O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Yaxshilik-jannat kaliti

 
 

Dini pokimiz insonlarning o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lishi, xar qanday holatda bir-birlariga yaxshiliklar qilishga buyuradi. Albatta, insonlar dunyo xayotida Alloh taolo qazoi-qadari ila har xil hayot kechiradi. Chunki dunyo hayoti sinovlardan iborat; birov faqir yashaydi, birov dard-bemorlikdan qiynaladi, yana kimdir zulmga uchragan va hakoza.  Ana shunday og‘ir damlarda mo‘min kishi mashaqqatga uchragan birodariga yordam qilmog‘i, dardiga malham bo‘lishi zarur hisoblanadi.

Abu Hurayra roziyallohudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollalohu alayhi vasallam-“Kim bir mo‘mindan bu dunyo mashaqqatlaridan bir mashaqqatni aritsa, Alloh taolo undan qiyomat kuni mashaqqatlaridan birini aritadi. Kim bir kambag‘alning ishini yengillatsa, Alloh uning budunyoda oxirat ishlarini yengillatadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh uning bu dunyoda va oxiratda ayblarini berkitadi. Madomi-ki, banda o‘z birodarining yordamida ekan, Alloh ham uning yordamida bo‘ladi”- dedilar(Imom Muslim rivoyati).

Hazrati Nabiyimiz alayhissalom bu muborak hadislari ila biz ummatga juda muhim tavsiyalarini bermoqdalar. Albatta qiyomat kuni nihoyatda og‘ir-dahshatli kun. Hamma o‘zi bilan avora bo‘lib turgan paytda bizning barcha solih amallarimiz asqotadi inshaalloh. Bu dunyoda sinov va mashaqqatga uchragan birodariga yordam qilgan yoki uning ayblarini berkitgan Alloh ikki dunyoda aziz qilarkan.

Yaqinda bir yigit kelib bir voqeani aytib berdi:“Oliygohga kirish uchun ustozlardan dars olib, bir yilga yaqin tayyorlandim. Juma namozida domladan eshitib qoldim: “Kimki mushkullari oson va duosi tez qabul bo‘lishini xohlasa yetim va miskinlarga ko‘p yaxshilik qilsin. Zero, miskin, beva, yetimlarga yaxshilik qilish savobi shahidlik ajriga teng”. Shundan sung yetim, miskinlarga qo‘limdan kelgancha yaxshilik qila boshladim. Natijada, ularning duolari sabab bo‘lib, Allohning marhamati ila tibbiyot oliygohiga o‘qishga qabul qilindim”.

Azizlar, Nabiyimiz sollolahu alayhi vassallam aytganlaridek “Yaxshilik jannatdagi bir daraxtdir, shoxlari esa bu dunyoda. Kim uni mahkam ushlasa jannatga olib boradi”.

Alloh taolo barchalarimizni silai rahm qiladigan, ko‘p-ko‘p yaxshilik qiluvchi muhsin bandalaridan qilsin. Amiyn.

A.Shukurov Narpay tuman “Ko‘k ota” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 17/11/2023 15:13;   Ko‘rilganligi: 275
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/yaxshilik-jannat-kaliti
Chop etilgan vaqti: 03/05/2024 17:32
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing