O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Vaqtimizni va kompyuterga ketadigan umrimizni nazorat qilishni o‘rganaylik.

 
 

Internetdan yaxshi yoki yomon maqsadda ham foydalanish mumkin, kimdir ilmini oshirish uchun unga kirsa, kimdir esa unda vaqtihushlik uchun va kimdir esa internetdan tuzoq maqsadida foydalanadi. Ha aytishingiz mumkin do‘st topsa so‘zlashsa nimasi yomon deb lekin undagi do‘stlarning ko‘nglidagi niyatini qayerdan bilamiz, bundan tashkari aziz vaqtimizni va mablag‘imizni bo‘lmag‘ur suhbatlarga sarflashdan nima foyda topamiz.

Ijtimoiy tarmoqlar – insonning o‘z oldiga qo‘ygan ma'lum vazifalarini osonlashtiruvchi bir vosita xolos. Hamma narsa o‘z me'yorida bo‘lishi kerak. Shunday ekan, mazkur vosita – yordam berish o‘rniga sizning shaxsiy hayotingizni buzishga kirishyaptimi, yohud oila tinchligi uchun rahna solyaptimi, undan darhol voz kechish lozim.

Shu o‘rinda bir hikoya yodimga tushdi; O‘tgan zamonda bir yigit ignaga ipni besh qadamdan otib o‘tirishni o‘rganadi va men juda nodir ishni uddaladim endi podshohning oldiga borsam meni mukofotlaydi deb podshohning saroyiga boribdi. Podshohning oldida unga o‘z hunarini ko‘rsatib besh qadamdan ipni ignaga o‘tkazibdi. Shunda podshoh bu yigitga ko‘rsatgan hunari uchun yigirma tanga bering va yana yigirma qamchi uring deb buyuribdi. Yigit oldiniga suyunibdi lekin qamchini eshtib xayron bo‘lib podshohdan so‘rabdi Yigirma tanga bilan mukofotladingiz yana nima uchun yigirma qamchi bilan jazolayapsiz? Podshoh; mukofotim hunaring uchun jazoga buyurishim esa shu o‘zinga ham o‘zgaga ham naf keltirmaydigan ishni o‘rganaman deb umringni qanchasini bekor ketkazganing uchun deb javob beribdi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak internet ham yaratganning bizga bergan bir ne'mati, undan to‘g‘ri yo‘lda foydalanaylik va vaqtimizni bekor isrof qilmaylik. Vaqtimizni va kompyuterga ketadigan umrimizni nazorat qilishni o‘rganaylik. Tarmoqdagi notanish kimsalarga ishonmaslik kerak. Internetda istagan kishining asl maqsadini yashirib, boshqacha bo‘lib olish juda oson.

Afsuski, xozirgi kunimizda Alloh taoloning o‘z bandalarini faqat tinchlik, osoyishtalik o‘rnatishga, bag‘oyat ezgu va xayrli ishlar qilishga undovchi bunday da'vatlarini unutgan qabih niyatli yovuz kimsalar ko‘payib ketdi. Afsuslanadigan jihati shundaki, bunday shaxslar o‘zlarini buzg‘unchiliklarini Islom dini ta'limoti bilan xaspo‘shlashga intilmoqdalar. Ayni damda bunday xatti-harakatlar xaq din-Islomga nisbatan noxolis fikrlar va qarashlar uyg‘otadi. Xalifalik davlatini tuzish da'vosi bilan chiqib, bu yo‘lda begunox insonlar qonini to‘kayotgan, yurtimiz tinchligiga, xalqimiz xotirjamligiga raxna solishga urinayotgan terrorchi buzg‘unchi oqimlar avval ham o‘z g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishga bir necha bor urinib keldilar. Ammo Alloh taoloning g‘azabiga, sog‘lom fikrli insonlarning qahriga, nafratiga uchrab yo‘qlikka yuz tutdilar. Hozirgi kunda ba'zi yurtdoshlarimiz xorijga ishlash maqsadida ketmoqdalar. Bu yurtdoshlarimiz masalaning faqat moddiy tarafini o‘ylayaptilar, vaholanki ma'naviy tarafdan ko‘rgan zararlari juda bisyordir.

Alloh taolo inson zotiga aqlu idrok ato etish bilan uni yaratgan barcha mavjudodlaridan afzal qildi. Shu bois odamzot hayvonlardan farqli o‘laroq, o‘z hatti-harakatlarini ongli ravishda amalga oshiradi. Shuning uchun ham Alloh taolo insonlarga o‘z jinslaridan bo‘lgan, o‘zlarining orasida yashaydigan kishilardan payg‘ambarlar yubordi va barcha ilohiy ko‘rsatmalarini ularning onglariga mos qilib nozil qildi. Ushbu ilohiy ko‘rsatmalar orqali Alloh taolo bandalariga foydali bo‘lgan narsalarni bayon qilish bilan bir qatorda, ularni dunyo va oxiratlari uchun zararli bo‘lgan narsalardan ogoh qilib kelgan.

Yurtimizda ma'naviy-ma'rifiy muhitni yanada barqarorlashtirish, aholi, ayniqsa, yosh avlodni turli g‘oyaviy va axborot xurujlaridan saqlash, hushyorlik va ogohlikka da'vat etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun dunyo tez o‘zgarib, undagi voqealar, mafkuralar, g‘oyalar to‘qnashuvi, shuningdek, Yaqin Sharq mamlakatlaridagi qurolli mojarolar, ibodat uylaridagi qo‘poruvchilik ishlari bizni har qachongidan sergak va ogoh bo‘lishga undaydi. Inson o‘zi uchun halovat va tinchlikni o‘z idroki va bilimi bilan ta'minlaydi. Mamlakatimizda yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom ruhida kamol toptirish, ularni ma'naviyatimizga yot zararli g‘oyalar ta'siridan himoyalashga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Aslida ogoh bo‘lish lozim bo‘lgan sohalar juda ko‘p. Masalan, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam: «Besh narsani besh narsadan avval g‘animat biling!»,— degan hadislarida «Sog‘likni bemor bo‘lishdan oldin, yoshlikni keksalikdan oldin, boylikni faqirlikdan oldin, xotirjamlikni mashg‘ul bo‘lib qolishdan oldin va hayotni o‘limdan oldin» g‘animat bilib, ularni beparvolik bilan qo‘ldan boy berib qo‘ymaslik uchun ogoh bo‘lib yashashlikka chaqirganlar. Biz mo‘min-musulmonlar Allohning marhamatidan umidvor bo‘lsak, Uning chaqirig‘iga itoat etib, yurtimiz va xonadonimiz tinchligi, hayotimiz farovonligi hamda oxiratimizning obod bo‘lishiga pand beradigan unsurlardan ogoh bo‘lmog‘imiz, ularni bartaraf etish uchun sa'y harakat qilmog‘imiz lozim.

Abrorov Jahongirxon - O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati xodimi


Kiritilgan vaqti: 25/04/2023 12:19;   Ko‘rilganligi: 219
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/vaqtimizni-va-kompyuterga-ketadigan-umrimizni-nazorat-qilishni-organaylik
Chop etilgan vaqti: 06/05/2024 01:05
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing