O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Yoshlar tarbiyasiga loqaydlik — kelajak tamalini buzish bilan barobar.

 
 

Ijtimoiy tarmoqlar – insonning o‘z oldiga qo‘ygan ma'lum vazifalarini osonlashtiruvchi bir vosita xolos. Hamma narsa o‘z me'yorida bo‘lishi kerak. Shunday ekan, mazkur vosita – yordam berish o‘rniga sizning shaxsiy hayotingizni buzishga kirishyaptimi, yohud oila tinchligi uchun rahna solyaptimi, undan darhol voz kechish lozim.

Internet ham yaratganning bizga bergan bir ne'mati, undan to‘g‘ri yo‘lda foydalanaylik va vaqtimizni bekor isrof qilmaylik. Vaqtimizni va kompyuterga ketadigan umrimizni nazorat qilishni o‘rganaylik. Tarmoqdagi notanish kimsalarga ishonmaslik kerak. Internetda istagan kishining asl maqsadini yashirib, boshqacha bo‘lib olish juda oson.

Alloh taolo inson zotiga aqlu idrok ato etish bilan uni yaratgan barcha mavjudodlaridan afzal qildi. Shu bois odamzot hayvonlardan farqli o‘laroq, o‘z hatti-harakatlarini ongli ravishda amalga oshiradi. Shuning uchun ham Alloh taolo insonlarga o‘z jinslaridan bo‘lgan, o‘zlarining orasida yashaydigan kishilardan payg‘ambarlar yubordi va barcha ilohiy ko‘rsatmalarini ularning onglariga mos qilib nozil qildi. Ushbu ilohiy ko‘rsatmalar orqali Alloh taolo bandalariga foydali bo‘lgan narsalarni bayon qilish bilan bir qatorda, ularni dunyo va oxiratlari uchun zararli bo‘lgan narsalardan ogoh qilib kelgan.

Bugun dunyo tez o‘zgarib, undagi voqealar, mafkuralar, g‘oyalar to‘qnashuvi, shuningdek, Yaqin Sharq mamlakatlaridagi qurolli mojarolar, ibodat uylaridagi qo‘poruvchilik ishlari bizni har qachongidan sergak va ogoh bo‘lishga undaydi. Inson o‘zi uchun halovat va tinchlikni o‘z idroki va bilimi bilan ta'minlaydi. Mamlakatimizda yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom ruhida kamol toptirish, ularni ma'naviyatimizga yot zararli g‘oyalar ta'siridan himoyalashga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Aslida ogoh bo‘lish lozim bo‘lgan sohalar juda ko‘p. Masalan, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam: «Besh narsani besh narsadan avval g‘animat biling!»,— degan hadislarida «Sog‘likni bemor bo‘lishdan oldin, yoshlikni keksalikdan oldin, boylikni faqirlikdan oldin, xotirjamlikni mashg‘ul bo‘lib qolishdan oldin va hayotni o‘limdan oldin» g‘animat bilib, ularni beparvolik bilan qo‘ldan boy berib qo‘ymaslik uchun ogoh bo‘lib yashashlikka chaqirganlar. Biz mo‘min-musulmonlar Allohning marhamatidan umidvor bo‘lsak, Uning chaqirig‘iga itoat etib, yurtimiz va xonadonimiz tinchligi, hayotimiz farovonligi hamda oxiratimizning obod bo‘lishiga pand beradigan unsurlardan ogoh bo‘lmog‘imiz, ularni bartaraf etish uchun sa'y harakat qilmog‘imiz lozim.

H.Temirov O‘MI - Samarqand viloyat vakilligi xodimi


Kiritilgan vaqti: 21/08/2023 16:22;   Ko‘rilganligi: 163
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/yoshlar-tarbiyasiga-loqaydlik-kelajak-tamalini-buzish-bilan-barobar
Chop etilgan vaqti: 17/05/2024 13:37
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing