O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Yo‘l harakati qoidalariga amal qilish - barchamizning burchimizdir

 
 

Islom dinida musulmonlar uchun berilgan ko‘rsatmalar inson hayotining barcha jihatini o‘z ichiga qamrab oladi va uning shaxsiy hamda ijtimoiy hayotidagi o‘rnini ham belgilab beradi.

Insonga harakatlanishi qulay bo‘lishi uch turli xil ulovlarning bo‘ysundirib qo‘yilishi hamda so‘ngi vaqtlarda yangi-yangi transport vositalarining kashf etilishi – Alloh taolo tomonidan bandasiga in'om etilgan ulug‘ ne'matlardan hisoblanadi. Bu haqida Alloh taolo O‘z kalomida quyidagicha marhamat qilgan: Shuningdek, ular (mazkur hayvonlar) sizlar jonlaringizni qiynab yetadigan yurtlarga yuklaringizni ko‘tarib borur. Albatta, Rabbingiz mehribon va rahmlidir. U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi). Yana, sizlar (hali) bilmaydigan narsalarni ham yaratur” (Nahl surasi 7,8-oyatlar).

Musulmonlar transport vositasini boshqarishda rioya etishi lozim bo‘lgan ko‘plab odoblar mavjud. Eng muhim vazifa – inson ulovda yurganida o‘zining, piyodalar, yo‘lovchilar va boshqa haydovchilarning hayotiga xavf solmasligi lozimdir. Qoidani buzish – boshqa bir yo‘l harakati ishtirokchisi haqqini poymol qilish va unga zulm qilish hisoblanadi.

Qaysiki musulmon haydovchining beparvoligi va yo‘l harakati tartib-qoidalariga rioya etmasligi oqibatida baxtsiz hodisa ro‘y bersa, haydovchi amaldagi qonunlar asosida javob berishi, shariat nuqtai-nazaridan esa gunohkor bo‘lishi hamda Qiyomat kunida Alloh taoloning huzurida ham javob berishini yoddan chiqarmasligi lozim. Vaholanki, Alloh taolo Qur'oni Karimda “Sizga qanday yaxshilik yetsa, u Allohdandir. Sizga qanday noxushlik yetsa, u o‘zingizdandir....” – deya marhamat qilgan.

Ta'kidlab o‘tish joizki, ko‘pgina yo‘l-transport hodisalariga boshqaruvda haydovchining mast holda ekanligi sabab bo‘ladi. Zero, mast holda rulga o‘tirish avvalo amaldagi qonunlarni qo‘pol ravishda buzish, islomda esa og‘ir gunoh hisoblanadi. Chunki haydovchi nafaqat o‘zining balki yo‘lovchilarning ham xavfsizligiga mas'ul hisoblanadi. Shu sababli ham haydovchining yo‘l harakati xavfsizligiga rioya qilishi Islom shariatida vojib hisoblanadi.

Biz hammamiz bilamizki, yo‘l barchaniki. Shunday ekan yo‘l - butun jamoa foydalanadigan tarmoq ekan bunda haydovchilar ham piyodalar ham harakat davomida bir-birlariga o‘zaro odob va madaniyat bilan munosabatda bo‘lishlari, qo‘pol so‘z va xatti-harakatlardan saqlanishlari lozimdir. Xulosa o‘rnida aytishimiz joizki, barchamiz yo‘l harakati xavsizligi qoidalariga rioya qilish - shariatimiz talabi deya yashamoqligimiz lozim bo‘ladi. Alloh taolo hammamizni yo‘l harakatidagi barcha qonun-qoidalarga amal qiladigan va o‘zaro hurmatda bo‘ladigan musulmonlar qatorida bo‘lishligimizni nasib aylasin !!!

 

Nasrullo Islamov  Oqdaryo tumani “Maxdumi A'zam” jome masjidi imom-noibi


Kiritilgan vaqti: 02/06/2021 19:26;   Ko‘rilganligi: 565
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/yol-harakati-qoidalariga-amal-qilish-barchamizning-burchimizdir
Chop etilgan vaqti: 24/04/2024 23:40
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing