarashlaridan o‘rin olgan “Ahli ilmlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat” (ularga itoat qilish)”, “Musulmonlar jamoasi bilan birga bo‘lish”, “Muhammad sollallohu alayhi va sallamning ummatiga zid ish qilmaslik” kabi tamoyillarning ahamiyatini tasavvur qilish qiyin emas. Imom Marg‘inoniy bobomizning fiqhiy asarini o‘qigan har-bir kishinig hayot yo‘li hidoyat ziyosi ila munavvar bo‘ladi.

Buyuk faqih Ali ibn Abu Bakr ibn Abd ul-Jalil al-Farg‘oniy ar-Rishtoniy al-Marg‘inoniy 1123 yil 23 sentyabrda tugilgan. U Qur’onni, hadis ilmlarini mukammal egallab, fiqh — islom huquqshunosligi borasida benihoya chuqur ilmga ega bo‘lganligi va bu sohada beqiyos durdonalar yaratganligi tufayli Burhon ud-din val-l-milla va Burhonuddin al-Marg‘inoniy nomlari bilan mashhurdir.
Burhonuddin al-Marg‘inoniy islom dinidagi sunniylarning to‘rtta asosiy mazhabi asoschilarining asarlarini o‘rganish bilan birga o‘zi ham fiqhga oid bir qator asarlar yaratgan. Bizgacha yetib kelgan asarlaridan “Bidoyat al-muntahiy” (“Boshlovchilar uchun dastlabki ta’lim”), “Kifoyat al-muntahiy” (“Yakunlovchilar uchun tugal ta’lim”), “Nashr ul-mazhab” (“Mazhabning yoyilishi”), “Kitob ul-mazid” (“Ilmni ziyoda qiluvchi kitob”), “Manosik ul-haj” (“Haj marosimlari”), “Majma ul-navozil” (“Nozil bo‘lgan narsalar to‘pla-mi”), “Kitob ul-faroiz” (“Farzlar kitobi”) va boshqalar ma’lum.
“Hidoya”da huquqiy masalalarning yechimi dastlab yirik fiqh olimlari fikrlarining bayoni va unga boshqa mualliflar e’tirozlari yoki qo‘shilishlarini izhor etish yo‘li bilan berilgan. Ana shu obro‘li mualliflar fikrlaridan kelib chiqib, muayyan masalada eng ma’qul yechimni tanlab olish yo‘liga amal qilingan. Shu tariqa unda qonunning aynan ifodasigina emas, balki uning mukammal sharhi ham asoslab keltiriladi.
“Hidoya” to‘rt juzdan iborat bo‘lib, birinchi juzga ibodat masalalari kiritilgan, bular: tahorat, namoz, ro‘za, zakot va haj kitoblaridir. Ikkinchi juzga nikoh, emizish, taloq, qullarni ozod qilish, topib olingan bolaning nasabini aniklash, topib olingan narsa, qochib ketgan qullar, bedarak yo‘qolganlar, sherikchilik va vaqf mulki kabi masalalar kiritilgan.
Uchinchi juzda esa oldi-sotdi, pul muammolari, kafolat, pulni birovga o‘tkazish, qozilarning vazifalari, guvoxlik, berilgan guvohlikdan qaytish, vakolat, da’vo, iqror bo‘lish, sulh, bir ishda pul bilan sherik bo‘lish, pulni saklashga berish, qarz berish, sovg‘a, ijara, muayyan shart asosida cheklangan ozodlik berilgan qullar, voliylik, majbur qilish, homiylik, qisman ozod bo‘lgan qullar va bosqinchilik xususidagi masalalar o‘rin olgan.
To‘rtinchi juzda esa shafoat, meros taqsimlash, dehqonchilik hamda bog‘dorchilik xususida shartnoma, qurbonlikka so‘yiladigan jonzod haqida, umuman qurbonlik qilish haqida, shariatga zid yomon narsalar haqida, tashlandiq yerlarni o‘zlashtirish xususida, taqiqlangan ichimliklar haqida, ovchilik, garovga berish, jinoyatlar xususida, xun haqi to‘lash, vasiyat kabi masalalar yoritilgan.

Burhoniddin Marg‘inoniy 1197 yil Samarqandda vafot etadi. Ko‘plab dalil va asoslarga suyanib shuni ayta olamizki, Marg‘inoniyning dafn etilgan joyi mashhur “Chokardiza” qabristonida.


Kiritilgan vaqti: 30/10/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 3199
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/burhoniddin-al-marginoniy
Chop etilgan vaqti: 21/02/2024 04:33
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing