O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Bir qissa tarixi haqida haqiqat

 
 

Alloh taologa hamd sano, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga durud va salomlarimiz, qiyomatga qadar keladigan barcha mo‘min va mo‘minalarga Alloh taoloning mag‘firati bo‘lsin!

Sa’laba ibn Hotib ibn Amr ibn Ubayd roziyallohu anhu Avsning Umayya ibn Zayd qabilasidan. Ansoriy sahoba. Badr qatnashchisi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni Mo‘tab ibn Hamro al Xuzoiy bilan birodar qilib qo‘yganlar. Sa’laba ibn Hotib roziyallohu anhuning ansorlarning Voqif qabilasidan bo‘lgan ayolidan Ubaydulloh, Abdulloh va Umayr nomlik o‘g‘illari, hamda G‘atafon qabilasidan bo‘lgan ayoli Luboba binti Aqaba ibn Bashirdan Rifo’a, Abdurrohman, Iyoz va Umayra nomlik farzandlari bo‘lgan. Sa’laba ibn Hotib roziyallohu anhu uchinchi hijriyda vafot etgan. Ibn Kalbiy: “Uhud g‘azotida vafot etgan”, degan so‘zni aytgan.[1]

Alloh taolo Tavba surasi 75-77 oyatida, va’da berib, so‘ng uni bajarmaydigan munofiqlarni vasf qilib shunday degan:

وَمِنْهُم مَّنْ عَاهَدَ اللَّهَ لَئِنْ آتَانَا مِن فَضْلِهِ لَنَصَّدَّقَنَّ وَلَنَكُونَنَّ مِنَ الصَّالِحِينَ [٧٥]فَلَمَّا آتَاهُم مِّن فَضْلِهِ بَخِلُوا بِهِ وَتَوَلَّوا وَّهُم مُّعْرِضُونَ [٧٦]فَأَعْقَبَهُمْ نِفَاقًا فِي قُلُوبِهِمْ إِلَىٰ يَوْمِ يَلْقَوْنَهُ بِمَا أَخْلَفُوا اللَّهَ مَا وَعَدُوهُ وَبِمَا كَانُوا يَكْذِبُونَ [٧٧]

“Ulardan: “Agar U zot O‘z fazlidan bersa, albatta, sadaqa qilamiz va, albatta, ahli solihlardan bo‘lamiz”, deb Allohga ahd beruvchilar bor. U zot O‘z fazlidan bergan chog‘da esa, baxillik qilib, yuz o‘girib, orqaga qarab ketarlar. Bas, Allohga bergan va’dalariga xilof qilganlari va yolg‘on gapirganlari uchun Unga ro‘baro‘ bo‘ladigan kungacha qalblarida nifoqni oqibat qilib qo‘ydi”.[2]

Imom Bayzoviy “Tafsir Bayzoviy”da[3], Abu Sa’ud “Irshodul aqlis salim ila mazayal Qur’an al karim”da[4], Sa’olibiy “Al javohirul hasan fiy tafsir al Qur’an”da[5], Imom Suyutiy “Addurrul mansur”da[6], Imom Zamaxshariy “Kashshof”da[7], Imom Ibn Kasir “Tafsir al Qur’an al aziym”da[8], Imom Mahalliy va Imom Suyutiyning “Tafsir Jalolayn”da[9] va ulardan boshqalarning ham tafsir kitoblarida Abu Umoma roziyallohu anhudan yuqoridagi oyatning nozil bo‘lish sababi qilib Sa’laba ibn Hotib roziyallohu anhuni keltiradilar. Vaholanki, bu sahobiy Badr qatnashchisi bo‘lgan ansorlardandir. Zero, ulardan boshqa hadislari tahqiq qilingan tafsir kitoblarida bu ma’lumot o‘ta zaif va noto‘g‘ri ekani aytiladi.

Mahmud ibn Abulhasan Niysoburiy al G‘aznaviy “Iyjozul bayon a’n ma’onil Qur’an” kitobida quyidagi jumlalarni keltiradi:“Darhaqiqat Sa’laba ibn Hotib, Alloh taoloning: “Ulardan: “Agar U zot O‘z fazlidan bersa, albatta, sadaqa qilamiz va, albatta, ahli solihlardan bo‘lamiz”, deb Allohga ahd beruvchilar bor...”[10], oyati nozil bo‘lishi sababchisi deyilgan. Bu, Sa’laba ibn Hotib ansoriydan boshqadir”.[11]

Ibn Hajar Asqaloniy “Al Isoba fiy tamyiyz as sahaba” kitobida Sa’laba ibn Hotib roziyallohu anhuning tarjimai hollarida bu qissani keltirmagan. Aksincha bu sahobiyni Badr qatnashchisi deya himoya qilgan. Mazkur qissani esa ziror masjidini qurishda qatnashgan munofiq Sa’laba ibn Hotib yoki Abu Hotibga nisbat bergan. U, Sa’laba ibn Hotib roziyallohu anhu haqidagi so‘zlarni keltirgach quyidagilarni zikr etgan: “U zot sollallohu alayhi vasallam:

لايدخل النارأحد شهد بدرا والحديبية

“Badr va Hudaybiyyada qatnashgan biror kimsa do‘zaxga kirmaydi”, deganlar va yana Badr qatnashchilari uchun Robbisidan hikoya qilib shunday deganlar:

اعملوا ماشئتم فقد غفرت لكم

“Xohlaganingizni qilavering, Men sizlarni mag‘firat qildim”, degan.

Bu martabaga yana kim ham ega bo‘lardi. Alloh uning qalbiga munofiqlikni o‘rnatib va u haqida nozil qiladiganini nozil qilib qanday iqob qilishi mumkin. Zohir so‘z, u boshqadir. Alloh biluvchiroqdir”.[12]

Bu so‘zlardan mo‘tabar manbalarimizda ismlar bir biriga o‘xshagani uchun ulug‘ sahobiyga nisbatan noto‘g‘ri nisbat berilgani ma’lum bo‘ladi. Bu noto‘g‘ri rivoyat keyinchalik odamlar orasida keng tarqalib ketgan.

Qissa quyidagicha:“Sa’laba ibn Xotib ansoriy, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi va: “Ey, Allohning rasuli! Allohdan menga mol-dunyo berishini so‘rab duo qiling” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Holingga voy bo‘lsin! Ey Sa’laba! Shukrini ado qilgan oz narsang, sen toqat qila olmaydigan ko‘p narsadan ko‘ra yaxshiroqdir” – dedilar.

Sa’laba yana murojaat qilib: “Ey, Allohning rasuli! Allohdan menga mol-dunyo berishini so‘rab duo qiling” dedi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Ey, Sa’laba! Mendan ibrat olsang bo‘lmaydimi? Allohga qasamki, agar men Allohdan tog‘ni tillo va kumushga aylantirib berishini so‘rasam, albatta ularni tillo va kumushga aylantirib beradi. Lekin men so‘ramadimku, shundan ibrat olsangchi?” – dedilar.

Sa’laba yana kelib: “Ey, Allohning rasuli! Allohdan menga mol-dunyo berishini so‘rab duo qiling. Agar Alloh menga mol-dunyo bersa, har bir haqdorni haqqini ado etardim” – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohim Sa’labani mol-mulk bilan rizqlantirgin” – deb duo qildilar.

U qo‘y oldi. Qo‘y xuddi qurt singari o‘sib ko‘paya boshladi. U peshin va asr namozini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga va qolgan namozlarini qo‘ylari yonida o‘qirdi. Qo‘ylar shu darajada ko‘payib, endi unga Madina o‘tloqlari torlik qilib qoldi. U qo‘ylarini olib Madinaning atrofiga olib chiqib ketdi. Endi u besh vaqt namoz u yoqda qolib, juma namozini ham Rasululloh sollallohu alayhi bilan birga ado qilolmadi. Jumani ham, jamoatni ham tark qildi.

Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sa’labaga nima bo‘ldi?”, deb so‘rab qoldilar. Qo‘ylari ko‘payib, vodiyga sig‘masdan, ular bilan birga Madinaning tashqarisiga chiqib ketgani aytildi. Rasululloh sollallohu alayhi: “Ey, Sa’labaning holiga voy! Ey, Sa’labaning holiga voy! Ey, Sa’labaning holiga voy!” – dedilar. Alloh taolo Tavba surasidagi quyidagi:

خُذْ مِنْ أَمْوَالِهِمْ صَدَقَةً تُطَهِّرُهُمْ وَتُزَكِّيهِم بِهَا وَصَلِّ عَلَيْهِمْ ۖ

إِنَّ صَلَاتَكَ سَكَنٌ لَّهُمْ ۗ وَاللَّهُ سَمِيعٌ عَلِيمٌ [١٠٣]

“Ularning mollaridan sadaqa ol. Bu bilan ularni poklaysan, tozalaysan va ularning haqqiga duo qil. Albatta, sening duoing ular uchun sokinlikdir. Alloh eshitguvi va bilguvchi zotdir”[13]oyatini nozil qilgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ansor va Bani Sulaym qabilasidan ikki kishini sadaqa ishi bilan shug‘ullanishga tayinladilar. Ularga sadaqa haqidagi ko‘rsatmalarini yozma tarzda berib, odamlardan sadaqa yig‘moqliklariga amr qildilar.

Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning maktublarini olib Sa’laba huzurlariga borishdi va unga maktubni o‘qib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zakot haqidagi buyruqlarini yetkazdishdi.

Shunda Sa’laba: “Bu jizyadir yoki uning o‘xshashi. Undan boshqa narsa emas. Sizlar boraveringlar men o‘ylab ko‘ray, keyin kelasizlar” – dedi.

Ular uning huzuridan chiqib Sulmaning huzurlariga borishdi. Sulma esa zakotga o‘zining mol-qo‘ylari ichidan eng yaxshilarini chiqarib berdi. Ular yana Sa’laba huzuriga qaytganlarida, u oldingi so‘zlarini takrorlab u ikkovini qaytarib yubordi.

Ular yo‘lda kelar ekanlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ro‘baru bo‘lishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ulardan so‘rashlaridan oldin: “Ey, Sa’labaning holiga voy!”, dedilar va Sulmaning haqqiga hayrli duo qildilar. Shunda Alloh taolo quyidagi oyatlarni nozil qildi:

وَمِنْهُم مَّنْ عَاهَدَ اللَّهَ لَئِنْ آتَانَا مِن فَضْلِهِ لَنَصَّدَّقَنَّ وَلَنَكُونَنَّ مِنَ الصَّالِحِينَ [٧٥]فَلَمَّا آتَاهُم مِّن فَضْلِهِ بَخِلُوا بِهِ وَتَوَلَّوا وَّهُم مُّعْرِضُونَ [٧٦]فَأَعْقَبَهُمْ نِفَاقًا فِي قُلُوبِهِمْ إِلَىٰ يَوْمِ يَلْقَوْنَهُ بِمَا أَخْلَفُوا اللَّهَ مَا وَعَدُوهُ وَبِمَا كَانُوا يَكْذِبُونَ [٧٧]

“Ulardan: “Agar U zot O‘z fazlidan bersa, albatta, sadaqa qilamiz va, albatta, ahli solihlardan bo‘lamiz”, deb Allohga ahd beruvchilar bor. U zot O‘z fazlidan bergan chog‘da esa, baxillik qilib, yuz o‘girib, orqaga qarab ketarlar. Bas, Allohga bergan va’dalariga xilof qilganlari va yolg‘on gapirganlari uchun Unga ro‘baro‘ bo‘ladigan kungacha qalblarida nifoqni oqibat qilib qo‘ydi”.[14]


Kiritilgan vaqti: 03/06/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3128
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/bir-qissa-tarixi-haqida-haqiqat
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 17:50
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing