O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Xavorij oqimlari

 
 

VII asr ikkinchi yarmida xavorijlar orasida yigirmaga yaqin turli guruhlar paydo bo‘ldi. Ular ichida eng yiriklari – ibodiylar, azroqiylar va sufriylar bo‘lib, o‘z yo‘lboshchilari nomi bilan shunday atalganlar.

Ibodiylar. Ibodiya boshqa xavorij guruhlari orasida eng mo‘tadili hisoblanib, bizning davrimizgacha saqlanib qolgan yagona xavorij firqasidir. Bu mazhabning asoschisi umaviy xalifa Abdulmalik ibn Marvon (685-705) davrida vafot etgan Abdulloh ibn Iboddir. Mazkur mazhabning ta'limoti mo‘tadil bo‘lib, u qolgan musulmonlar bilan qiz olib-qiz berishdan, ular bilan meros ulashishdan qaytarmaydi. Shuningdek, ularning ta'limoti hujjat va isbot keltirib e'lon qilgandan so‘nggina boshqa musulmonlarga qarshi urush ochishga ijozat beradi.

Ibodiya fiqhiy mazhabi Ahli sunna mazhablari bilan ko‘plab amaliy diniy masalalarda, ya'ni furu'da mos keladi. Bu mazhabning ta'limoti ko‘plab qo‘lyozma va bosma kitoblarda jamlangan. Eng muhim chop etilgan kitobi Muhammad ibn Yusuf ibn Utfoishning o‘n jildda chop etilgan «Sharhi nil» asaridir. Mazkur mazhab vakillari Marokash, Umonda istiqomat qilishadi.

Azraqiylar. Azraqiylar guruhining asoschisi 685 yilda vafot etgan Nofi' ibn Azraqdir. Xavorij guruhlari orasida eng murosasiz va beshafqat sanalgan bu jamoa hozirgi kungacha yetib kelmagan. Azoriqa ta'limotiga xos bo‘lgan jihatlar quyidagilar:

-xalifa Ali roziyallohu anhuni kofir hisoblaganlar;

-gunohi kabira qilgan musulmonlarni kofir deb e'lon qilganlar;

-azoriqalardan bo‘lmagan musulmonlar, ularning qariyalari, ayol va bolalari qonini to‘kishni halol deb hisoblaganlar;

-hayz ko‘rgan ayollarga ham namoz o‘qish va ro‘za tutishni farz deb hisoblaganlar;

-mayda o‘g‘rilik uchun ham qo‘lni butunlay yelkadan kesib tashlashni buyurganlar.

Sufriylar. Sufriya ham xavorijlarning bir guruhi bo‘lib, Ziyod ibn Asfar degan kishi nomidan shunday deb ataldi. Sufriylar ta'limoti o‘zining nisbatan mo‘tadilligi bilan ajralib turadi. Bu guruhning ajralib chiqishiga xavorijlar orasida ko‘tarilgan iymon masalasidagi tortishuvlar sabab bo‘lgan. Ular azoriqadan farqli o‘laroq qo‘zg‘olonlarda qatnashmagan o‘z dindoshlarini kofirga chiqarmaganlar. Raqiblarning qariya, ayol va bolalarini o‘ldirishdan qaytarganlar. Ongli ravishda o‘z imonini amalda emas, faqat og‘zaki ravishda yashirishga yo‘l berganlar. Bu firqa VIII asrgacha o‘z faoliyatini davom ettirganligi haqida ma'lumotlar bor.

Bobobek Abdurahimov - Samarqand shahar “Qoraboy Oqsoqol” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 01/02/2023 10:22;   Ko‘rilganligi: 479
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/xavorij-oqimlari
Chop etilgan vaqti: 25/04/2024 19:19
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing