O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

YO‘L-HARAKATI XAVFSIZLIGI BORASIDA DINIMIZ TALABLARI

 
 

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي شَرَعَ لَنَا مِنَ الْآدَابِ وَالْأَحْكَام

وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الَّذِي كَانَ نَمُوذَجًا لِلْعُلَمَاءِ وَالْعَوَامِّ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ،

أَمَّا بَعْدُ.

Dinimiz ko‘rsatmalari inson hayotining hamma jihatini o‘z ichiga qamrab oladi va uning shaxsiy, oilaviy va ijtimoiy hayotidagi o‘rnini belgilab beradi. Musulmon kishi o‘zgalar bilan muomala qilishda chiroyli xulqli bo‘lishi – ayni dinimiz talabidir.

Shuningdek, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam mo‘minlarning chiroyli xulqlarga odatlanishi Islomning shiori ekanini e'lon qilganlar. Jumladan, piyoda va avtomashinalarda yurishning ham o‘ziga yarasha qoidalari bor. Bu mavzuning muhimligi shundaki, hozirgi kunimizda transport vositalari sezilarli darajada ko‘paydi. Shu bilan birga yo‘l-transport hodisalari va talofotlar ortmoqda. Bu esa ham haydovchi, ham piyodaga qo‘shimcha mas'uliyat yuklaydi. Inson zotiga turli xil ulovlarning bo‘ysundirilishi, harakatlanishi uchun qulay yo‘llar qilingani, keyingi asrlarda yangi-yangi transport vositalarining kashf etilishi Alloh taolo tomonidan ato etilgan ulug‘ ne'matlardir.

Bu haqda Alloh taolo O‘z kalomida shunday marhamat qiladi:

ya'ni: “Shuningdek, ular (mazkur hayvonlar) sizlar jonlaringizni qiynab yetadigan yurtlarga yuklaringizni ko‘tarib borur. Albatta, Rabbingiz mehribon va rahmlidir. U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi). Yana, sizlar (hali) bilmaydigan narsalarni ham yaratur” (An-Nahl surasi 7-8-oyatlar). Aksariyat yo‘l transport hodisalari mast holda mashinani boshqarish, tezlikni me'yordan oshirish, telefonda gaplashish sababli yuz beradi. Mast qiluvchi ichimliklarni ichish – katta gunoh, mast holda rulga o‘tirish – bundanda og‘irroq jinoyat. Telefonda gaplashish esa haydovchining ham, piyodaning ham diqqatini oladi. Falokat uchun odam bir necha soniya chalg‘ishi kifoya qiladi. Dinimiz ko‘rsatmalarida inson odatda piyoda yurganda ham, ulovda yurganda ham, mo‘tadil bir tezlikda yurishga targ‘ib qilinadi. Piyoda yurganda haddan tashqari tez yurish mo‘minning haybatini ketkazadi. Ulovda haddan ziyod tez yurish kibr va o‘zini boshqalardan ustun qo‘yish sababli bo‘ladi. Bu haqda Alloh taolo O‘z kalomida shunday deydi:

وَلَا تَمْشِ فِي الْأَرْضِ مَرَحًا ۖ إِنَّكَ لَن تَخْرِقَ الْأَرْضَ وَلَن تَبْلُغَ الْجِبَالَ طُولًا

ya'ni:Yer yuzida kibrlanib yurma! Chunki sen (oyoqlaring bilan) zinhor yerni tesha olmaysan va uzunlikda tog‘larga yeta olmaysan(Isro surasi 37-oyat).

         Yuqoridagi oyati karima haydovchilarni ham ulovlarida og‘ir-bosiqlik va sabr bilan, shoshmasdan yurishga chaqiradi. Tanganing ikki tomoni bo‘lgani kabi, yo‘llarda juda sekin harakatlanuvchi transport vositalari, boshqalarga noqulaylik tug‘diradi, yo‘lda tirbandlik hosil qiladi. Buni ham hisobga olish kerak.

Albatta, har bir yo‘l harakati ishtirokchisi yo‘l harakat qoidalari va yo‘lda yurish odoblariga rioya qilib, bir-biriga nisbatan hurmat va bag‘rikenglik bilan muomala qilishsa, o‘zi yaxshi ko‘rganni o‘zgalarga ham ravo ko‘rsa, yaxshi natijalarga erishamiz. Zero, tez borgan joyga sekinroq ham boramiz, vaqt jihatidan ham bu katta farq qilmaydi.

 M.Jomonqulov - Bulung‘ur tumani bosh imom xatibi            


Kiritilgan vaqti: 02/06/2021 19:33;   Ko‘rilganligi: 541
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/yol-harakati-xavfsizligi-borasida-dinimiz-talablari
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 10:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing