O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

UYALMASANG ISTAGAN ISHINGNI QILAVER!

 
 

Qa'nabiy yoshligida juda bebosh, aroqxo‘r kishi bo‘lgan edi. Bir kuni aroqxonaga borib aroq ichish uchun ulfatlarini kutib o‘tirganida eshak minib olgan bir kishini ko‘rib qoladi. Uning atrofida juda ko‘p insonlar bo‘lib, atrofidagilar unga "imom" deb murojaat qilayotgan edi.
Bu holat Qa'nabiyning e'tiborini tortdi. U odamlarni yorib o‘tib eshak mingan kishining oldiga yetib bordi. Qa'nabiy eshakning jilovidan ushlab uni minib olgan kishiga dedi:

- Sen kimsan?
- Shu'ba ibn Hajjojman.

Shu'ba ibn Hajjoj rohimahulloh hadis ilmida "amirul mo‘minin" degan laqab olgan edi.
Qa'nabiy yana so‘radi:
- Shu'ba deganing kim?
- Muhaddis.
- Muhaddis nima ish qiladi?
- Kishilarga Nabiy sallollohu alayhi va sallamning hadislarini aytadi.
- Unda menga hadis aytib ber!
Shunda Shu'ba ibn Hajjoj dedi:
- Mansur ibn Mu'tamir menga Rib'iy ibn Xiroshdan, u Abu Mas'ud Badriydan rivoyat qilishicha, Rasululloh sallollohu alayhi va sallam dedilar:
" Insonlarga avvalgi payg‘ambarlardan yetib kelgan gap "Agar uyalmasang istagan ishingni qilaver" degan gapdir".

Bu hadis Qa'nabiyga go‘yo ilohiy risolat bo‘ldi. U uyiga kelib ibodatga berildi. Keyin Madinaga borib imom Molikdan dars oldi. Imom Molik rohimahullohning "Muvatto" nomli hadis to‘plamlarini butunlay yod oldi. Imom Zahabiy rohimahulloh u haqda shunday deydi:
"Qa'nabiy "Muvatto"ni rivoyat qilganlarning eng ishonchlisidir.
U imom Molik rohimahullohdan ilm olib bo‘lgach Basraga qaytib Shu'ba ibn Hajjoj rohimahullohdan dars olishni iroda qildi. Zero Shu'ba ibn Hajjoj rohimahullohning aytgan hadisi uning yodidan chiqmagan edi.
Qa'nabiy Basraga kelganida Shu'ba ibn Hajjoj rohimahulloh vafot qilgan ekan. Qa'nabiy undan faqatgina yuqorida zikri kelgan bittagina hadisni rivoyat qildi. Bu hadis uning tavbasiga sabab bo‘lgan edi:
"Insonlarga avvalgi payg‘ambarlardan yetib kelgan gap "Agar uyalmasang istagan ishingni qilaver" degan gapdir".

Bezori, aroqxo‘r bir yigitning kuni kelib "Muvatto"ning eng ishonchli roviysi bo‘lishi, imom Buxoriy va imom Muslimlarga ustoz bo‘lishi kimning xayoliga kelibdi deysiz?!
Johiliyat davrida qahri qattiq bo‘lgan Umar roziyollohu anhu islomda Foruq va yer yuzining eng odil hukmdori bo‘lishlari kimning xayoliga kelibdi deysiz?!
Rasululloh sallollohu alayhi va sallam o‘limga hukm qilgan Ikrima ibn Abi Jahlning Yarmuk jangida musulmonlar qo‘shinining o‘ng qanotiga qo‘mondon bo‘lishi va shu jangda ibrat namunasini ko‘rsatib shahid bo‘lishi kimning xayoliga kelibdi deysiz?!
Tili bilan islomga aziyat berib yurgan, Hudaybiyya sulhida "Allohning elchisi Muhammad..." degan yozuvga ko‘nmagan, "Allohning elchisi" degan joyini o‘chiringlar, men Muhammadning Allohning elchisi ekanligiga ishonganimda u bilan urishmas edim", degan Suhayl ibn Amr keyinchalik musulmon bo‘lib, Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning vafotlaridan so‘ng Ka'baning oldida turib: "Allohga qasamki, bu kishi payg‘ambardir. Sizlar islomga kirganlarning oxirgisi va murtad bo‘lganlarning avvalgisi bo‘lmanglar", deyishi va Shom o‘lkasining fathida shahid bo‘lishi kimning xayoliga kelibdi deysiz?!

Hidoyat Allohniki! Kishilarga bo‘lgan ishonchimizni yo‘qotmasligimiz lozim. Oldin islomga qarshi kurashib yurgan ko‘pchilik insonlar islomni o‘z qonlari bilan keyingilarga rivoyat qilishgan!

Urgut tumani "Urgut markaziy" masjidi xodimi A.Polvonov


Kiritilgan vaqti: 10/11/2021 06:31;   Ko‘rilganligi: 431
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/uyalmasang-istagan-ishingni-qilaver
Chop etilgan vaqti: 17/05/2024 11:27
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing