O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Yaratgan robbimiz mustaqilligimizni abadiy qilsin. Bizlarni nyematldarga shukr qilguvchilardan qilsin.

 
 

Mana katta xursandchilik-jannatmakon Vatanimiz Mustaqilligining 31 yilligi ham yaqinlashib qoldi. Mustaqilligimizga xamrox bo‘lib kelayotgan tinchlik-totuvlik, millatlar va dinlararo do‘stlik-bag‘rikenglik bizga ato qilingan katta ne'matlardandir.

1991 yil tug‘ilgan go‘dak hozir navqiron yoshda. Lekin mustaqilligimizga nisbatan bu go‘yo juda katta davrga o‘xshab ko‘rinadi. Chunki deyarli 31 yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlash yo‘lida qilingan mehnatlar, chekilgan zahmat-mashaqqatlar barcha yaxshi niyatli kishilarga yaqqol ayon.

Mustaqillikni orzu qilib, katta bir avlod, ne ne ulug‘ allomalar, millatimiz iftixorlari, vatanparvar insonlar armonda o‘tdilar, desak xato bo‘lmaydi. Mustaqillik uchun kurashgan ota-bobolarimiz, bu yo‘lda boshini har qanday balolarga tikkan, millatning ong-tafakkurini uyg‘otish va shakllantirish yo‘lida shahid ketgan jadid ulamolarimiz, sho‘ro istibdodiga qarshi kurashgan zahmatkash xalqimiz mutaqillik yo‘lida hech qachon chekinmadilar.

Mustaqillikning o‘ttiz bir yili davomida mamlakatimizda juda katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda deyarli hamma sohalarda tarixiy islohotlar yuz berdi, juda katta bunyodkorlik o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Yurtimizda Istiqlol quyoshi porlaganidan so‘ng xalqimizning azaliy orzulari ro‘yobga chiqdi. Milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an'ana-larimiz qayta tiklandi. Xayit bayramimiz bayram kuniga aylandi. Dinimizga, fuqarolarimizning erkin e'tiqod qilishlariga berilgan e'tibor va e'zoz tahsinga loyikdir. Avvalambor, O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasida “Vijdon erkinligi” alohida ko‘rsatilgan bo‘lib, har bir O‘zbekiston fuqarosi xohlagan dinga e'tiqod qilishlik huquqiga ega, deb alohida bandlar bilan belgilab qo‘yilganligi quvonarlidir.

Islom diniga berilayotgan e'tiborni viloyatimiz misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Bugungi kunda viloyatimizda jome masjidlari erkin holda faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari, ota bobolarimizning juda ko‘pchiligi orzu qilib yetisha olmagan Haj va Umra safarlariga shu yilning o‘zida xaj amalini bajarish uchun 12 mingdan ortiq xamyurtimiz borib, ibodatlarni to‘la to‘kis ado qilib, hukumatimiz rahnamoligida diyorimizga qaytib keldilar. Yana shuni kuvonch bilan ayta olamizki, muxtaram yurtboshimiz ham o‘zlari umra ibodatini bajarib yurtimiz, xalqimiz ravnaqi uchun duolar qildilar.

Insoniyat yashash davomida ezgu maqsadlarga yetish uchun doimo izlanadi va harakatda bo‘ladi. Ezgu maqsadli inson orzu-umidini amalga oshirishi uchun eng katta tayanch tinchlik va osoyishtalik muhitidir. Odatda, tinchlik so‘zi kishini bezovta qilmaslikni, holatlarning tinch va osoyishta, urush-janjalsizligini, hayot va turmush tizimini bir me'yorida bo‘lishini ifoda etadi. Oilada tinchlik va osoyishtalik hukm sursa, oila bardavom va mustahkam. El-yurtda tinchlik va osoyishtalik davom etsa, mamlakat taraqqiyoti, farovonligi, yurt ahlining turmushi obod bo‘ladi. Bularni aks ettiruvchi muqaddas qadriyatlarimiz, milliy urf-odat va rasm-rusumlarimiz, dinimiz bevosita xotirjamlik silsilasiga uzviy bog‘liqdir. Xalqimiz tinchlik va osoyishtalikni istab kundalik hayotida qator diniy va milliy fazilatlarni amalga oshiradi. Jumladan: ular ko‘rishganida salom beradi. Bu bir-birlariga tinchlik, omonlik tilash ramzidir. Duo qilsa, Yaratgandan xonadonlarimizni tinch, yurtimizni obod qilgin deb yuziga fotiha tortadi. Har bir yaxshilik, ezgulik ustida tinchlik bo‘lsin deya, kelajak uchun yaxshi niyatlar qiladi. To‘y-to‘novlarda to‘ylar bo‘laversin deydi, chunki to‘y tinch va farovon kunlar bois o‘tadigan tantanadir. Oilada yangi mehmon tug‘ilsa, go‘dakka uzoq umr, baland martaba, uning baxtiga tinchlik, ikki dunyo obro‘si va baxt-saodat bersin deb iltijo qiladilar. Bir so‘z bilan aytganda, insoniyatga, dov-daraxtga, chorva-molga, qurt-qumursqaga havodek zarur bo‘layotgan tinchlik-xotirjamlik, osoyishtalikdan ham ziyoda, mo‘tabar ne'mat yo‘q.

Oila va yurt notinch bo‘lsa, Alloh asrasin, to‘y-tomosha va hayot lazzatini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Inson biror luqmani xotirjam yutmaydi, har qanday koshona uy-joy, mol-mulk, bola-chaqa inson tanasiga og‘irlik qiladi.

Islom dini azaldan insoniyatga asl muruvvatni, xatto o‘zga din vakillariga extirom xamda bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishni o‘rgatib, ular bilan tinch-totuv yashashga, fitna va turli adovatlarga barxam berishga chaqirgan. Ko‘pmillatli yurtitmizda mana shunday o‘zaro xurmat, totuvlik va yakdillik davom etar ekan, Vatanimiz yanada farovon, yanada rivojlanishda davom etadi.

Mana shu dorilomon kunlarni g‘animat bilib buning shukronasini ado qilib, xar birimiz yurtimizning yanada ravnaq topishiga o‘z xissamizni qo‘shishimiz lozim. Alloh taolo o‘zining kitobida“Agar ne'matlarimga shukr qilsalaringiz men ne'matimni ziyoda qilib beraman”degan. Yaratgan robbimiz mustaqilligimizni abadiy qilsin. Bizlarni nyematldarga shukr qilguvchilardan qilsin.

 Abrorov Jahongirxon O‘MI Samarqand viloyat vakilligi xodimi


Kiritilgan vaqti: 24/08/2022 15:39;   Ko‘rilganligi: 525
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/yaratgan-robbimiz-mustaqilligimizni-abadiy-qilsin-bizlarni-nematldarga-shukr-qilguvchilardan-qilsin
Chop etilgan vaqti: 18/05/2024 12:52
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing