BIZ UNUTMAYMIZ
Otam desam otam edi,
Bir avliyo odam edi,
Orzulari olam edi
Alloh olsin rahmatiga.
Dedi: Qurmay yangisini,
Buzmang avval eskisini,
Doim so‘zlang to‘g‘risini,
Alloh olsin rahmatiga.
M.Bozorov
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda diniy va milliy qadriyatlarimiz qayti tiklandi. Duoyi fotihaga emin-erkin qo‘l ko‘tarish imkoniyati, diniy marosimlarni bamaylixotir o‘tkazish sharoitlari yaratildi. Vijdon erkinligi asosiy qonunimizda belgilab qo‘yildi. Mustabid tuzum davrida deyarli to‘kilib, omborxonaga aylantirib yuborilgan masjidlar qayta tiklandi. Ehtiyojga yarasha yangilari qurildi. Islom diniga oid adabiyotlar nashri yo‘lga qo‘yilib, bugungi kunda paydar-pay chop etilib turilibdi. Muborak Haj va Umra ziyoratini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Buning natijasida bugungi kunda 200 ming dan ziyod hoji ota va hoji onalarimiz yurt tinchligini, dasturxonlar to‘kin-sochinligini, farzandlar kamolini tilab, xayrli duolar qilib turmoqdalar. Bularning hammasi O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimovning rahnamoligi, bevosita tashabbusi bilan amalga oshirildi.
Biz butun O‘zbekiston xalqi bugun chuqur qayg‘udamiz. Chunki kuchli, irodali, jasoratli, xalq tashvishini o‘z tashvishi, xalq baxtini o‘z baxti deb biladigan yurtboshimizdan ayrildik. Bu ulug‘ insonning xotirasi qalbimizdan o‘chmaydi. Uning fidoiyligi, jasorati, elparvarligi butun O‘zbekiston xalqi uchun ibrat namunasi bo‘lib qoladi.
Kiritilgan vaqti: 26/09/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 2199
Chop etilgan vaqti: 04/12/2024 13:23