XATOLARNI TO‘ZATISHNI PAYG‘AMBARONA YO‘LLAR
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Biz Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bilan o‘tirgan edik, bir kishi kelib: «Yo Rasululloh, halok bo‘ldim», dedi. «Nima bo‘ldi?», dedilar. «Ro‘zador holimda ayolimga qo‘shilib qo‘ydim», dedi u. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qul ozod qila olasanmi?», deb so‘radilar. U: «Yo‘q», dedi. «Uzluksiz ikki oy ro‘za tutib berishga qodirmisan?», deb so‘radilar. «Yo‘q», dedi. «Oltmishta miskinga taom bera olasanmi?», dedilar. «Yo‘q», dedi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam jim turib qoldilar. Shu orada u zot huzurlariga bir savat xurmo olib kelib qolindi. «Savol so‘rovchi qayerda qoldi?», deb so‘radilar u zot. «Shu yerdaman», dedi haligi kishi. «Shuni olgin-da, sadaqa qilib yubor», dedilar.
Shunda haligi kishi: «O‘zimdan ko‘ra ham faqirroqlargami? Allohga qasamki, (Madinaning) ikki harrasi (ya'ni, ikki chekkasidagi toshloq) oralig‘ida mening xonadonimdan ko‘ra faqirroq xonadon yo‘q», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kulib yubordilar, hatto oziq tishlari ko‘rindi. So‘ngra: «Buni ahli-oilangga yedir», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati, Fathul Boriy: №1936).Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: «Otam meni Qurayshlik bir ayolga uylantirgandilar. U men(ing uyim)ga kirib kelganidan so‘ng men ibodatga – namoz va ro‘zaga bo‘lgan quvvatim sababli unga beparvo bo‘ldim. Amr ibn Os kelinlarining oldiga kirib: «Ering qanday odam ekan?», deb so‘rabdilar. Ayolim: «Juda yaxshi odam yoki juda yaxshi er, qo‘ynimizga qo‘l solmadi, hali to‘shagimizni tanimadi», deb javob beribdi. Otam menga kelib, ancha dashnom berdilar, «Men seni Qurayshning obro‘-e'tiborli ayoliga uylantirdim, sen esa uni tashlab qo‘yibsan, unday qilibsan, bunday qilibsan», dedilar. Keyin Nabiy sollallohu alayhi va sallamga borib, ustimdan shikoyat qilibdilar. Nabiy sollallohu alayhi va sallam menga odam yubordilar, men u kishining oldilariga bordim. U zot mendan: «Kunduzlari ro‘za tutasizmi?», deb so‘radilar. Men: «Ha», dedim. «Kechalarni namoz bilan o‘tkazasizmi?», dedilar. «Ha», dedim. «Lekin, men ro‘za ham tutaman, ro‘zasiz ham bo‘laman, namoz ham o‘qiyman, uxlayman ham, ayollar bilan birga ham bo‘laman. Kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, u mendan emas. Qur'onni har oyda bir bor o‘qib tugating», dedilar. Men: «O‘zimni bundan ko‘ra quvvatliroq deb bilaman», dedim. «Unda har o‘n kunda o‘qing», dedilar. Men: «O‘zimni bundan ko‘ra quvvatliroq deb bilaman», dedim. «Unda har uch kunda o‘qing», dedilar. So‘ng: «Har oyda uch kun ro‘za tuting», dedilar. «Undan ortiqrog‘iga ham quvvatim yetarli», dedim. Oz-ozdan oshirib bordilar, hatto: «Bir kun ro‘za tutib, bir kun ro‘zasiz bo‘ling. Chunki, bu eng afzal ro‘zadir. U birodarim Dovudning ro‘zasidir», dedilar. So‘ng Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Har bir obidning bir kuchayish pallasi bo‘ladi, har bir kuchayishning susayishi ham bo‘ladi. (O‘sha susayish) yo sunnatga yoki bid'at tomonga qarab bo‘ladi. Kimning susayishi sunnat tomonga bo‘lsa, hidoyatlangan bo‘ladi. Kimning susayishi bundan boshqa tarafga bo‘lsa, halok bo‘ladi.
«Har qanday amalning ayni rivojlangan pallasi bo‘ladi. Har qanday rivojning susaygan payti bo‘ladi. Kimki susaygan vaqtida mening sunnatimga moyil bo‘lsa, u albatta najot topadi. Kimki boshqa tomonga burilsa, albatta halok bo‘ladi», dedilar.
Mujohid aytadi: «Abdulloh ibn Amr keksayib, zaiflashib qolgan kezlari bir necha kunlar ro‘zani uzmay tutardi, keyin shuncha kun og‘zi ochiq yurardi. Qur'ondan vazifasini ham goho ko‘proq, goho kamroq o‘qirdi, biroq adadni yo yetti kun yo uch kun qilib to‘ldirardi. Keyinchalik u: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ruxsatlarini qabul qilgan bo‘lishim undan boshqaga burilishimdan ko‘ra yaxshiroq bo‘lardi ekan. Lekin, men u zotdan ajralgan paytimda bir ish ustida edim, endi undan boshqasiga o‘tib xilof qilishni istamayman», derdi. (Musnad: 2/158, Ahmad Shokir isnodini sahih sanagan: №6477). Ushbu voqeadan olinadigan foydalar
- Nabiy sollallohu alayhi va sallam muammoning sababini, ya'ni uning ibodatga ko‘p berilishdan kelib chiqqanini va ahli-ayolning haqqini ado etishga fursat qoldirmaganini, qusur shundan sodir bo‘lganini bildilar.
«Har bir haqdorga haqqini ber» qoidasi toat-ibodatga qattiq berilib ketgan kishi haqqiga ham ishlatiladi. Misol uchun, ko‘p dars berishga sho‘ng‘ib ketgan tolibi ilm yoki da'vatga mukkasidan ketgan da'vat sohibi ahli-ayoliga ziyon bo‘ladigan va ayoli undan shikoyat qiladigan darajaga yetgan bo‘lsa, bu narsa toatlarni bajarishda muvozanatdan chiqib ketishdan kelib chiqqan bo‘ladi va tolibi ilm darsini sal kamaytirib, da'vatchi da'vatni me'yoriga keltirib, oilasi va bola-chaqasi uchun ham vaqtini oshirishi lozim bo‘ladi
Amirov To‘lqin tayyorladi.
Kiritilgan vaqti: 04/12/2021 08:31; Ko‘rilganligi: 863
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 01:00