O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

VAQF VA UNING FAZILATLARI

 
 

Ezgu va xayrli ishlarga shoshilish har bir mo‘min-musulmonning sof e'tiqodi va yuksak axloq-odobi taqozo qiladigan bir xususiyatdir. Musulmonlar bir-birlariga mehr-oqibatli, bir-birlarini do‘st tutadigan, o‘zlariga ravo ko‘rgan barcha yaxshiliklarni dindosh birodarlariga ham ilinadigan zotlar bo‘lishi Alloh taolo buyurgan ishlardan hisoblanadi. Ular yashaydigan jamiyatda imkoniyati cheklanmagan insonlar mehnat qilish huquqiga, cheklanganlari esa yaxshi hayot kechirishlari uchun barcha shart-sharoitlardan foydalanish huquqiga egadirlar. Agar bu jamiyatda biror kishi ochlikdan vafot etadigan bo‘lsa, uning gunohi butun bir mahallaning zimmasiga yozilishi fiqhiy adabiyotlarda yaqqol ko‘rsatib o‘tilgan.

Musulmonlar jamiyati aslida ana shu ko‘rinishda bo‘lishi lozim. Islom faqat ma'raka-marosimlar dini emas. Qalbga yoki hayotga o‘zining ta'sirini o‘tkaza olmaydigan toat-ibodatlar, quruqdan-quruq shiorlar dini emas. Bu Islom, shubhasiz, insonlar qalbiga barqaror o‘rnashib qoladigan bo‘lsa, faqat ezgu amallarga undaydigan, hayotning gullab-yashnashiga xizmat qiladigan bir dindir.

Xayrli va ezgu ishlar hamda taraqqiyot yuzasidan o‘zaro hamkorlik va tenglik asosida hayot kechirish insonlarga ham, Vatanga ham ulkan manfaatlar olib keladi. Chunki bu ishlar qalbning tozaligi, nafsning pokligi alomatidir. Bunday xislat egalari boshqalarga ham manfaat va ko‘mak berish harakatida bo‘ladilar. O‘zgalarni do‘st va birodar tutadigan zotlar bo‘ladilar. Ular bilan bir jamiyatda hayot kechiradigan har bitta inson o‘zini ana o‘sha jamiyatning to‘laqonli bir a'zosi sifatida ko‘radi. Qarabsizki, o‘rtadagi aloqalar mustahkamlashgan, o‘zaro ishonch ortgan, bir-birlariga faqat mehr-oqibat bilan yondashadigan insonlar yashaydigan bir jamiyat vujudga kelgan bo‘ladi.

Alloh taoloning mana bu oyatini bir mulohaza qilib ko‘ring-a: “Ularning mol-mulklarida ma'lum haq bordir. So‘rovchi va bechoralar uchundir”[1].Ulamolar mazkur oyatda zikr qilingan “ma'lum haq”dan murod aynan zakot va miqdori ma'lum bo‘lgan sadaqalardir, deganlar. Biz bu oyatlarni yana ham kengroq tushunadigan bo‘lsak, quyidagi ma'nolar kelib chiqadi: mo‘minlarning mol-mulklarida har doim ma'lum bir ulush ajratib qo‘yilgan bo‘ladi. Ular uni so‘rovchilar va imkoniyati cheklangan insonlarning haqi deb bilganlari uchun ajratib qo‘ygan bo‘ladilar. Bu ishning zamirida baxillik va ziqnalikdan iborat salbiy illatlardan qutilish, mol-dunyoga bo‘lgan ochko‘zlik ustidan g‘oliblikni qo‘lga kiritish, shuningdek, jamiyat oldidagi mas'uliyatni his qilib yashash bordir.

Allohning roziligi uchun har qanday ko‘rinishda xayr-ehsonlar qilishning maydoni juda ham keng bo‘lib, ma'lum bir doiralar bilan chegaralanib qolmaydi. Dinimiz mana shu ezgu maqsadni amalga oshirish yo‘lida ulkan imkoniyatlarni yaratib berganki, ular orqali jamiyatdagi kambag‘allikni kamaytirish, hatto yo‘qotishga ham muvaffaq bo‘lish mumkin. Keyingi paytda zamonamizning atoqli ulamolari dunyo miqyosida yo‘qsillik va kambag‘allikka qarshi eng samarali kurash vositasi sifatida islomiy moliya tizimini ilgari surishayotgani bejizga emas, albatta.

Har bir mo‘min banda o‘ziga munosib bo‘lgan ibodat turini yaxshi bilib olishi va shunga muvofiq amal qilishi uning o‘zi uchun ham, boshqalar uchun ham manfaatli bo‘ladi. Badavlat mo‘minlar ehtiyojmand va kam ta'minlangan dindosh birodarlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va bu orqali ikki dunyo saodatini qo‘lga kiritishni maqsad qilgan holda ko‘proq mol-davlat orttirish harakatida bo‘lishi uning manfaati faqat o‘zi bilan cheklanib qoladigan (farz ibodatlardan boshqa) toat-ibodatga berilib ketishidan ko‘ra ko‘p yaxshi ish hisoblanadi. Bishr Hofiy rahimahullohga “Falonchi boy ko‘p ro‘za tutadi, ko‘p-ko‘p namoz o‘qiydi”, deyilganida u: “Bechora! U o‘zining holatini tark qilib o‘zgalarning holatiga o‘tib olibdi. Uning holati ochlarga taom yedirish, kambag‘allarga xayr-saxovat ko‘rsatishdir, xolos. Uning ana shunday yo‘l tutishi kambag‘allarga bermasdan mol-dunyoni to‘plab olishi, ochlik bilan o‘zini qiynashi, o‘zi uchun namoz o‘qishidan ko‘ra ko‘p yaxshiroq edi”, deganida ana shuni nazarda tutgan. Hatto Allohning yo‘lida xayr-saxovat qilish nafl ibodatlardan oldin turadigan paytlar ham bo‘ladi.

Bir kishi hajga ketish oldidan Bishr ibn Horis bilan xayrlashish uchun uning oldiga kelib: “Men haj qilishga qaror qildim. Meni nimaga buyurasiz?” deganida u: “Haj qilish uchun qancha mablag‘ tayyorlading?” dedi. “Ikki ming dirham”, dedi haligi kishi. “Haj qilishdan maqsading nima? Zohidlik qilishmi, Baytullohga bo‘lgan sog‘inchingmi yoxud Allohning roziligi?” so‘radi Bishr. U: “Allohning roziligini topish”, deb javob berdi. Shunda Bishr: “Agar o‘sha ikki ming dirhamni sadaqa qilib, uyingda turib ham Allohning roziligini topadigan va Uning roziligini topganingga amin bo‘ladigan bo‘lsang, shu ishni qilarmiding?” deganida u: “Ha!” dedi. Bishr unga shunday dedi: “Borib, o‘sha mablag‘ingni o‘nta jonga ber: qarzini uza olmay turgan qarzdorga. Ehtiyojini ta'minlay olmayotgan kambag‘alga. Ahli oilasini boqishga qiynalib turgan oilaboshiga. Yetimning qalbiga shodlik solishni istab turgan qarovchisiga. Agar ulardan faqat bittasiga berishga chiday olsang, shu ishni qil. Chunki bir musulmonning qalbiga shodlik solmog‘ing, qiynalib turgan insonga yordam bermog‘ing, zaiflarni qo‘llab-quvvatlab, ulardan zararni ketkizmog‘ing bir marta haj qilganingdan keyingi yuzta hajdan ko‘ra afzalroqdir”.

Ibn Mas'ud roziyallohu anhu shunday deydi: “Zamon oxirlashganda sababsiz haj qiladiganlar ko‘payib qoladi. Ularning safarlari oson kechadi. Rizq-ro‘zlari mo‘l-ko‘l bo‘ladi. Savobdan mahrum bo‘lgan hollarida hajdan ortga qaytadilar. Holbuki, yonginasida turgan kambag‘al qo‘shnidan ko‘ngil so‘ray demaydi”.

Yuqorida o‘tganlardan ayon bo‘ladiki, mo‘min banda o‘ziga qanday amal munosib ekanini ahli ilmlar bilan maslahatlashgan holda belgilab olishi maqsadga muvofiqdir. Kimdir ko‘proq ro‘za tutishga qodir bo‘lsa, kimlardir tunlari bedor bo‘lib ibodat qilishga qodir bo‘ladi. Yana kimlardir o‘zlarining mol-davlatlaridan xayr-saxovatlar qilish orqali ham moddiy, ham ma'naviy ko‘rinishdagi ibodatlarni qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Qur'oni karimda bandani Alloh taologa yaqin qiladigan xayrli va savobli amallar qilishga hamda ozmi-ko‘pmi sadaqalar berib turishga targ‘ib etadigan oyatlar ko‘plab topiladi. “Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysiz”[2],“Sadaqa qilmog‘ingiz, agar bilsangiz, o‘zingiz uchun yaxshidir”[3]“Ey, imon keltirganlar! Allohdan qo‘rqingiz va Unga  (yaqinlashtiruvchi savobli ishlardan) vasila (vosita) izlangiz”[4] kabi oyati karimalar shular jumlasidandir.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan ham bir qator hadisi shariflar rivoyat qilinganki, ular vaqfning qanchalik ahamiyatli ekanini ifodalaydi. Jumladan, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Odam bolasi vafot etsa, uning amal daftari yopiladi. Uch narsa bundan mustasnodir. Ular sadaqai joriya, foyda olinadigan ilm va duo qilib turadigan solih farzand”[5], deganlar. Shuningdek, Nofi' ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda u kishi shunday degan: “Umar roziyallohu anhu Xaybar voqeasi bo‘lgan kuni bir yerni qo‘lga kiritdi. Bu haqda maslahat qilish uchun Payg‘ambar alayhissalomning huzurlariga kelib: “Ey, Allohning Rasuli! Men Xaybarda bir yerni qo‘lga kiritdim. Men o‘zim uchun undan ko‘ra nafisroq biror mol-mulkni ko‘rmaganman”, dedi. Shunday u zot alayhissalom Umarga: “Agar xohlasang, uning aslini o‘zingga olib qolib, sadaqa qilib yubor”, dedilar”.

Ulamolar sadaqai joriyaga ta'rif berar ekanlar u vaqfdir, chunki undan boshqa sadaqalar joriy ya'ni doimiy ravishda savobi kelib turadigan emasdir, deganlar. Ibn Moja rivoyat qilgan quyidagi hadisga nazar soladigan bo‘lsak, kishi vafot etganidan so‘ng ham savobi doim yetib turadigan ishlar sanab o‘tilganining shohidi bo‘lamiz. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Mo‘min kishiga vafot etganidan keyin orqasidan borib turadigan, unga yetib turadigan yaxshiliklari u o‘rgatadigan yo tarqatadigan ilmdir yo qoldiradigan solih farzanddir yo bo‘lmasa o‘zidan keyin meros qilib qoldirgan mus'haf (ya'ni, Qur'on)dir yoki o‘zi bino qilgan masjiddir yo bo‘lmasa musofirlar uchun qurgan bir uyidir yoki oqizib qo‘ygan bir daryodir yoki o‘zi hayotda sog‘lom bo‘lgan vaqtida molidan chiqargan sadaqasidir. Bularning barchasi vafotidan keyin egasiga borib turadi”.

Islom dinida vaqf qilingan ilk sadaqa bu, yahudiylardan bo‘lgan Muxayriq ibn Nazirning Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning tavsiyalari asosida vaqf qilingan yerlaridir. Muxayriq roziyallohu anhu Uhud janggi kuni musulmon bo‘lib, yahudiylarni u zot alayhissalomga yordam berishga chorlagan, agar vafot etadigan bo‘lsa, mol-mulki Payg‘ambar alayhissalomniki bo‘lishini vasiyat qilgan bo‘lgan. Hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u haqida “Muxayriq yahudiylarning eng xayrlisidir”[6], deganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar alayhissalom shunday dedilar: “Kim savobiga umid bog‘lagan va imon keltirgan holda Allohning yo‘lida bir otni vaqf qiladigan bo‘lsa, uning yemishi, tezagi va peshobi qiyomat kuni o‘sha bandaning tarozisida savobli amallar qatorida yozilgan bo‘ladi”[7].

Vaqf singari sadaqai joriyaning savobidan bahramand bo‘lish uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab sahobalari bu borada bir-birlari bilan bellashishgacha borib yetganlaridan xabardormiz. Jumladan, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Zubayr ibn Avvom, Sa'd ibn Abu Vaqqos, Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhum va boshqalarning Alloh taolo yo‘lida o‘z mol-mulklaridan vaqf qilganliklari naql qilingan.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida Alloh taolo tarafidan masjid qurishga buyurildilar. “Ey, Najjor bolalari! Mana bu bog‘ingizni menga baholab bering”, deganlarida ular: “Allohga qasamki, yo‘q! Biz uning bahosini faqatgina Alloh taolodan talab qilamiz”, deb javob berdilar”.

Sa'd ibn Uboda roziyallohu anhu Payg‘ambar alayhissalomga: “Ey, Allohning Rasuli! Sa'dning onasi vafot etdi. Qanday sadaqa qilsam yaxshiroq?” deganida u zot: “Suv (sadaqa qil)”, dedilar. Shunda Sa'd roziyallohu anhu odamlar uchun bitta quduq qazitib, suv chiqarib berdi va: “Bu Sa'dning onasi uchun”, dedi[8].

Yuqorida o‘tganlardan xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, musulmon banda har doim o‘zi va o‘zgalarga yaxshilik ulashadigan, xayr-saxovat ko‘rsatadigan, hatto vafot etib ketganidan so‘ng ham savobi yetib turadigan amallar qiladigan inson bo‘lish harakatida yurishi dinimiz talabi ekanini bilib olamiz. Baxillik, xasislik va ziqnalik kabi ma'naviy illatlardan yiroq yurish, mudom o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashib yashash dinimizda chin insoniylik fazilatlaridan hisoblanishi barchamizga ma'lum. Biz mo‘minlar “Har kuni tongda insonlar uyqudan uyg‘onganida yer yuziga ikkita farishta tushadi. Ulardan biri: “Yo Alloh, infoq-ehson qilgan insonning moli o‘rnini to‘ldirgin”, desa, ikkinchisi: “Yo Alloh, ziqna odamning moliga talafot yetkazgin”, deb duo qiladi”[9], deya savobli ishlarga targ‘ib qilgan Payg‘ambarimiz alayhissalomga munosib ummat bo‘lish uchun mudom sa'y-harakat qilishimiz lozim.

Alouddin Hofiy
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
[1] Maorij surasi, 24-25 oyatlar.
[2] Oli Imron surasi, 92-oyat.
[3] Baqara surasi, 280-oyat.
[4] Moida surasi, 35-oyat.
[5] Imom Muslim rivoyati.
[6] Ibn Hishom. Siyrat, 2-jild, 88-89 betlar.
[7] Imom Buxoriy rivoyati.
[8] Abu Dovud, Nasoiy rivoyati.
[9] Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati.

Kiritilgan vaqti: 03/09/2020 11:40;   Ko‘rilganligi: 1712
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/vaqf-va-uning-fazilatlari
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 23:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing