O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Zamonaviy Missionerlik uyushmalari.

 
 

«Missionerlik ( lot.- yuborish, topshiriq)-biror dinni o‘z yurtidagi yoki o‘zga yurtlardagi g‘ayridinlar o‘rtasida tarqatish sohasidagi cherkov tashkilotlarining faoliyati. Missionerlik bosqinchilik urushlari davrida mustamlakachi imperiyalarni barpo etish va mustahkamlashda ideologik ekspansiya turlaridan biri bo‘lgan. Missionerlar oshkora yoki maxfiy ravishda Amerika, Osiyo, Afrika xalqlarini zabt etishda qatnashganlar»(Ensiklopedik lug‘at)

Oxirgi paytlarda ko‘p yosh-u qarilar o‘zlarining muqaddas dinlarini tashlab har xil din va diniy oqimlarga o‘tib ketmoqdalar.   Bunday hollarning birinchi sababi Islom aqidasini yaxshi bilmasliklari bo‘lsa, ikkinchisi missionerlar tomonidan beriladigan turli xil ko‘rinishdagi moddiy rag‘batga aldanib qolishlaridir. Samarqand shahrining So‘g‘diyona va Sartepa uy-joy maskanlari, Ipak yo‘li va Abu Rayhon Beruniy ko‘chalari, Kimyogarlar va Farhod shaharchalaridagi ko‘pqavatli uylarda istiqomat qiluvchi fuqarolar shaxsi gumonli bo‘lgan kishilar xonadonma-xonadon yurib, aholining ko‘ngliga g‘ulg‘ula solib, xonadonlar qo‘ng‘iroqlarini chalib, "Biz xushxabarchilarmiz, eshikni oching, Siz yaxshi xushxabar eshitasiz, Sizga xohlagan tilda tushuntiramiz" deya xitob qilib, xristian-protestant dinlari g‘oyalarini mahalliy aholi tafakkuriga singdirishga harakat qilaganlar. Bu hol yaxshilab o‘rganilmasa millat borqarorligiga tahdid solishi turgan gap!!! Dunyo tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, missionerlar o‘zga din vakillari orasidagi faoliyati har doyim mintaqa barqarorligini buzgan, aholi orasida notichliklarga, qon to‘kilishlarga sabab bo‘lgan. Bunga misol qilib Indoniyeziyadan Sharqiy Timor orolining musulmon davlatidan ajralib chiqishini ko‘rsatsa bo‘ladi. Voqeani kuzatgan mutaxasisilarning fikricha bunday holning yuz berishiga missionerlarning bevosita aloqasi bor. Afrika qita'sida ham missionerlar sabab ko‘p qonlar to‘kilgan. Hozirgi kunda Sudan davlatida ham aynan tub aholining missionerlar faoliyati samarasi bo‘lgan xristianlar va musulmonlar o‘rtasida qonli urish davom etmoqda. Bu davlatni ham xuddi Indoneziya hududidan Sharqiy Timorni ajratib olish senariyasini qo‘lashga urinmoqdalar.

Sirtdan “qo‘y og‘zidan cho‘p olmaydigan” bo‘lib ko‘ringan bu missionerlar, aslida ko‘pni ko‘rgan, ishbilarmon, ilonning yog‘ini yalagan uddaburonlardir. Ular ba'zi soddalarga o‘xshab, ish rejasi va nizomini ko‘tarib ro‘yxatdan o‘tkazishni so‘rab davlat idoralariga bormaydilar. Avvalo vaziyatni, kishilarni, amaldorlarni, ularga chiqish yo‘llarini yaxshilab o‘rganadilar. Keyin esa asta-sekin insoniy yordam, tibbiy xizmat, xayru ehsonga o‘xshash narsalardan gap ochadilar. Qo‘lidan ish keladiganlarga “sovg‘alar” uyushtiradilar. O‘z yurtlariga olib borib o‘ynatib keladilar. Qarabsizki, o‘sha missionerning tashkiloti rasmiy ro‘yxatdan o‘tib turibdi-da. Asta-sekin u yer, bu yerdan odamlarni to‘plash boshlanadi, oddiy suhbat, choy ichish, vidio fil'm ko‘rish, kichkinagina sovg‘a va sovg‘aga qo‘shib, suhbatdoshning ona tilidagi missionerning dini haqidagi kitob beriladi. Kitobning so‘ngida tushunmay qolsa, so‘rab surishtirish uchun telefon raqami yoki manzil albatta ko‘rsatilgan bo‘ladi. Ikki-uch marta shunga o‘xshash suhbat va sovg‘alardan keyin qarabsizki yetti otasi musulmon bo‘lib kelgan bir shaxs xiristian, kirishnachi yoki buddachi bo‘lib turibdi-da. Yangi dinga, yangi a'zo bo‘lgan kishi ko‘proq savob topishi kerak, deydi missioner, o‘zining yangi muxlisiga. “Buning eng oson yo‘li, oila a'zolaringni, yaqin kishilaringni dinimizga chaqirishing. Agar har hafta bittadan yangi odam olib kelsang, savobning tagida qolasan. Ko‘chada yurganingda ham bekor yurma, mana bu kitobchalardan o‘zing bilan olib yur. Do‘kon, bekatga o‘xshash odamlar ko‘p bo‘ladigan joylarga bitta-bitta tashlab qo‘y. Odamlarning ostonasidan ichkariga tashlab qo‘ysang yana ham yaxshi bo‘ladi”, deydi. Qarabsizki o‘zimizdan chiqqan iymonfurishlar, o‘zimizni buzishga jon-jahdi bilan urinib yotibdi-da. O‘z atrofida yetarli gumashtalarni to‘plab olgan missionerlar kichkina e'lon chiqaradi. Falon joyda, falon soatda do‘stlik uchrashuvi bo‘ladi. Bukletda turli ko‘ngil ochdi o‘yinlar, raqs, film. Xohlovchilar marhamat qilsin. Ammo, Buklet so‘ngida albatta rohibning va'zi bo‘lishi, matbuot tarqatilishi aniq bo‘lganidan uni yozmasa ham bo‘laveradi. Asta sekin bunday uchrashuvlar odat tusiga kiradi. Kichikroq bir joy ijaraga olinadi. Keyin sotib olinadi. Oxiri borib ibodatxona quriladi.

O‘lkamiz mustaqil bo‘lgan kunidan boshlab, chet ellardan turli xil diniy oqimlarning yurtimizga yopirilib kelishi, va uning avj olib ketganligi hech kimga sir emas. Ayniqsa, missionerlarning hamlasida katta xavf yashirinib yotibdi. Ular mamlakatimizning «sodda» fuqarolarini o‘z tuzoqlariga ilintirib, ongini zaharlamoqdalar. Oqibat bunday insonlar manqurtga aylanib, millat, davlat va dinning qadriga yetmay vataniga, diyonatiga bo‘lgan sadoqat gullarini oyoq osti qilmoqdalar. Shunday oqimlarning biri va o‘ta xavflisi missionerlik harakatidir.

 Najmiddinxon Hamzayev - Urgut tumani “G‘o‘s” jomiy masjidi imom-xatibi. 

 


Kiritilgan vaqti: 12/06/2020 12:03;   Ko‘rilganligi: 2828
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/zamonaviy-missionerlik-uyushmalari
Chop etilgan vaqti: 17/05/2024 14:21
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing