O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Bobolar merosi

 
 

Allohga behisob shukrlar bo‘lsinki, ona Vatanimiz-O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng yurtimiz zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalarning tabarruk nomlarini tiklash, muborak qadamjolarni obod qilish, ular qoldirgan ilmiy-ma’naviy meroslarni chuqur o‘rganish hamda milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash imkoni tug‘ildi. O‘tgan davr maboynida mamlakatimizda bu borada ko‘plab tarixiy ishlar amalga oshirildi.

Azaldan bizning yurtimizdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhonuddin Marg‘inoniy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Muhammad Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino hamda Maxmud Zamaxshariy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan. Nomlari zikr qilingan bu zotlarning qoldirgan ilmiy meroslarini o‘rganishimiz va farzandlarimizga o‘rgatishimiz barchamizning vazifamizga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.Karimov “Biz farzandlarimizni Imom Buxoriy hadislari, Yassaviy hikmatlari, Termiziy o‘gitlari, Naqshband ta’limoti asosida tarbiyalashimiz kerak”, deganidek, farzandlarimizni Allohdan qo‘rqadigan, jamiyatga foyda keltiradigan, xalqqa xizmat qiladigan insofli va diyonatli qilib tarbiyalashimiz, kelajakda ularning yetuk inson bo‘lib ulg‘ayishiga sabab bo‘ladi.

O‘tgan ajdodlarimizni esga olar ekanmiz, shubha yo‘qki, ular orasida Imom Buxoriy bobomiz barcha musulmonlarning faxridir. Xususan, u kishining vatanida yashab turgan biz musulmonlar uchun esa alohida sharafdir. Hatto, bugungi kunda biz Imom Buxoriy avlodlarini boshqa yurtlarda yashaydigan musulmonlar aynan bobomiz Imom Buxoriy orqali taniydilar va u kishining sababidan hurmat qiladilar.

Imom Buxoriy hazratlarining hayoti barchaga ibratdir. U kishining bolalik yillari faqat ilm talabida o‘tdi, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlariga murojaat qilib: “Ilm Xitoyda bo‘lsa ham, uni izlab topib, egallangiz.Zero, ilmni talab qilish har bir musulmonga farzdir”, deganlar.

Imom Buxoriy shu hadisga amalga qilib, ilm talabida hayoti davomida ko‘p marotaba safarlarda bo‘ldi. U kishi qariyb barcha islomiy mamlakatlarga, ba’zi birlariga esa bir necha marotabalab safar qildi. U kishining o‘zi: “Men Shom, Misr va Arabiston yarim orollarini ikki marta ziyorat qildim. Bir necha marta Basrada bo‘ldim, olti yil Hijozda (hozirgi Saudiya Arabistonida) yashadim, Kufa va Bag‘dod shaharlarida necha marta bo‘lganimni eslay olmayman”, deb yozadi.

Shu bilan birga, Imom Buxoriy hazratlari doimo yolg‘onchilikka nisbatan nafrat bilan qaragan. Rivoyatda kelishicha, Imom Buxoriy hazratlari bir kishini hadis bilishligini eshitib, uzoq yo‘l bosib, uni topib borsa, u kishi qochib ketgan hayvonni tutib olish uchun kiyimining etagini ko‘tarib, hayvonga yem borday ko‘rsatib turgan ekan. Imom Buxoriy: “Hayvonni aldashga jur’at etgan odamdan hadis qabul qilib bo‘lmaydi”, deb, ortiga qaytgan ekan. Bundan kelib chiqadigan narsa shuki, Islom dinida nafaqat inson zotini aldash, balki, Alloh taolo yaratgan hayvonlarni aldash ham mumkin emas.

Demak, bugungi kunda odamlar orasida ilmga bo‘lgan chanqoqlik kamaygan va yolg‘onchilik ham kundan kunga avj olgan bir paytda barchamiz, shuningdek, yoshlarimiz ham Imom Buxoriy hazratlaridan ilmga bo‘lgan chanqoqlikni va yolg‘onchilikka bo‘lgan nafratni o‘rganishimiz kerak.

Imom Buxoriy yozib qoldirgan asarlari orasida eng mashhuri shubhasiz, u zotning “al-Jome’ as-sahih” kitobidir. Imom Buxoriy mashhur “al-Jome’ as-sahih” kitobida ham “Kitabul adab” degan qism ochib, uning ichida odob-axloqqa oid hadisi shariflardan 128 bobida 300 dan ortig‘ini keltirgan. Lekin, Imom Buxoriy bu bilan kifoyalanmay, “al-Jome’ as-sahih” kitobidagi hadislarga boshqa hadislarni qo‘shib, “Al–adab al-mufrad” nomli kitob tasnif qilgan. U kishini bu mavzuni o‘ta muhim hisoblaganidan unga alohida kitob yozishni lozim ko‘rgan.

Imom Buxoriy hazratlarining “Al–adab al-mufrad” kitobi ham juda mo‘tabar hisoblanadi. Unda Imom Buxoriy odobga oid 1322 ta hadisi sharif keltirgan va ularni 644 ta bobga taqsimlagan. Bu kitobda ijtimoiy aloqalarga va kishilarning bir-birlari bilan bo‘ladigan muomalalariga oid faqat odoblarga bog‘liq hadisi shariflar keltirilgan.

Bas, shunday ekan, buyuk bobokalonimiz Imom Buxoriy hazratlarining “Al–adab al-mufrad” kitobini o‘qib, o‘rganib hayotimiz davomida amal qilib yashashlik barchamiz uchun zarurdir.

Albatta, Imom Buxoriy hazratlari va u zotning qoldirgan ilmiy meroslari nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun musulmon olamining faxri-iftixoridir.

Parvardigoro, buyuk ajdodlarimizga munosib avlodlar bo‘lishligimizni,ularning izidan borishligimizni va zurriyotlarimizdan kelajakda u zotlar kabi zabardast allomalar ko‘payishini nasib qil. Yurtimizdan yana ham buyuk allomalar chiqishini to qiyomatgacha bardavom et.


Kiritilgan vaqti: 23/03/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 15098
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/bobolar-merosi
Chop etilgan vaqti: 09/11/2024 20:29
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing