ZAVQ-SHAVQ VA SHIJOAT – INSONIY XISLAT
Inson zavq-shavq ila bir narsani amalga oshirdimi, puxta va sifatli chiqadi. Qolaversa, shijoatli shaxs Alloh xoxlasa ko‘p narsaga erishadi. Shuningdek, xalqimizda “Mehnatdan kelsa boylik – turmush bo‘lar chiroylik”, degan ajoyib maqol bor. Ammo mehnat qilish uchun ham kishida ilm, aql, fahmu farosat, zavq-shavq, shijoat bo‘lishi kerak. Alloh taolo Baqara surasining 172-oyatida “Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!” deb marhamat qilgan.
Demak, mehnatimiz zavq-shavq, shijoat, halollik asosida bo‘lishi va poklik mezonida o‘lchanishligi kerak ekan.
Odam alayhissalom dehqonchilik, Idris alayhissalom xattotlik, Nuh alayhissalom duradgorlik, Dovud alayhissalom esa temirchilik bilan shug‘ullangan. Payg‘ambarlar mehnat bilan shug‘ullanib bizlarga o‘rnak bo‘lgan ekan, bizlar ham o‘zimiz yoqtirgan kasbning ustasi bo‘lib, oilamizni halol pokiza rizq bilan boqishimiz kerak. Buning uchun shijoat, zavq-shavq bilan ishlashimiz kerak.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kimki tilanchilik qilishdan saqlanish, oilasini boqish va qo‘ni-qo‘shnilariga muruvvat qilish maqsadida halol yo‘l orqali rizq topish bilan mashg‘ul bo‘lsa, qiyomat kunida u Alloh taologa yuzi to‘lin oydek yorug‘ bo‘lgan holda yo‘liqadi”. Bu hadisi sharif har birimizning dasturul amalimiz bo‘lishi zarur.
Shijoat, halol mehnat kishini ulug‘laydi va jannatga yetaklaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Gunohlar ichida shundaylari borki, unga faqat halol rizq topish maqsadida qilingan harakatgina kafforat bo‘ladi”.
Shunday ekan, kelajagimiz bo‘lmish jondan aziz farzandlarimizga halol kasb-hunar o‘rgatib, mehnat qilganda ham zavq-shavq, shijoat ila qilmoqlikni, ularni hech qachon o‘zgalarning haqiga ko‘z tikmaydigan, Vatani, xalqi, dini uchun jon fido qiladigan ruhda tarbiya qilmog‘imiz lozim.
Botirali RIZAYEV,
Samarqand shahridagi Panjob jome' masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 06/12/2021 11:14; Ko‘rilganligi: 1026
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 00:40