O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

ZARARLI ILLATLARDAN SAQLANAYLIK!

 
 

Sayyora opa o‘zi shoshib turgan bo‘lishiga qaramasdan, qo‘zg‘alayotgan avtobusga oshiqmadi. Vaholanki, avtobusda bo‘sh o‘rindiqlar bor, bemalol o‘tirib ketishi mumkin edi. Uni transportga chiqishdan to‘sgan narsa – haydovchining qo‘lida tutatib turgan tamakisi borligi edi.

Sayyora opa bu avtobusga bundan avval ham bir necha marta chiqqan: avtobus haydovchisining hech kimning rioyasini qilmay, burqsitib tamaki tutatib ketishidan xabari bor edi. Yo‘lovchilar orasida ayollar bo‘ladimi, keksa yoshdagilar, yosh bolalarmi unga farqi yo‘q. Yurak yutib, e'tiroz bildirganlarga esa jahl ham qilib qo‘yardi.

Aslidaku, jamoat transportlarida chekish taqiqlanganligi to‘g‘risida hamma biladi, lekin bu talabni yo‘lovchilar emas, balki ayrim haydovchilar buzayotganligi hayratlantiradi kishini. Chekish aqalli haydovchining o‘ziga foydali bo‘lganida ham buni tushunish mumkin edi. Ammo bu illat barcha uchun koni zarar ekanligini hamma yaxshi tushunadi.

Alloh taolo insonga hayotni omonat qilib bergani, uni to so‘nggi nafasigacha ehtiyot qilish mas'uliyatini ko‘pincha kishilar anglab yetmaydilar, yoki e'tiborsizlik qiladilar.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ikki ne'mat bor-ki, insonlarning ko‘pi ularning qadriga yetmaydi: salomatlik va bo‘sh vaqt”.” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ba'zi illatlar borki, unda faqat egasining o‘ziga zarar yetsa, ba'zilaridan yon-atrofdagilar ham zara ko‘radi. Kashandalik ana shunday zarari boshqalarga ham ta'sir qiluvchi illatlar sirasiga kiradi. Kashanda nafaqat o‘zini, balki oila a'zolarini, yosh bolalarini ham tamaki tutuni bilan zaharlaydi. Nahotki uni jigargo‘shalarining salomatligi o‘ylantirmasa?! Axir, ularni o‘zidan ham ortiq qo‘rmasmidi?! Agar shunday odam haydovchi bo‘lsa bormi, unda tamaki tutunidan “bahramnd” bo‘layotganlar sonini tasavvur qilavering.

Alloh taolo Niso surasining 29-oyatida ogohlantiradi: “O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang. Albatta, Alloh sizlarga rahmlidir”.

Balki chekish bir-ikki martada halokatga olib bormas, lekin asta-sekin salomatlikni yemirilib borishiga shak-shabha yo‘q. Yillar o‘tib, kashanda olovda tamakini emas, balki o‘zining aziz jonini, hayotini ham yoqqanini anglab yetadi. Biroq unda juda kech bo‘ladi...

Barchalarimizga zararli illatlardan saqlanish nasib qilsin.

N.Temirova Samarqand viloyati bosh imom xatibinig xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi


Kiritilgan vaqti: 12/09/2022 07:56;   Ko‘rilganligi: 703
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/zararli-illatlardan-saqlanaylik
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 11:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing