O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Xalqimizga islom mohiyatini to‘g‘ri tushuntirib berish, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish har qachongidan dolzarbdir

 
 

Bugungi kunda muqaddas dinimizga bo‘lgan e'tibor yangi bosqichga ko‘tarildi. Yildan-yilga muborak Haj va Umra safarlariga borayotganlar safi ortib, ular uchun yaratilayotgan sharoitlar ham kengaymoqda.

Prezidentimiz bugungi kunda din xizmatchilari, ibodatga bel bog‘lagan yurtdoshlarimizni atrofdagilarga o‘rnak bo‘lish, hayotda qoqilgan yoki adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga da'vat etmoqda.

Diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar boy ilmiy-tarixiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib qilishga xizmat qilish bilan birga necha asrlardan beri Islom diniga e'tiqod qilib kelayotgan xalqimizning diniy ma'rifatini yanada yuksaltirishda katta ahamiyatga ega.

Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarovni qabul qilar ekan, muloqotda diniy-ma'rifiy yo‘nalishlarda, buyuk ajdodlar ilmiy merosini o‘rganish va xalqimizga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilingan.

Suhbat jarayonida, bugungi tahlikali dunyoda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga islom mohiyatini to‘g‘ri tushuntirib berish, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois yurtimizda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash, diniy ta'lim sifatini yanada oshirish, ushbu yo‘nalishdagi ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganib, yurtimizdagi diniy ta'lim muassasalari faoliyatiga tatbiq etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta'kidlangan.

Ramazon oyi davomida barcha imom-xatiblar ishtirokida mahallalardagi 1 milliondan ziyod kam ta'minlangan aholining uyida iftorliklar uyushtirilgan. “Vaqf” xayriya jamoat fondi hisobidan yordamga muhtoj fuqarolarga 2 milliard 446 million so‘mlik xayr-u ehsonlar qilingan.

Bu yilgi Ramazon oyidagi yana bir muhim yangilik 1 400 nafar kam ta'minlangan fuqarolarning davlat tomonidan umra ziyoratiga yuborilishi bo‘ldi. Ular muqaddas manzillarda turib, xalqimizga tinchlik, fayzu baraka tilab xayrli duolar qildilar.

Shu bilan birga Prezident jamiyatda diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash, fuqarolarning vijdon erkinligini kafolatlash bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirgani rasmiy axborotlarda qayd etilmoqda.

Ushbu uchrashuv va unda muhokama qilingan masalalar davlatimiz tomonidan dinimizga qaratilayotgan e'tiborning yana bir namunasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Diniy sohada xizmat qilayotgan ulamolar, imom-xatiblar, mudarrislar va talabalarga hamda barcha islom diniga e'tiqod qiluvchi fuqarolarimiz bu kabi e'tibordan mamnun bo‘lmoqdalar. Shu bilan birga diniy soha xodimlari oldiga o‘z vazifalariga yanada sidqidildan yondashishlari, xalqimizni to‘g‘ri yo‘lda mustahkam borishlari, ularning hidoyatlaridan og‘ishmasliklari uchun buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma'naviy meroslarni targ‘ib etishlariga undovchi tarixiy uchrashuv bo‘lganligini ta'kidlashimiz lozim.

O‘MI Samarqand viloyati vakili

ZAYNIDDIN domla Eshonqulov


Kiritilgan vaqti: 29/04/2023 19:45;   Ko‘rilganligi: 578
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/xalqimizga-islom-mohiyatini-togri-tushuntirib-berish-jaholatga-qarshi-marifat-bilan-kurashish-har-qachongidan-dolzarbdir
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 03:39
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing