O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Azonning ilohiy kuchi

 
 

Shu yil, 5 avgust kuni hayotimdagi quvonchli kunlardan biri bo‘ldi. Bobo bo‘ldim. Allohga shukr, Yaratgan Egam meni o‘g‘il nabira bilan siyladi. Chaqaloq tug‘ilganidan 4-5 kun o‘tib, nabiramning qulog‘iga azon aytish uchun qizim yashayotgan xonadonga bordik. Qizim birinchi farzandini dunyoga keltirgani uchun biz kattalar qizim va kuyovimga farzand tarbiyasi haqida kerakli maslahatlarni berdik. Chunki, dunyoga kelgan bola hayotining  dastlabki yili parvarish borasida o‘ta mas'uliyatli davr hisoblanadi. Chunki ana shu davrda bolaning jismoniy va aqliy rivojlanishiga asos solinadi. Bu esa onalardan farzand tarbiyasida nihoyatda e'tiborli bo‘lishni talab etadi.

Chaqaloq turgan xonada televizor, radio, uyali aloqa vositalari, o‘tkir nur tarqatuvchi lampalar bo‘lmasligi, chaqaloqqa faqat tinchlik va ona allasi zarurligi haqida maslahat berdik. Aynan cho‘ntak telefonining zarari va undan tarqaladigan nurlar o‘ta xavfli ekani, zarur bo‘lgan taqdirda ham tashqariga chiqib gaplashish haqida qayta-qayta tayinladik. Shundan so‘ng nabiramning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga takbir aytishni boshladim. Baland bo‘lmagan ovozda “Allohu akbar, Allohu akbar”, deya azon aytar ekanman, dunyo yuzini ko‘rganiga hal ko‘p bo‘lmagan murg‘akgina go‘dak menga tikilib qarab turar, Azon ovozini jon qulog‘i bilan tinglardi. Bu bejiz emas, chunki Alloh taolo inson hali tug‘ilmasidan oldin, ona qornidayoq unda eshitish, ko‘rish va qalb paydo qiladi. Buning dalili sifatida ushbu oyati karimani yodga olamiz:

ثُمَّ سَوَّاهُ وَنَفَخَ فِيهِ مِن رُّوحِهِ وَجَعَلَ لَكُمُ السَّمْعَ وَالْأَبْصَارَ وَالْأَفْئِدَةَ قَلِيلاً مَّا تَشْكُرُونَ

So‘ngra uni rostladi va uning ichiga O‘z ruhidan pufladi. U sizlarga quloq, ko‘zlar va dillar paydo qildi. Kamdan-kam shukr qilursizlar” (Sajda, 9).

Mufassirlar, oyati karimadagi “quloq” kalimasi - ona qornidagi bolada Alloh taolo to‘liq eshitish xususiyatini yaratganiga dalolat, deydilar. Ya'ni, go‘dak hali ona qornidayoq eshita boshlaydi. Demak, dunyoga kelganda ham ovozlarni to‘liq eshitadi, deb xulosa qilinadi. Chaqaloq qulog‘iga azon bilan takbir aytishdan maqsad, bola dunyoda birinchi eshitadigan ovoz va so‘z Allohning muborak ismi bo‘lishidir. Shuningdek, ushbu azon va iqomat sababidan bola turli balo va dardlardan salomat qoladi, unga shayton tahdid qilmaydi. Chunki shayton azon ovozidan tumtaraqay qochadi.

Hasan ibn Alidan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim farzandli bo‘lsa, uning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga takbir aytsa, unga ummus sibyon zarar bermaydi”, dedilar. Hadisdagi "ummus sibyon" shayton bo‘lib, u bolalarga zarar yo kasallik keltirishini muhaddislar aytishgan.

 Azon va takbirni aytib bo‘lgach, chaqaloq qarshisida o‘tirib qo‘llarimizni duoga ochdik va “Sen obod Vatanda, islom fitratida, tarbiyali oilada dunyoga kelding. Iloho, umring uzun, rizqing butun bo‘lsin. Ota-onanga, jonajon Vatanimizga, muborak dinimizga xizmat qiladigan, vatanparvar yigit bo‘lib yetishgin” deya  duo qilar ekanman, quyidagi misralarimni duoga xotima qildim.

Seni kutmoqda buyuk kelajak,

Beshikda uxlab ulg‘ay bolajon.

Obod Vataninga xizmat qilguvchi,

Sen bo‘lgin mard va jasur o‘g‘lon.

G‘ulom DUVLAYEV - Kattaqo‘rg‘on tuman “Qirovul” jome masjidi mutavallisi                    


Kiritilgan vaqti: 05/12/2019 13:45;   Ko‘rilganligi: 3811
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/azonning-ilohiy-kuchi
Chop etilgan vaqti: 06/10/2024 19:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing