O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Ақийда

IJTIMOIY TARMOQLARDA BUZUQ AQIDANI TARQATUVCHI, AHLI SUNNA NOMIDAN YOLG‘ON GAPIRIB TUHMAT QILUVCHI SOXTA SHAYX VA BUZUQ DA'VATCHILARGA RADDIYA

 
 

Agar tarixga nazar tashlasak, saodat asrida va unga yaqin davrlarda Alloh taoloni barcha aybu-nuqsonlardan poklab yod etilganiga, U zotning sifatlari iste'mol qilinganidan ortiq bahs qilinmaganiga guvoh bo‘lamiz. Ammo, keyinchalik paydo bo‘lgan karromiya va mushabbiha kabi firqalar Alloh taoloning sifatlari haqida turli buzuq da'volarni ko‘tarib chiqishgan. Ularning buzuq da'volaridan biri Alloh taologa makon nisbatini berish bo‘lgan.

Shundan keyingina Alloh taoloning makonlardan pok ekani haqida chuqur bahs qilishga ehtiyoj tug‘ilgan. Mazkur firqalarning da'volariga ahli sunna val jamoa ulamolari Qur'on va sunnat asosida keskin raddiyalar berganlar. Ushbu masala bo‘yicha Ahli sunna va adashgan firqalar orasidagi  farqlar quyidagicha bo‘lgan:

Karromiya va Mushabbiha firqalari: Alloh taolo maxsus makonda ya'ni Arshda, deyishgan.

Najjoriya firqasi: Alloh taolo barcha makonda, deyishgan.

Mu'taziliylar: Alloh taolo barcha makonda, lekin zoti emas, balki ilmi barcha makonda, deyishgan.

Ahli sunna val jamoa: Alloh taolo biror makonda o‘rin olishdan pok, deyishgan.

Ahli sunna jumhurining dalillari:

Alloh taolo “Shuro” surasida shunday xabar bergan “U zotga o‘xshash hech narsa yo‘qdir”11-oyat.

Ushbu oyat Alloh taoloning a'zo va qismlardan tarkib topgan jism emasligiga, hamda biror makon yo tarafdan joy olishdan pok ekaniga yorqin dalildir. Zero, Alloh taolo biror tarafda bo‘lsa, boshqa jismlarga o‘xshash bo‘lib qoladi. Bu esa U zotning bergan xabariga ziddir.

Alloh taolo Baqara surasida shunday xabar bergan “Alloh, Undan o‘zga iloh yo‘q. U tirikdir va qayyumdir” 255-oyat.

Alloh taolo O‘zining qayyumligini, ya'ni  barcha maxluqotlarni tutib turuvchi ekanini aytgan. Bu esa U zotning borligi o‘z-o‘zidan ekaniga, boshqa barcha narsalarning bor bo‘lishi U zotga bog‘liq ekaniga dalolat qiladi. Shunga ko‘ra agar Alloh taoloni biror tarafda deyilsa, Uning borligini o‘sha tarafga bog‘liq qilish bo‘lib qoladi. Bu esa U zotning qayyuum sifatiga zid narsani isbot qilishdir. Shuning uchun Alloh taolo biror tomonda bo‘lishdan pok, tomonlarni ham, makonlarni ham tutib turuvchidir, deb e'tiqod qilish lozim.

Alloh taolo “Hashr”surasida shunday xabar bergan: “U – Alloh – Xoliq, Bori', Musovvirdur” 1-oyat.

Alloh taolo O‘zining Musovvir ekanini ya'ni barcha narsalarga suvrat beruvchi ekanini bayon qilgan. Agar Alloh taolo biror tarafda bo‘lsa, O‘zi ham tasvirlangan bo‘lib qoladi. Bunda O‘zini O‘zi tasvirlagan yo boshqa Uni tasvirlagani yuzaga keladi. Har ikkalasi ham Alloh taoloning sha'niga loyiq emas.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha duo o‘qishni ta'lim berganlar. “Sen Zohirsan, Sendan yuqorida hech narsa yo‘q, Sen Botinsan, Sendan pastda hech narsa yo‘q”. Muslim rivoyati. Hofiz Ahmad ibn Husayn Bayhaqiy (458-hijriy sanada vafot etgan) rohmatullohi alayh ushbu hadis haqida shunday deganlar: “Ba'zi as'hoblarimiz Alloh taolodan makonni nafiy qilishga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning “Sen Zohirsan, Sendan yuqorida hech narsa yo‘q, Sen Botinsan, Sendan pastda hech narsa yo‘q” so‘zlarini dalil qilishgan. Chunki, yuqorisida biror narsa bo‘lmasa, pastida biror narsa bo‘lmasa, biror makonda bo‘lmagan bo‘ladi.

Endi Rasulloh sollallohu alayhi vasallam davrlaridan  hozirgi asrimizgacha yashab o‘tgan mo‘tabar ulamolarimizning ushbu masala haqidagi so‘zlariga e'tibor beraylik:

Alloh taolo biror tarafda bo‘lishdan pok ekani to‘g‘risidagi ahli sunna ulamolarining so‘zlari:

  1. Xulafoi roshidinlarning biri, ulug‘ sahoba Ali ibn Abi Tolib roziyallohu anhu shunday deganlar: “Alloh taolo bo‘lgan, biror makon bo‘lmagan, U hozir oldin qanday bo‘lsa o‘shandaydir”. Abu Mansur Bag‘dodiy “Al-farqu baynal firaq” kitobida keltirgan.
  2. Ulug‘ tobeinlardan biri Zaynulobidiyn Ali ibn Husayn rohmatullohi alayh (94-hijriy sanada vafot etgan) shunday deganlar: “Sen –  biror makon o‘z ichiga ololmaydigan Allohsan”. “Sohiyfatus sajjadiya) kitobida keltirgan.
  3. Imom Ja'far Sodiq rohmatullohi alayh (148-hijriy sanada vafot etgan) shunday deganlar: “Kimki Alloh taoloni biror narsa ichida, yo biror narsadan tarkib topgan, yo biror narsa ustida deb hisoblagan bo‘lsa, shirk keltiribdi. Chunki U zot agar biror narsaning ichida bo‘lsa chegaralangan bo‘lib qoladi, agar ustida bo‘lsa, ko‘tarib turilgan bo‘lib qoladi, agar biror narsadan tarkib topgan bo‘lsa yangidan paydo bo‘lgan bo‘lib qoladi”. Qushayriy “Risalatul Qushayriya”da keltirgan.
  4. Imom Tahoviy rohmatullohi alayh (321-hijriy sanada vafot etganlar) “Aqida” nomli risolalarida shunday yozganlar: “U zotni olti taraf boshqa maxluqotlarni (o‘z ichiga olgani)singari o‘z ichiga ololmaydi”.
  5. Ahli sunna val jamoa imomi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy rohmatullohi alayh (333-hijriy sanada vafot etganlar) “Tavhid” nomli kitoblarida “Alloh taoloni makon bilan vasf qilish joiz emasligi” nomli bobda shunday yozganlar: “Zero, U zot bo‘lgani, va biror makonning bo‘lmagani sobitdir… Albatta (U zotga nisbatan) makonni aytish ulug‘lash va maqtash navidan emas”.
  6. Hujjatul islom imom G‘azzoliy rohmatullohi alayh (505-hijriy sanada vafot etganlar) “Qova'iul aqoid” nomli asarlarida shunday yozganlar: “Miqdorlar Uni chegaralay olmaydi, chegaralar Uni o‘z ichiga ololmaydi, taraflar Uni ihota qila olmaydi, yerlar ham, osmonlar ham Uni qamrab ololmaydi”.
  7. Shayx Shihobiddin Ahmad ibn Muhammad Qostaloniy rohmatullohi alayh (923-hijriy sanada vafot etganlar.) “Irshadus soriy sharhu sahihil Buxoriy” nomli kitoblarida shunday yozganlar: “Alloh taoloning zoti barcha makondan va barcha tarafdan pokdir”.
  8. Muhammad ibn Ahmad Shinqitiy rohmatullohi alayh (1404-hijriy sanada vafot etganlar.) “Al-ayatul muhkamat” nomli kitoblarida quyidagilarni yozganlar: “Sunnat ulamolari Alloh taoloning barcha narsadan behojat ekaniga, barcha narsaning Unga muhtoj ekaniga, O‘z-O‘zidan qoim ekaniga, biror o‘ringa ham, biror xoslovchiga ham muhtoj emasligiga ittifoq qilganlar. Bas U zot zamonlaru makonlarni yaratgandir, O‘zi oldin qanday bo‘lsa o‘shandaydir”.

Demak, ushbu ma'lumotlardan keyin xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, biz ahli sunna val jamoa Alloh taolo haqida shunday e'tiqod qilamiz:

Alloh taolo azaliydir. U biror narsaga o‘xshamaydi, Unga ham biror narsa o‘xshamaydi. U biror tarafda ham, biror makonda ham emas. Unga vaqt ham, zamon ham joriy bo‘lmaydi. Agar ko‘nglimizga “Alloh qayerda” degan savol keladigan bo‘lsa, iymon va ixlos bilan: “Biror makon bo‘lmagan paytda ham U zot bo‘lgan. Keyin makonlarni paydo qilgan, zamonlarni joriy qilgan. Zamonlaru makonlar yo‘q paytda U Zot qanday bo‘lsa hozir ham o‘shandaydir” deymiz.

Robbimizga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallamga salavot va salomlar bo‘lsin!



Samarqand shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari, "Damariq" jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 27/02/2021 19:24;   Ko‘rilganligi: 176
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/aqidah/ijtimoiy-tarmoqlarda-buzuq-aqidani-tarqatuvchi-ahli-sunna-nomidan-yolgon-gapirib-tuhmat-qiluvchi-soxta-shayx-va-buzuq-davatchilarga-raddiya
Chop etilgan vaqti: 19/09/2021 01:08
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing