O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Zamonaviy Missionerlik uyushmalari (davomi)

 
 

Missionerlik faoliyati mafkuramiz uchun yot unsur bo‘lib qolmay, balki ma'naviyatimiz rivoji uchun ham to‘siqdir. Yaqindagina siyosiy mustaqillikka erishganimizda, nima, endi ma'naviy qulga aylanamizmi? Ayting, missioner nayrangbozlarning qo‘g‘irchog‘i bo‘lishimiz kerakmi?

Agar biz missionerlarning zarbasidan chekinsak, bu dunyoda va oxiratda sharmanda bo‘lamiz-ku? Axir, biz nafaqat o‘zimiz uchun, balki kelajak avlodning diniy kamoloti uchun ham mas'ulmiz-ku? Bizning yurtimiz xisobidan ularning izdoshlari kundan kunga ko‘payib borayotganligining sababi nima ekan? Nega buyuk millatdan murtadlar chiqmoqda? Nega ba'zi birlarimiz Haq dindan yuz o‘girmoqdamiz? Nega ota-bobolarimiz sharaflangan dindan yuz o‘girmoqdamiz? Savollar ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, nasroniy din oqimlaridan yurtimizda Iyegova shohidlari, Yevangelistlar, Adventistlar, Baptistlar va boshqa ko‘plab katta-yu kichik cherkov vakillari o‘zlarining «samarali» ovlariga o‘lja izlamoqdalar. O‘shdagi “Eldos” tashkiloti uch yildan buyon noqonuniy faoliyat yuritib kelmoqda, hatto o‘z ibodat uyini ochgan. Tojikistonning Xo‘jand shahrida tadbirkor sifatida mashru'lashgan yana bir janubiy Koreyalik fuqaro Qirg‘iziston hududidagi Sulukta shahrida missionerlik bilan shug‘ullangan. Yana O‘shning o‘zida “Iyegova shohidlari ”ning ko‘plab vakillari uyma-uy yurishibdi, o‘tgan-ketganlarga o‘zlari nashr etgan kitoblarni tarqatmoqdalar, ular ko‘chaning o‘zida va hatto bozorlarda suhbatga kirishishga urinadilar. Bunday misollar yetarli.

Ayrimlar shu darajada buzilib ketganki, uni ta'riflashga til ojizdir. Ba'zilar esa adashib, zulmat batqog‘iga g‘arq bo‘lganlar. Lekin, insoniyatning najot topishi uchun bir yo‘l bor, u ham bo‘lsa Islom dinidir. Oxirat va bu dunyo haqiqatlarini o‘zida mujassam etgan din Islomdir.

Islomning asl haqiqati esa tavhiddir. Missionerlar da'vat etayotgan narsa ham, ko‘rinishidan chiroyli bo‘lishi, missionerlarning muloyim gaplari-yu, xayr-ehsonlarining chegarasi yo‘q bo‘lib tuyilishi mumkin, ammo ular da'vat etgan narsa Tavhid emas, aksincha shirkdir. Aslida barcha samoviy dinlarning qalbi tavhid ekanligini Alloh O‘zining kalomida: “Alloh nazdida (haqiqiy) din Islomdir”, degan (“Oli Imron” surasi, 19-oyat).

«Barcha samoviy dinlar islom shiori ostidaTAVHIDga e'tibor va ahamiyat bergan. Hazrati Nuhdan, to hazrati Muhammad alayhissalomga qadar butun payg‘ambarlarning da'vatlarida ilk mavzu Tavhid shiori edi. Alloh taolo o‘z qullariga hidoyat qilib yuborgan barcha payg‘ambarlarning ilk vazifalari bir biridan ajramaydigan va bir birini to‘ldiradigan ikki asosdan iboratdir:

a) faqat Allohga ibodat qilishga da'vat;

b) tog‘utlardan (soxta ma'budlardan) uzoqlanishga da'vat». (Yu.Qarzaviy Tavhid haqiqatlari.)

Nasroniylarning ba'zilari Iso alayhissalomni Robb (Gospod), ba'zilari esa Xudoning o‘g‘li dedilar. Iso alayhissalomning onalarini ham xudo qilib oldilar (bogoroditsa, bogamater, deva Mariya), hatto 431 yilda o‘tkazilgan jahon soborida Bibi Maryamni «xudoning onasi» deb rasman tan olishgan. Katoliklar va boshqa xristian oqimlari orasida Bibi Maryamga sig‘inish juda rivojlanib ketdi. Hatto cherkovlarda Bibi Maryamning xaykal va rasmlarini o‘rnatib, unga sig‘inadilar. Aslida esa Iso alayhissalom, birgina Allohga ibodat qilishga da'vat etgan edi. U osmonga ko‘tarilib ketgach va haqiqiy havoriylar davridanoq soxta ustozlar har xil botil ta'limotlari ila Iso alayhissalom yo‘llariga hamla qildilar (insha-alloh bu masalani keyingi boblarda o‘rganamiz). Xozir esa Qur'oni karimga murojat etamiz: Alloh: «Ey, Iso ibn Maryam, sen odamlarga, Allohni qo‘yib, meni va onamni iloh qilib olinglar, dedingmi?» deganini, u esa: «Ey, pok Parvardigor, haqqim yo‘q narsani men ayta olmayman-ku. Agar aytgan bo‘lganimda, batahqiq, sen uni bilar eding. Sen mening dilimdagini bilasan, men sendagi hech narsani bilmayman. Albatta, sen o‘zing g‘ayblarni eng yaxshi bilguvchi zotsan», deganini esla. «Men ularga o‘zing menga amr qilgan narsa mening Robbim va sizning Robbingizga ibodat qilingdan boshqasini aytganim yo‘q. Va modomiki oralarida ekanman, ularga guvoh bo‘ldim. Meni o‘zingga olganingdan so‘ng, sening o‘zing ularga kuzatuvchi bo‘lding. Zotan, sen har bir narsaga guvohsan».(Moida 116-117, “Tafsiri hilol”dan tarjima)

«Vijdon erkinligi» qonunidan «samarali» foydalanib va g‘irrom yo‘llar bilan islom dini vakillarini o‘z tuzoqlariga ilintirish maqsadida yurgan ba'zi bir xristian missionerlari hamda ularning o‘ljasiga aylanayotgan manqurtlarga xitob qilamiz.

Biz musulmonlar iymon keltirgan kitob, bu - Iso alayhissalom bayon etgan xushxabar ya'ni haq Injildir. Xozirgi kunimizdagi mavjud Injillar Iso alayhissalomga nozil bo‘lgan Injil emasdir. Buni mazkur kitob nomlaridanoq bilib olsa bo‘ladi. Misol uchun Matto bayon etgan xushxabar, Luqa bayon etgan xushxabar, Yuhanno va Mark bayon etgan xushxabarlardir. Tarixda yana ko‘p Injillar bo‘lgan. Tarixiy bo‘hronlarga dosh berolmay, ko‘p Injillar yo‘qolib yoki «yo‘qotilib» tashlangandir. Xozirda ham din targ‘ibotchilarining hohlaganidan Iso alayhissalom bayon etgan xushxabarni menga ko‘rsating deyilsa, ular buni ko‘rsata olmaydi. Ko‘rsatishga ojizdir. Yana, Iso alayhissalom «men xudoman, menga ibodat qiling» deb aytgan joyi bo‘lsa, menga bir ko‘rsating deb savol qilsangiz, ko‘rsatib berishdan yana ojiz bo‘ladi, ammo Iso alayhissalomni xudo deyishdan qaytmaydi. O‘zgartirilgan Injilda ham aniq qilib «Iso bu Xudo» deb aytilmagan, balki noaniq iboralarni har xil oqimlar o‘zlaricha ta'vil qiladilar. Ta'villarida yana o‘zlarini haq deb biladilar. Ta'vil qilayotgan narsalarining manba'sini bir o‘rganib chiqsalar foydadan holi bo‘lmas edi.

Avvalambor, xalqimizni ogohlikka, sergaklikka chaqirish, zero “Vatan”, “Millat”, “Din” tushunchalari muqaddas tushunchalardir. Ularga e'tiborsizlik qilishga hech bir kishining haqqi yo‘q. Ikkinchidan, har bir inson biror narsa haqida to‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lmog‘i zarur. Biror narsani noto‘g‘ri talqin etishga, bo‘yab ko‘rsatishga hech kimning haqqi yo‘q. Uchinchidan, musulmonga nima zarur va nima zarur emas ekanini yana bir bor eslatib qo‘yish ham juda muhimdir.

 Najmiddinxon Hamzayev - Urgut tumani “G‘o‘s” jomiy masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 13/06/2020 09:19;   Ko‘rilganligi: 1481
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/zamonaviy-missionerlik-uyushmalari-davomi
Chop etilgan vaqti: 21/05/2024 03:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing