O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

YARIMTA XURMO BILAN BO‘LSADA...

 
 

Shu'ba ibn Hajjoj rohimahulloh o‘z davrining eng ko‘p hadis yodlagan olimi edi. Sufyon Savriy rohimahulloh: "Shu'ba hadisda mo‘minlar amiridir", der edi.
Imom Ahmad rohimahulloh esa: "Bu zamonda hadis ilmida Shu'baga o‘xshagani yo‘q", der edi.
Imom Shofi'iy rohimahulloh: "Agar Shu'ba bo‘lmaganida Iroqda hadis ilmi bilinmas edi", degan.
Imom Shu'ba rohimahullohdan juda ko‘pchilik dars olgan. Abdulloh ibn Muborak, Sufyon Savriy, Kisoiy, Qozi Abu Yusuf, Asma'iy, xalifa Horun ar-Rashid rohimahumullohlar uning shogirdlaridir.

Shu'ba ibn Hajjoj rohimahulloh saxiy va oliyjanob kishi edi. Uning do‘sti Abu Dovud Tayolisiy aytadi:
"Biz Shu'baning huzurida edik. Sulaymon ibn Mug‘iyra yig‘lab kelib qoldi. Shu'ba:
- Nega yig‘layapsan ey Abu Sa'id?- dedi.
Sulaymon:
- Eshagim o‘lib qoldi. U bilan juma namoziga borar edim, ko‘p ishlarni bajarar edim, dedi.
Shu'ba so‘radi:
- Eshagingni qanchaga olgan eding?
Sulaymon:
- Uch dinorga, dedi.
Shunda Shu'ba cho‘ntagidan pul chiqardi, uch dinor ekan. Uni Sulaymonga berib dedi:
- Bor pulim mana shu. Bunga eshak sotib olgin, yig‘lama!
Shu'ba rohimahullohning ko‘ngil olishiga qarang. Qoyil qolmasdan ilojingiz yo‘q. Bor pulini berib yubordi!

Abu Dovud rohimahulloh rivoyat qiladi:
"Biz Shu'baning huzurida hadis tinglayotgan edik. Bir tilanchi kelib qoldi. Shu'ba bizga "sadaqa qilinglar", dedi. Hech kim qimirlamadi.
Shunda Shu'ba yana: "Sadaqa qilinglar. Menga Abu Is'hoq Ma'qal ibn Adiy ibn Hotamdan rivoyat qilib aytdi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam: "Garchi yarimta xurmo bilan bo‘lsada do‘zaxdan saqlaning", dedilar, dedi.
Yana hech kim qimirlamadi. U yana dedi: "Sadaqa qilinglar. Menga Amr ibn Murra Haysama ibn Adiydan rivoyat qilib dedi: "Rasululloh sallollohu alayhi va sallam dedilar: "Garchi yarimta xurmo bilan bo‘lsada do‘zaxdan saqlaninglar. Agar topa olmasangiz garchi shirin so‘z bilan bo‘lsada do‘zaxdan saqlaninglar".
Yana hech kim qimirlamadi. Shu'ba dedi: "Sadaqa qilinglar. Muhill ibn Muhriz az-Zobbiy menga Adiy ibn Hotamdan rivoyat qilib aytdi: "Rasululloh sallollohu alayhi va sallam dedilar: "Garchi yarimta xurmo bilan bo‘lsada do‘zaxdan saqlaninglar".
Yana hech kim qimirlamadi. Shunda Shu'ba achchiqlanib dedi:
"Turing yo‘qoling! Allohga qasamki, uch oy sizga hadis aytmayman!".
U shunday deb uyiga kirib ketdi. Uydan ozgina xamir olib chiqdi. Uni tilanchiga berib dedi:
"Ol buni. Bugungi taomimiz shu edi!".

Sulaymon ibn Harb aytadi:
"Agar Shu'baning kiyimiga qarasang o‘n dirham ham turmas edi. Ammo sadaqada katta shayx edi".

Sadaqa qilishda aslida boylar munosib bo‘lsada, u molga bog‘liq emas. U nafsning to‘qligiga, qalbning tozaligiga bog‘liq. Sadaqani oz dema. Umuman bermaslik mahrumlikdir.
Alloh taolo pokiza zotdir, pokiza molni qabul qiladi. Yarimta xurmo bo‘lsa ham mayli. U ham bo‘lmasa shirin so‘z. Ammo tilanchiga hargiz yomon so‘z aytib mahrum kilmang.


A.Polvonov - Urgut tumani "Urgut markaziy" jome masjidi xodimi


Kiritilgan vaqti: 05/11/2021 06:22;   Ko‘rilganligi: 822
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/yarimta-xurmo-bilan-bolsada
Chop etilgan vaqti: 02/05/2024 07:49
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing