Allohning roziligi ota-onaning roziligiga ham bog‘liqmi?
Hattoki ota-ona farzandga zulm qilib tursa ham, farzand ularning g‘azabiga sabab bo‘ladigan gap-so‘z, harakat va ishlarni qilmasligi matlub.
Ota-ona zulm qilib turibdi, lekin agar farzand o‘sha zulm qilgan ota-onaning g‘azabini chiqargan bo‘lsa, Alloh taolo undan g‘azablanar ekan. Menga zulm qilyapti, deb ota-onasini norozi qilsa, Alloh taolo ham o‘sha bandadan norozi bo‘lar ekan.
Ammo ota-onaning roziligi va noroziligi Alloh taoloning hukmidan tashqariga chiqmasligi shart. Ya'ni, Allohning amriga muvofiq ishlarda ota-onaga itoat qilinadi. Ammo ota-onaning gapi Allohning amriga xilof bo‘lsa, ularga itoat qilish vojib bo‘lmaydi.
Mashhur hanafiy olimlardan Mullo Ali Qori ota-onaga zulm qilsalar ham yaxshilik qilish haqidagi gap borasida «Bu ayni kamoldir. Ammo joizlikning asli e'tiboridan xotini bilan ajrash haqida amr bo‘lsa uni taloq qilish lozim bo‘lmaydi. Agar ota-ona qattiq ozor topsalar ham», degan.
Imom Tohaviy: «Farzand muboh narsalarda buysunadi. Nahiy qilingan narsalarda emas», degan.
Tohir Fataniy: «Agar ikkovlari dunyoviy ishlarda unga zulm qilsalar, oxirat ishlarida emas», degan.
Xulosa shu, farzand quyidagini esidan chiqarmasligi kerak:
- Ota-onaga yaxshilik qilish zarur ekanligi.
- Ota-onaga yaxshilik qilgan kishi oxiratda mukofot olishi.
- Ota-onaga yaxshilik qilgan kishiga jannat eshiklaridan ikki eshik ochilishi.
- Ota-onadan biriga yaxshilik qilgan kishiga jannatdan bir eshik ochilishi.
- Ota-onaning g‘azabini chiqargan odamdan Alloh taoloning g‘azabi chiqishi.
- Ota-ona roziligini topgan odam Alloh taoloning roziligini topishi.
- Ota-ona zulm qilgan bo‘lsa ham, farzand ularga bari bir yaxshilik qilaverishi lozimligi.
Boboxon BOBOXONOV, Samarqand shahar “Xo‘ja nisbatdor” jome' masjidi imom-xatibi.
Kiritilgan vaqti: 26/12/2019 11:19; Ko‘rilganligi: 2889
Chop etilgan vaqti: 11/09/2024 21:41