Yoshlarimizdagi ma'naviyatning sustligi, kitobxonlikdan chetda bo‘lish OILALARIMIZDA farzandga e'tiborning yo‘qligidan
Bilamizki, XXI asr – axborot va texnologiyalar asri hisoblanadi. Bugungi kunda internetga bo‘lgan ehtiyoj kun sayin ortib bormoqda. Har narsaning bir manfaati bo‘lish bilan birga zarari ham bo‘lishi tabiiy. Jumladan, internet ham ayrim manfur kimsalar uchun “qurol” vazifasini bajarmoqda. Mana shu qurol orqali ma'naviyatimiz hamda milliy qadriyatlarimizga o‘z ta'sirini o‘tkazmoqda.
Bu esa, o‘z-o‘zidan ma'naviy tahdidni yuzaga keltirishga sabab bo‘lmoqda. Ushbu illat inson erkinligi, uni o‘ziga g‘oyaviy qaram qilish, ruhiy dunyosini izdan chiqarishga qaratilgan bo‘lib, u jozibali shiorlar va g‘oyalar ostida yashiringan bo‘ladi, albatta. Diniy va milliy rishta-yu qadriyatlar tomiriga bolta uradi, yoshlarning qalbini va ongini egallashga, ularning dunyoqarashiga zararli tushunchalarni singdirishga harakat qiladi, oxir-oqibat mamlakat xavfsizligi va milliy manfaatlarga tahdid solib, jamiyatni inqiroz ko‘chasiga olib keladi.
Shu o‘rinda “ma'naviy tahdid deganda, avvalo tili, dini, e'tiqodidan qat'iy nazar, har qaysi odamning tom ma'nodagi erkin inson bo‘lib yashashiga qarshi qaratilgan, uning aynan ruhiy dunyosini izdan chiqarish maqsadini ko‘zda tutadigan mafkuraviy, g‘oyaviy va informatsion xurujlarini nazarda tutish lozim, deb o‘ylayman”.
Hozirgi kunda internet ovchilari qabih niyatlarini amalga oshirish uchun yosh, hali ma'naviyati to‘la qonli shakllanmagan va g‘o‘r o‘g‘il-qizlarni o‘z qarmoqlariga hech qiyinchiliksiz ilintirmoqda.
Buning sababi nima?! Nima uchun yoshlarimiz bunday yot g‘oyalarga ishonuvchan? Nima sababdan hozirgi kunda internet yoshlarning ovunchoq maskaniga aylandi?! Bularning asosiy sabablaridan biri, ularning ma'naviyati sustligi va dangasaligidandir.
Ma'naviyatning sustligi esa, kitobxonlikdan chetda bo‘lish, tarbiyasizlik, kelajakka befarqlik, yalqovlik, loqaydlik va shu kabi salbiy tushunchalar orqali yuzaga keladi. Yana bir misolga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, oilalarimizda farzandga e'tiborning yo‘qligi hisoblanadi.
O‘smir yoshdagi bolalar e'tibor talab, qiziquvchan, tez-tez fikrini o‘zgartiruvchi, qaysar bo‘lib qoladi. Bu davrda yoshlarni o‘z holiga tashlab qo‘yish, ularni o‘z yo‘lini topib ketadi deyishning oqibati yaxshi emasligi barchaga ma'lum.
Ota-onaning befarq va loqaydligi tufayli farzand mehrni boshqalardan izlay boshlaydi. Buning natijasida internet ovchilarining qo‘liga tushib qoladi. Qayerda beparvolik va loqaydliklik hukm sursa, shubhasiz, o‘sha joy parokandalikka yuz tutadi. Loqayd odamdan hech qachon yaxshilik chiqmaydi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, yoshlarimizning ma'naviy olamida bo‘shliq vujudga kelmasligi uchun ularning qalbi va ongida sog‘lom hayot tarzi, milliy va umummilliy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg‘usini bolalik paytidan boshlab shakllantirishimiz zarur.
Jahongirxon Abrorov O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati xodimi
Kiritilgan vaqti: 21/01/2023 11:58; Ko‘rilganligi: 706
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 13:14