O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

“Bismillahir rohmanir rohim”ning fazilati (2-maqola)

 
 

Xabarda keltirilishicha Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deb marhamat qilganlar: ''Isro kechasi samoga ko‘tarildim, menga barcha jannatlar ko‘rsatildi. Men jannatda to‘rtta anhor ko‘rdim. Bir anhor suvdan iborat edi. Ikkinchisi sutdan iborat edi. Uchinchisi xamr-sharobdan iborat edi. To‘rtinchisi asaldan iborat edi.

Alloh taolo o‘zining kalomi sharifi bo‘lmish Qur'oni karimda bu haqida bunday deb marhamat qiladi: ''Taqvodorlarga va'da qilingan jannatning misoli: ichida aynimagan suvli anhorlari, ta'mi o‘zgarmagan sutli anhorlari, ichuvchilarga lazzatbaxsh xamr-sharobli anhorlari, musaffo asalli anhorlari bor. Ular uchun u yerda barcha mevalar va o‘z robbilaridan mag‘firat bor. (Muhammad, 15).

     Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam hazrati Jabroil alayhissalomdan ''bu anhorlar qayerdan oqib keladi va qayerga oqadi'', deb so‘radilar. Jabroil alayhissalom ''bu anhorlar Havzi Kavsarga oqadi. Lekin qayerdan oqib kelishini bilmayman. Alloh taologa duo qilib Sizga bildirishini va ko‘rsatishini so‘rayman'', dedilar. Bas, Robbi taologa duo qildilar. Bir farishta keldi va Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salom berdi-da: ''Ey, Muhammad sollallohu alayhi vasallam ko‘zingizni yuming'', dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: ''ko‘zimni yumdim'', dedilar. Bir ozdan keyin: ''ko‘zingizni oching'', dedi. ''Ko‘zimni ochdim. Men bir daraxtning oldida turardim. Bir qubba ko‘rdim. Qubba oq durdan yaratilgan edi. Uning bir eshigi bo‘lib, zangori yoqutdan yaratilgan edi. Eshikka  qizil oltindan qulf osig‘liq edi. Agar dunyodagi avvali va oxirgi barcha inson va jinlar shu qubbaning ustiga chiqarilsa, xuddiki bir tog‘ning tepasiga qo‘ngan qushdek ko‘rinar edi. Yoki bir dona bodomni dengizga tashlagandek bo‘lar edi. Ko‘rdim-ki mazkur to‘rtala anhor shu qubbaning ostidan oqib chiqar edi. Vaqtiki, orqaga qaytmoqchi bo‘lgan edim haligi farishta menga ''qubbaning ichiga kirmaysizmi?'',  dedi. Men ''u yerga qanday kiraman eshigi qulf bo‘lsa, uni qanday ochaman'', dedim. Farishta menga ''eshikni oching'', dedi. Men: ''Qanday ochaman, axir menda kaliti yo‘q-ku'', dedim. Farishta: ''Kaliti sizning qo‘lingizda'', dedi. ''Qani kaliti'', deb so‘radim. Farishta: ''Uning kaliti ''bismillahir rohmanir rohim'', dedi. Vaqtiki men qulfga yaqinlashib, ''bismillahir rohmanir rohim'', dedim. Shu payt qulf ochildi va men qubbaning ichiga kirdim. Ko‘rdim-ki oqayotgan to‘rtta anhor qubbaning to‘rtta ruknidan oqib chiqayotgan edi. Qubbadan chiqmoqchi bo‘ldim. Farishta menga: ''Ko‘rdingizmi?'', dedi. Men: ''Ha, ko‘rdim'', dedim. ''Yana bir qarang'', dedi. Yana qaradim. Qubbaning to‘rtta rukni ustida ''Bismillahir rohmanir rohim'' yozilgan edi. Ko‘rdim-ki suvdan iborat bo‘lgan anhor ''bismillah''ning ''mimi''dan oqib chiqayotgan edi.  Sutdan iborat bo‘lgan anhor ''Alloh''ning ''he'' harfidan oqib chiqayotgan edi. Xamrdan iborat bo‘lgan anhor ''ar-Rohman''ning ''mimi''dan oqib chiqar edi. Asaldan iborat bo‘lgan anhor esa ''ar-Rohim''ning ''mimi''dan oqib chiqar edi. Men bildimki, bu to‘rttala anhorning asli ''bismillahir rohmanir rohim''dan ekan. Bas, Alloh azza va jalla dedi: ''Ey, Muhammad ummatingizdan kimki Meni shu ismim bilan zikr qilsa, xolis qalb bilan ''bismillahir rohmanir rohim'' desa, Men u bandamni mana shu to‘rttala anhorimdan sug‘oraman''. (Daqoiqul axbor va Ruhul bayon).

Rivoyat qilinishicha jannat ahli shanba kuni suvdan iborat bo‘lgan anhordan ichadilar. Yakshanba kuni asaldan iborat bo‘lgan anhordan ichadilar. Dushanba kuni sutdan iborat bo‘lgan anhordan ichadilar. Seshanba kuni xamrdan iborat bo‘lgan anhordan ichadilar. Bas, bu to‘rtala anhordan ichganlaridan keyin mast bo‘ladilar va ming yil uchadilar. Hattoki, miskdan yaratilgan o‘tkir xushbo‘y hidli katta bir toqqa kelib qo‘nadilar. Tog‘ning ostidan oqayotgan Salsabil bulog‘idan chorshanba kuni ichadilar. Keyin yana ming yil uchadilar. Keyin juda ham katta, bahaybat bir qasrga kelib qo‘nadilar. U yerda ko‘tarilgan so‘rilar bor. Ularning har biri bittadan so‘riga o‘tiradilar. U yerda ularga Zanjabil sharobidan beriladi. Ular Zanjabil sharobini payshanba kuni ichadilar. Keyin jannat ahli ustiga oq bulutlardan yomg‘ir yog‘adi. Bu bulutlar ''bismillahir rohmanir rohim''ning ''bo'' harfining bulog‘idan hosil bo‘lgandir. Ming yil salqin yomg‘ir yog‘adi. Yana ming yil javohir yog‘adi. Har bir javohir bilan hurlar tushadi. Undan keyin yana ming yil uchadilar. Hattoki, ''Maq'adi sidq'' ya'ni ''Sidqlar o‘rniga'' kelib tushadilar. Bu kun juma kuni bo‘ladi. U yerda ular mangu yozig‘liq dasturxon atrofida o‘tiradilar. Keyin ularga ''muhrlangan, nihoyatda pok sharobdan'' beriladi. ''U (sharob)ning xotimasi miskdandir''. Bas, jannat ahli  ushbu sharobdan ichurlar. Alloh taolo ''Mutoffifun'' surasida bunday deb marhamat qiladi: ''Ular muhrlangan, nihoyatda pok sharobdan ichurlar. U (sharob)ning xotimasi miskdandir. Va shu narsa uchun musobaqa qiluvchilar musobaqa qilsinlar''.(25-26 oyatlar).

  Bu mukofot va karomatlarning barchasi ''bismillahir rohmanir rohim''ni ixlos bilan aytguvchi va solih amallar qilib, gunoh ishlardan chetlangan bandalar uchundir. (Hayotul qulub).

    Rivoyat qilinadi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan. Ul Zot o‘zlarining muborak hadislarida bunday deb marhamat qilganlar: ''Albatta, jannatda bir tog‘ bor. U tog‘ning nomi ''Rahmat tog‘i'' deb  ataladi. U tog‘ning ustida bir qasr bor. U qasrning nomi ''Islom qasri'' deb nomlanadi.  Qasrda bir uy bor. Uyning nomi ''Ulug‘lik uyi'' deb nomlangan. Qasrning o‘n ikki ming eshiklari bor. Bir eshikning ostonasidan ikkinchi eshikning ostonasigacha besh yuz yillik yo‘ldir. Bu eshiklar ochilmaydi illo bismillahir rohmanir rohim deguvchilar uchun ochiladi''.

Muallif: Mansurjon Abduxoliqov – Payariq tumani bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 09/08/2019 16:33;   Ko‘rilganligi: 1826
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/bismillahir-rohmanir-rohimning-fazilati-2-maqola
Chop etilgan vaqti: 22/04/2024 01:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing