Allohim bandam degin
Azal azaldan xalqimiz orasida bir so‘z bor. Bu so‘z asrlar osha ota-bobolarimizdan xalqimizga meros bo‘lib kelmoqda. Bu so‘z shunday so‘zki, insonni nafaqat xalq orasida, balki yaratgan Robbimiz huzurida ham yuksak maqom, martabaga ega bo‘lishidan dalolatdir. Bu “Allohim bandam desin” yoki “Yaratgan Roobim bandam degin” degan so‘zdir. Haqiqatdan ham bu so‘zni juda ko‘p eshitgnamiz. Keksa otaxonu-onaxonlarimiz bilan birga o‘tirsak, ular so‘zlarida yoki duolarida albatta “Xudoyim o‘zing bandam degin” degan gapni albatta qo‘shadilar. Yurtimizning qaysi bir go‘shasida bo‘lmasin biror bir ta'ziya bo‘lgan xonadonga kirib ta'ziya bildirsangiz ular xonadon egalari albatta “O‘zi bandam desin” deb javob beradilar.
Bu so‘zni asl mohiyatini o‘rganar ekansiz, uning qanday bir ajoyib martaba ekaniga xuvoh bo‘lasiz. Chunki Alloh taolo har kimni ham banda maqomiga loyiq ko‘rmas ekan. Agarda shu maqomga biror insonni loyiq ko‘rsa, demak u Alloh nazdida ulug‘dir, u inson buyuk Robbisining in'omiga sazovor zotdir desak adashmagan bo‘lamiz. Chunki Alloh taolo hatto Payg‘ambarimiz Muhammad sollollohu alayhi vasallamni ham Qur'on karimning ba'zi oyatlarida Nabiy, Rasul yoki Muhammad demasdan arabcha “Abdu” ya'ni “Banda” so‘zi bilan bayon qilgan. Jumladan, Isro surasining 1-oyatida shunday marhamat qiladi: “O‘z bandasini kechasi Masjidul Haromdan atrofini barakali qilganimiz Masjidul Aqsoga mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun sayr qildirgan Zot pok bo‘ldi. Albatta u eshitguvchi va ko‘rguvchi Zotdir”. Oyatdagi “O‘z bandasi”dan murod Muhammad sollollohu alayhi vasallamdirlar. Ushbu oyatdan ko‘rinib turibdiki, Allohga haqiqiy banda bo‘lish yuksak bir maqomdir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollollohu alayhi vasallam doimo Allohning bindasi ekanliklari bilan faxrlanganlar. Ushbu oyatda u zotning nomlari aytilmay, “O‘z bandasi” iborasi ishlatilishi ham Payg‘ambarimiz Muhammad sollollohu alayhi vasallam uchun faxr hamda eng og‘ir paytlarida tasalli bo‘lgan.
Shuningdek “Kahf” surasining ilk oyatida ham Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “O‘z bandasiga kitob nozil etgan va unda hech bir egrilik qilmagan Allohga hamd bo‘lsin”. Oyati karimadagi O‘z bandasidan murod Payg‘ambarimiz Muhammad sollollohu alayhi vasallamdirlar.
Qur'oni karimning bir qancha oyatlarida Alloh taolo Payg‘ambarlarini va o‘zi suygan insonlarni o‘z ismlaribilan emas, balki banda so‘zi bilan zikr qilgan.
Demak biz ham yaratgan Robbimizga chin dildan, ixlosu-e'tiqod bilan ibodat qilishda davom etsak Mehribon va karami keng bo‘lgan zot bizni ham o‘zi zikr qilgan solih bandalari qatoriga qo‘shadi albatta.
Abdug‘ani Hasanov Samarqand shahar “Shohi-Zinda” jome masjidi imom-noibi
Kiritilgan vaqti: 16/04/2020 08:29; Ko‘rilganligi: 1250
Chop etilgan vaqti: 15/10/2024 14:20