O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Yusuf alayhissalomning tushni ta’bir qilishlari

 
 

Yusuf alayhissalom qordan qutilib yomg’irga tutildi deganday chohdan qutilib, qullik tutildilar. Bu ham yetmaganday aybsiz aybdorga aylanib, zindonband qilindilar. Buni quyida bayon qilamiz.

“U bilan qamoqqa ikkita yigit ham kirdi. Ulardan biri: “Men tushimda sharob tayyorlab yuribman”, - dedi. Boshqasi esa: “Men boshimda non ko’tarib yuribman, qush undan yemoqda”, -dedi. Biz seni, shubhasiz yaxshi amal qilguvchilardan, deb bilmoqdamiz”. (Yusuf surasi 36-oyat).

Ya’ni: Misr hokimi va a’yonlari Yusufni zindonband qilishga hukm qilishdi va u bilan zindonga avval podshoh xizmatkorlaridan bo’lgan yana ikki yigit ham tashlandi. Ularning birinchisi podshohning soqiysi bo’lib, u Yusuf alayhissalomga shunday dedi: “Men tushimda sharob tayyorlayotgan emishman”. Ularning ikkinchisi, podshohning nonvoyi bo’lib, u dedi: “Men tushimda ko’rdimki, boshim ustida non solingan bir savatni ushlab turganmishman, u nondan qushlar yeyotganmish”.

Ya’ni: ey Yusuf (alayhissalom), biz ko’rgan ushbu tushni ta’bir qilib ber, chunki biz seni tushlarning ta’birini yaxshi biladigan kishilardan deb gumon qilmoqdamiz.

Yusuf alayhissalom ularning tushini ta’bir qilishdan avval O’zlarini va dinlarini tanishtirdilar hamda u ikkisini Alloh taologa ibodat qilishga chaqirdilar. Allohning yolg’iz O’zi ibodat qilishga munosib ekanini tasdiqlovchi ko’plab dalillarni keltirdilar. Bu o’z aqiydasi va diniga sodiq qoluvchi, uni odamlar orasida yoyilishiga harismand bo’lgan har bir solih, aqlli, muxlis bandaning tutgan yo’lidir. Zero, ular hikmatli so’zlari bilan o’zgalarni Allohga iymon keltirish va U Zot buyurgan amrlar bo’yicha hayot kechirishga chaqiradilar hamda ular ham bunday kishilarning da’vatlariga javob qiladilar.[1]

Endi ikki yigitning fikrlarini ishg’ol qilib turgan masalaga, ular ko’rgan tushlarni ta’bir qilishga o’tadilar:

“Ey, hamzindon do’stlarim, sizlardan biringiz xo’jasiga xamr soqiyligi qiladir. Boshqasi bo’lsa, osiladi va qushlar uning boshidan yeydir. Siz bilmoqchi bo’lgan ish bitdi”, - dedi. (Yusuf surasi 41-oyat).

“Va u o’zi ikkovlaridan najot topguvchi deb bilgan shaxsga: “Xo’jang huzurida meni esga ol”, - dedi. Shayton unga xo’jasiga eslatishni unittirdi. Bas, u qamoqda bir necha yil qoldi”. (Yusuf surasi 42-oyat).

Oyatda “xojang” ma’nosini beradigan “rabbing” so’zi ishlatilgan. Muhyiddin ibn Arabiy so’ziga ko’ra, o’sha davrda Allohdan boshqalarga ham shu so’zni ishlatish joiz bo’lgan. Zero, “rabb” so’zi parvardigor ma’nosi bilan birga xoja, ega, molik ma’nolarini ham anglatadi.

“Bir necha yil” tafsirlarda yetti yil deb ko’rsatilgan. Buning boisi zindondan ozod etilib ketayotgan soqiy orqali shohga o’zini eslatish va shu sababli ozodlikka iroda etgani edi. Bu ishlari Allohga xush kelmagani to’g’risida Jabroil alayhissalom kelib, Yusuf alayhissalomga aytgan. Oldingi besh yil bilan bu etti yil qo’shilib, o’n ikki yil zindonda yotgan bo’ladi.[2]

“Podshoh: “Men tushumda yettita semiz sigirni yettita oriq sigir yeyotganini va yettita yashil boshoqni va shuncha qurug’ini ko’rmoqdaman. Ey a’yonlar, agar tush ta’birini qiladigan bo’lsangiz, menga tushimning fatvosini bering”, - dedi”. (Yusuf surasi 43-oyat).

Misr podshohining “ko’rmoqdaman” deb aytishidan mazkur tushni bir emas, bir necha marta ko’rganligi ma’lum bo’ladi. U faqat shu tushni ko’raverganidan keyin a’yonlarini to’plab, ularga tushini aytgan va ta’bir qilishlarini so’ragan.

“Ular: “Bu alg’ov-dalg’ov tushdir. Biz bunday tushlarning ta’birini biluvchi emasmiz”, - dedilar”. (Yusuf surasi 44-oyat).

Aslida, a’yonlar podshoh tushining yaxshilikka dalolat qilmasligini bilsalar ham, qandaydir ko’ngilsizlikka ishora ekanligini anglasalar ham, bu haqda hech narsa demadilar.

“Va ikkisidan najot topgani ancha muddat o’tganidan so’ng xotirlab: “Buning ta’birining xabarini sizga men beraman. Meni yuboring”, - dedi”. (Yusuf surasi 45-oyat).

Ya’ni, meni Yusuf (alayhissalom)ning huzuriga yuboring, dedi. Uni yubordilar. U qamoqqa kirib, Yusuf (alayhissalom)ni topdi, unga qarab:

“U: “Yusuf, ey, rostgo’y zot, bizga yettita semiz sigirni yettita oriq sigir yeyayotganining va yettita yashil bashoqning va shuncha qurug’ining ta’birini ayt. Shoyadki, odamlarga qaytib borsam, ular ham bilsalar”,- dedi”. (Yusuf surasi 46-oyat).

Soqiy yigit Yusuf alayhissalomni “siddiq”-rostgo’y zot, deb atamoqda.

Chunki, u Yusuf alayhissalomning rostgo’yligini tajribada sinab ko’rgan

“U ketma- ket yetti yil ziroat qilasizlar. Yig’ishtirib olgan hosilingizni bashog’ida qoldiring. Magar ozgina yeydiganingizni (qoldirmasangiz ham bo’lur). (Yusuf surasi 47-oyat).

“So’ngra, undan keyin yettita shiddatli (yil) kelur, ular oldindan tayyorlab qo’yganingizni yeydilar. Magar, ozgina asrab qo’yganingizgina qolur”. (Yusuf surasi 48-oyat).

“So’ngra, shundan keyin bir yil keladi, unda odamlar serob qilunurlar va unda (mevalarni) siqurlar”, - dedi”. (Yusuf surasi 49-oyat).[3]

Bu oyatda kelayotgan bashorat podshohning tushidan tashqaridadir. Ya’ni, Misr podshohi ko’rgan tushda bunday yilga ta’bir qilinadigan ishora yo’q. Bu keyingisi Yusuf alayhissalomning Payg’ambarlik mo’jizalaridir. Yetti yillik serobchilikdan keyingi yetti qahatchilik yili tugab, undan so’ng keladigan yilda nihoyatda serobchilik bo’lar ekan. Unda odamlar ustidan baraka yo’g’ilib, farovonlik, mo’l-ko’lchilik bo’lar, odamlar yeganlaridan tashqari, turli mevalarni siqib, lazzatli ichimliklar ham tayyorlashar ekan. [4]

Mahmudov Qahramon

 

[1] الدكتور محمد سيد طنطاوى شيخ الأزهر.القصة فى القرآن الكريم. الجزء الثانى. دار نهضة مصر.القاهرة.1997م.- ص.235.

[2] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri “O’zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2014y. –B.240.

[3] Qur`oni karim va o`zbek tilidagi ma`nolari tarjimasi. Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi. Anqara – 2021y. –B.240.

[4] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.  Tafsiri Hilol. “HILOL-NASHR”, Toshkent: 2018y. 3-juz –B.171.


Kiritilgan vaqti: 13/06/2022 07:51;   Ko‘rilganligi: 2260
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/yusuf-alayhissalomning-tushni-tabir-qilishlari
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 01:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing