O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

ALLOH TAOLO BANDALARINI IMTIHON QILADI

 
 

Alloh taolo Qur’oni kariming juda ko‘p oyatlarida bani Isroilni tilga oladi. Aytilishicha, Allohning Kitobida biror payg‘ambar yoki muqarrab farishta Muso alayhis salom zikr qilinganichalik ko‘p yodga olinmagan. Ul zot haqida Qur’oni karimning bir yuz o‘ttiz o‘rnida so‘z boradi.

Shuningdek, Alloh taoloning vahyini toat yoki ma’siyat bilan qabul qilgan qavmlar qatorida bani Isroil qissasi ham ko‘p bor takrorlangan.

Bunday ko‘p takrorlashning sababi bo‘lishi kerak. Bunday ko‘p murojaatdan Alloh taoloning ko‘zlagan hikmati borligi aniq.

Bu sabab, bu hikmatni bilish maqsadida qilgan sa’y-harakatimizning natijasi shu bo‘ldiki, Qur’oni karim bani Isroil tarixining bir necha bosqichi haqida so‘z yuritgan ekan. Gohida ularni maqtov bilan yodga olgan bo‘lsa, ba’zida kirdikorlarini ochib mazammat etgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan ushbu hadis ham juda ibratlidir.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Bani Isroil qavmida uch odam bor edi. Ularning biri pes, ikkinchisi kal, uchinchisi esa ko‘r edi. Alloh taolo ularni boshqalarga ibrat bo‘lsin uchun imtihon qilmoqchi bo‘ldi. Alloh yuborgan farishta pesning oldiga keldi va undan: «Sen nimani yaxshi ko‘rasan?» deb so‘radi. Pes: «Koshkiydi, badanim sog‘lom, ranggim chiroyli bo‘lib qolsa va odamlar mendan nafratlanmasa», dedi. Farishta uning badanidagi kasallikni ketkizdi va u go‘zal insonga aylandi. «Boylikdan nima istaysan?» deb so‘radi. U: «Koshkiydi, tuyam bo‘lsa!» Farishta unga tug‘adigan tuya hadya qilib: «Alloh senga baraka bersin», deb ketdi.

Farishta keyin kalning oldiga bordi va: «Nimani yaxshi ko‘rasan?»deb so‘radi. Kal: «Chiroyli sochim bo‘lsa va odamlar ustimdan kulmasa», dedi. Farishta silashi bilan kalning boshida chiroyli soch o‘sib chiqdi. Yana so‘radi: «Qanday boylikni yaxshi ko‘rasan?» Kal: «Molim bo‘lsa», dedi. Farishta unga bo‘g‘oz mol hadya qildi va: «Alloh barakasini bersin!» dedi.

Farishta keyin ko‘rning oldiga bordi va: «Nima istaysan?» deb so‘radi. «Alloh ko‘zimga nur bersa», dedi ko‘r. Farishta silashi bilan ko‘rning ko‘zi ochildi. «Boylikdan nimani xohlaysan?» deb so‘radi. Ko‘r: «Qo‘yim bo‘lishini yaxshi ko‘raman», dedi. Farishta ko‘rga qornida bolasi bilan qo‘y hadya qildi.

Allohning barakoti bilan bir vodiy to‘la tuya, bir vodiy to‘la mol, bir vodiy to‘la qo‘y bo‘ldi.

Farishta bir bechora kambag‘al odam suratiga kirib, pesning oldiga keldi va unga: «Men bir qiynalgan musofirman, ko‘zlagan manzilimga bugun yetolmaydiganga o‘xshayman. Faqat Alloh va sen yordam bersanggina yetib olaman. Senga chiroyli rang va chiroyli jism ato etgan Zotning nomi bilan so‘rayman, menga minib ketish uchun biror tuya bersang», dedi. Pes farishtani tanimagan holda masxaraomuz: «So‘rovchilar juda ko‘payib ketdi», deb undan yuz o‘girdi. Farishta unga: «Seni tanigandekman. Sen avval odamlar nafratlanadigan pes emasmiding. Kambag‘al emasmiding, Alloh seni boylikka yetkazdi». Pes takabburona javob qildi: «Mening ajdodim boy edi, otamga meros bo‘ldi, undan men merosxo‘r bo‘ldim». Farishta unga: «Agar yolg‘on gapirayotgan bo‘lsang, Alloh seni aslingga qaytarsin!» deb duoyi bad qildi. Farishta bilan kal o‘rtasida ham shunday muomala sodir bo‘ldi. Farishta ko‘rning oldiga kelib, unga ham avvalgilarga aytgan gapini takrorladi. Ko‘r shu onda: «Avval ko‘zim ko‘rmas edi, Alloh menga nurli ko‘zimni qaytardi. Shuning uchun molimdan Alloh yo‘lida nima olsang ol, men seni to‘smayman», dedi. Farishta: «Moling o‘zingga buyursin, men sinab ko‘rdim, xolos. Alloh sendan rozi bo‘ldi, pes va kalga g‘azab qildi», dedi» (Imom Buxoriy rivoyati).

Banda molidan bir qismini ajratib, uni Alloh yo‘lida sarflasa, zohiran uning moli qisman kamaygandek ko‘rinsa-da, ammo u Allohning nazdida o‘sib-ko‘payib boradi, chunki sadaqa qilish bilan molga baraka kiradi, nuqson, musibat va turli balolarga uchrashi kamayadi. Bu narsaga faqat mo‘min bandagina to‘liq imon keltiradi va shu ta’limot va e’tiqod asosida solih amallar qiladi. Ammo, faqat moddiy daromadnigina ko‘zlaydigan aqli kalta banda esa «Sadaqa bilan mol kamaymasligi»ga ajablanadi yoki shubha bilan qaraydi. Lekin, bundan farqli ravishda mo‘min banda Allohning Rasuli qasam ichib, ta’kid bilan aytgan so‘zlarni tasdiqlashi lozim.


Kiritilgan vaqti: 14/11/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2561
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/alloh-taolo-bandalarini-imtihon-qiladi
Chop etilgan vaqti: 28/09/2021 21:54
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing