O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Zulhijja oyining dastlabki o‘n kunining fazilati

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

:Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qiladi

وَالْفَجْرِ وَلَيَالٍ عَشْرٍ وَالشَّفْعِ وَالْوَتْرِ.

«Tonga qasam. (Zulhijja oyidagi avvalgi) o‘n kechaga qasam. Juft va toqqa qasam» (Fajr 1-3 oyatlar).

“Juftga qasam” dagi “juft”dan murod, zulhijja oyining o‘ninchi kuni, “toq”dan murod esa to‘qqizinchi kunidir (Bayonul Qur'on, 12 - bet).

 Foyda: “Durrul mansur”da bir necha sanadlar bilan rivoyatlar keltirilgan bo‘lib, unda Nabiy sollallohu alayhi vasallam oyatdagi “o‘n kechaga qasam”dan zulhijjaning o‘n kuni, “toq”dan esa, zulhijjaning to‘qqizinchi kuni, “juft”dan esa, zul hijjaning o‘ninchi kuni iroda qilingan, deganlar (Xitobotul ahkom, 146‑bet).

عن أبي هريرة رضي الله عنه أنَّ النبي صلى الله عليه وسلم قال "ما مِنْ أيام أحَبُّ إلى الله أن يُتعبَّدَ له فيها من عَشْرِ ذي الحجة ، يَعْدِلُ صيامُ كل يوم منها بصيام سنة ، وقيامُ كلِّ ليلة منها بقيام لَيْلةِ القَدْر".

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

Ibodat qilinadigan biror kun zul hijjaning o‘n kunidan Alloh taologa mahbub emas. Undagi har bir kunning ro‘zasi bir yilga barobardir. Undagi har bir kechada turish qadr kechasida turishga barobardir (Termiziy va Ibn Moja rivoyatlari).

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: " مَا مِنْ أَيَّامٍ أَفْضَلُ عِنْدَ اللهِ وَلَا الْعَمَلُ فِيهِنَّ أَحَبُّ إِلَى اللهِ عَزَّ وَجَلَّ مِنْ هَذِهِ الْأَيَّامِ الْعَشْرِ، فَأَكْثِرُوا فِيهِنَّ مِنَ التَّهْلِيلِ وَالتَّكْبِيرِ، فَإِنَّهَا أَيَّامُ التَّهْلِيلِ وَالتَّكْبِيرِ وَذِكْرِ اللهِ، وَإِنَّ صِيَامَ يَوْمٍ مِنْهَا يَعْدِلُ بِصِيَامِ سَنَةٍ، وَالْعَمَلَ فِيهِنَّ يُضَاعَفُ سَبْعمِائَةِ ضِعْفٍ "

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

"Alloh taolo nazdida biror kun va u(kun)lardagi amal ushbu o‘n kun (va ularda qilingan amal)dan afzal (va) Alloh azza va jallaga suyukli emas. Bas, u(kun)larda tahlil va takbirni ko‘paytiringlar. Chunki, u(kun)lar tahlil, takbir va Alloh taologa zikr (aytiladigan) kunlardir va u(kunlar)dan bir kunining ro‘zasi bir yilgi ro‘zaga barobardir. U(kun)larda qilingan amal yetti yuz barobarga barobar bo‘ladi” (Durri mansur, Xitobotul ahkom).

Foyda: Ushbu o‘n kunning fazilati borasida juda ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan, ammo bu yerda ulardan bir nechtasini keltirish bilan kifoyalanildi. Yuqoridagi hadislardan zul hijjaning dastlabki kunidan to‘qqizinchi kuniga qadar turli ibodatlar bilan mashg‘ul bo‘lib, kunduzlarini ro‘za bilan, kechalarini esa, bedo o‘tkazishga harakat qilish lozim ekanligi kelib chiqadi. Bu kunlar orasida to‘qqizinchi kunda tutilgan ro‘za eng ahamiyatli va fazilatli hisoblanadi. Bu haqda quyida ma'lumotlar keltiriladi.

 

IKKI IYD KECHALARINING FAZILATI

 

Foyda: Olimlar zulhijjaning avvalgi o‘n kuni afzalmi, yoki ramazon oyining oxirgi o‘n kuni afzalmi, degan savol borasida ixtilof qilganlar.

Abdulhaq Dehlaviy rahmatullohi alayh: “Muxtor qavlga ko‘ra zulhijjaning avvalgi o‘n kunining kundizi, ramazon oyining oxirgi o‘n kunining kechasi afzal hisoblanadi. Vallohu a'lam” deganlar.

Ibni Moja rahmatullohi alayhdan ikki iyd kechasini bedor o‘tkazish fazilati haqida quyidagi hadis naql qilingan:

عَنْ أَبِي أُمَامَةَ رضي الله عنه عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ قَامَ لَيْلَتَيْ الْعِيدَيْنِ مُحْتَسِبًا لِلَّهِ لَمْ يَمُتْ قَلْبُهُ يَوْمَ تَمُوتُ الْقُلُوبُ.

Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

"Kimki ikki iyd kechasini savob talab qilgan holatda bedor o‘tkazsa, qalblar o‘ladigan kunda uning qalbi o‘lmaydi”, dedilar” (Ibn Moja rivoyati).

 

TAKBIR VA TASHRIQ

 

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: " مَا مِنْ أَيَّامٍ أَفْضَلُ عِنْدَ اللهِ  وَلَا الْعَمَلُ فِيهِنَّ أَحَبُّ إِلَى اللهِ عَزَّ وَجَلَّ مِنْ هَذِهِ الْأَيَّامِ الْعَشْرِ، فَأَكْثِرُوا فِيهِنَّ مِنَ التَّهْلِيلِ وَالتَّكْبِيرِ، فَإِنَّهَا أَيَّامُ التَّهْلِيلِ وَالتَّكْبِيرِ وَذِكْرِ اللهِ، وَإِنَّ صِيَامَ يَوْمٍ مِنْهَا يَعْدِلُ بِصِيَامِ سَنَةٍ، وَالْعَمَلَ فِيهِنَّ يُضَاعَفُ سَبْعمِائَةِ ضِعْفٍ "

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

"Alloh taolo nazdida biror kun va u(kun)lardagi amal ushbu o‘n kun (va ularda qilingan amal)dan afzal (va) Alloh azza va jallaga suyukli emas. Bas, u(kun)larda tahlil va takbirni ko‘paytiringlar. Chunki, u(kun)lar tahlil, takbir va Alloh taologa zikr (aytiladigan) kunlardir va u(kunlar)dan bir kunining ro‘zasi bir yilgi ro‘zaga barobardir. U(kun)larda qilingan amal yetti yuz barobarga barobar bo‘ladi” (Durri mansur, Xitobotul ahkom).

Foyda: Ushbu hadisi sharifdan zul hijjaning dastlabki o‘n kunida takbir va tahlilni ko‘paytirish mahbub amal ekanligi bilinadi. Lekin, to‘qqizinchi zul hijjaning bomdod namozidan to o‘n uchinchi kunning asr namozigacha baland ovoz bilan bir marotaba takbir aytish zaruriydir.

عَنْ أَبِي عَبْدِ الرَّحْمَنِ عَنْ عَلِيٍّ رضي الله عنه أَنَّهُ كَانَ يُكَبِّرُ بَعْدَ صَلاَةِ الْفَجْرِ يَوْمَ عَرَفَةَ إِلَى صَلاَةِ  الْعَصْرِ مِنْ آخِرِ أَيَّامِ التَّشْرِيقِ ، وَيُكَبِّرُ بَعْدَ الْعَصْرِ.

Abu Abdurahmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Ali Roziyallohu anhu arafa kuni bomdod namozidan keyin to oxirgi tashriq kunining asr namozigacha va asr namozidan keyin ham takbir aytar edilar” (Musannafi Abu Shayba).

عَنْ جَابِرٍ رضي الله عنه قَالَ كَانَ النَّبِىُّ صلى الله عليه وسلم يُكَبِّرُ يَوْمَ عَرَفَةَ صَلاَةَ الْغَدَاةِ إِلَى صَلاَةِ الْعَصْرِ آخِرِ أَيَّامِ التَّشْرِيقِ.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam arafa kuni bomdod namozidan keyin to oxirgi tashriq kunining asr namozigacha takbir aytar edilar” (Bayhaqiy rivoyati).

Masala: Muqim kishi zulhijjaning to‘qqizinchi kuni bomdod namozidan, o‘n uchinchi kunining asr namozigacha jamoat bilan, takbiri tashriqni bir marotaba aytishi vojibdir. Ammo musofir, yolg‘iz namoz o‘quvchi va ayollarga vojib emas. Lekin bularningi barchasi takbiri tashriqni aytishlari vojib degan ulamolar ham mavjud. Shuning uchun yuqoridagilar ham takbiri tashriqni aytishlari yaxshidir. Takbiri tashriq lafzlari quyidagilar:

وَهُوَ اللَّهُ أَكْبَرُ اللَّهُ أَكْبَرُ لَا إلَهَ إلَّا اللَّهُ وَاَللَّهُ أَكْبَرُ اللَّهُ أَكْبَرُ وَلِلَّهِ الْحَمْدُ.

Takbiri tashriq lafzi: “Allohu akbar, Allohu akbar, La ilaha illollohu vallohu akbar, Allohu akbar va lillahil hamd (Bahrur roiq).

Ma'nosi: Alloh buyukdir, Alloh buyukdir. Alloh taolodan o‘zga iloh yo‘qdir. Alloh buyukdir, Alloh buyukdir va ham Alloh taolo uchundir.

Tashriq kunlarida qoldirgan namozini qazosini ado qilayotgan paytda, salomdan keyin takbir aytishligi lozim.

 

ARAFA KUNINING RO‘ZASI

 

عَنْ عَائِشَةَ، قَالَتْ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: صِيَامُ يَوْمِ عَرَفَةَ كَصِيَامِ أَلْفِ يَوْمٍ.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

"Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Arafa kunining ro‘zasi ming kunning ro‘zasi kabidir”, dedilar” (Shuabul iymon).

عَنْ أَبِى قَتَادَةَ عَنِ النَّبِىِّ -صلى الله عليه وسلم- قَالَ : صَوْمُ عَرَفَةَ كَفَّارَةُ سَنَتَيْنِ سَنَةٍ قَبْلَهُ وَسَنَةٍ بَعْدَهُ ....

Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Arafa kunining ro‘zasi ikki yilga kafforatdir: undan oldingi va undan keyingi yilga” (Bayhaqiy rivoyati).

عَنْ أَبِي قَتَادَةَ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ صِيَامُ يَوْمِ عَرَفَةَ إِنِّي أَحْتَسِبُ عَلَى اللَّهِ أَنْ يُكَفِّرَ السَّنَةَ الَّتِي قَبْلَهُ وَالسَّنَةَ الَّتِي بَعْدَهُ.

Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Arafa kunining ro‘zasi sababli Alloh taolo undan oldingi bir yil va undan keyingi bir yilni kafforat qilishini umid qilaman” dedilar (Termiziy rivoyati).

Masala: Zul hijjaning to‘qqizinchi kuni, ya'ni arafa kuni ro‘za tutish ulkan savoblarga sabab bo‘ladi. U sababli bir yil oldingi va bir yil keyingi gunohlar kechiriladi. Agar zul hijja oyini dastlabki kunlaridan to to‘qqizinchi kuniga qadar ro‘za tutilsa, nur ustiga a'lo nur bo‘ladi

Foyda: Zul hijjaning o‘ninchi kunidan o‘n uchinchi kunigacha, ya'ni to‘rt kun ro‘za tutish xaromdir. Shu bois dastlabki to‘qqiz kunda ro‘za tutish fazilatlidir.

 

XOJILAR UCHUN ARAFA KUNINING RO‘ZASI

 

Savol: Arafotda vuquf qilayotgan xojilar arafa kunining ro‘zasini tutishlari joizmi,yoki joiz emasmi? Termiziy rahmatullohi alayh Nabiy sollallohu alayhi vasallam arafa kuni ro‘za tutmaganliklarini naql qilganlar. Ba'zi ulamolar esa, arafa kuni hojilar ham ro‘za tutishlari joiz deydilar. Bu masalani tahqiqi qanday bo‘ladi?

Javob: Hojilar arafa kunining ro‘zasini tutganliklari sababli zaif bo‘lib qolishlari mumkin bo‘lsa, u kunning ro‘zasini tutishlari makruhdir. Aksincha bo‘lsa, ro‘za tutishlari mustahabdir.

وَيُكْرَهُ صَوْمُ عَرَفَةَ بِعَرَفَاتٍ وَكَذَا صَوْمُ يَوْمِ التَّرْوِيَةِ ؛ لِأَنَّهُ يُعْجِزُهُ عَنْ أَدَاءِ أَفْعَالِ الْحَجِّ وَإِلَّا فَصَوْمُهُمَا مُسْتَحَبٌّ.

Hojilar arafa kunining ro‘zasini arafotda tutishlari makruhdir. Shuningdek, tarviya kunining ro‘zasi ham. Chunki, u haj amallarini ado qilishdan ojiz qilib qo‘yadi. Agar unday bo‘lmasa, u ikki kunning ro‘zasi mustahabdir (Majmaul anhur).

 

ZULHIJJA OYINING OY TO‘LGAN KUNLARIDAGI RO‘ZA

 

Savol: Bir kishi oy to‘lgan kunlarning ro‘zasini, ya'ni har oyning 13, 14, 15‑ kunlari ro‘za tutishga odatlangan bo‘lsa ham o‘n uchinchi tashriq kuni ro‘za tuta olmaydi. Chunki, iyd kunlari ro‘za tutish haromdir. Lekin, oy to‘lgan kunlarda ro‘za tutish sunnatdir. Shu sababli zul hijja oyining 14, 15, 16 ‑ kunlari ro‘za tutadimi va tutgan ro‘zasi oy to‘lgan kunning ro‘zasiga o‘tadimi, yoki yo‘qmi?

Javob: Zul hijja oyida oy to‘lsa tutiladigan ro‘za mavjud emas (Imdodul fatavo).

 

QURBONLIK QILUVCHI TIRNOQ VA SHUNGA O‘XSHASH NARSALARINI OLMAY TURISHI

Masala: Qurbonlik qiluvchi kishi zulhijja oyini ko‘ringandan boshlab, to qurbonligini so‘yib bo‘lgunicha tirnoq va boshqa shunga o‘xshash narsalarini olmay turishi mustahabdir.

عَنْ أُمِّ سَلَمَةَ، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: " إِذَا دَخَلَ الْعَشْرُ وَأَرَادَ أَحَدُكُمْ أَنْ يُضَحِّيَ فَلَا يَمَسَّ مِنْ شَعْرِهِ وَبَشَرِهِ شَيْئًا".

Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Ashr (zul hijjaning o‘n kuni) kirsa va sizlardan birortangiz qurbonlik qilmoqchi bo‘lsa, sochi va yuzidan biror narsa olmasin” dedilar” (Shuabul iymon).

Manba https://islom.uz/


Kiritilgan vaqti: 12/07/2021 08:54;   Ko‘rilganligi: 57
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/zulhijja-oyining-dastlabki-on-kunining-fazilati
Chop etilgan vaqti: 23/09/2021 19:34
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing