O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ustozning shogirdiga deganlari[1]

 
 

Bu dunyoda har qaysi inson biror narsaga erishgudek bo‘lsa, bunda albatta uning ota-onasi qatorida ustoz va murabbiylari muhim o‘rin tutadi. Quyida yaqin asrimizda yashab o‘tgan olimning o‘quvchilarga o‘gitlarini keltiramiz.

Birinchi dars. To‘g‘ri yo‘lga yo‘llash

﴿وَالْعَصْرِ﴾﴿إِنَّ الْإِنْسَانَ لَفِي خُسْرٍ﴾﴿إِلَّا الَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ وَتَوَاصَوْا بِالْحَقِّ وَتَوَاصَوْا بِالصَّبْرِ﴾

“Asr bilan qasamyod eturmanki”

(har bir) inson ziyonda (baxtsizlikda)dir!”

“Faqat imon keltirgan va solih amallarni qilgan, bir-birlariga haqiqatparvar bo‘lishni tavsiya etgan va bir-birlariga sabrli bo‘lishni tavsiya etgan zotlargina bundan mustasnodirlar”[2]

Ey o‘g‘lim! Alloh taoloning O‘zi seni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llab, ezgu amallarga muvaffaq aylasin! Sen men uchun farzandim o‘rnidasan. Seni taning sog‘lom, fahm-idrokli, qalbi pok, go‘zal xulqli, buzuqlikdan yiroq, hayoti chiroyli, do‘stlarga suyukli, faqir va bechoralarga yordam beruvchi mehribon, xatolarni kechiruvchi, rabbingning ibodatida sustkashlik qilmaydigan holda ko‘rish meni quvontiradi.

Ey o‘g‘lim! Biror kishining so‘zini qabul qilmoqchi bo‘lsang, nasihati qabul bo‘lishga eng haqli insoning menman. Zero men ustozing, mualliming va ruhing tarbiyachisidirman. Senga manfaat keltirish va yaxshi inson bo‘lishing uchun mendan ko‘ra ko‘proq kuyunadigan odam yo‘q. 

Ey o‘g‘lim! Men senga ishonchli nasihatchiman. So‘zlarimga quloq sol. Mening huzurimda ham, do‘stlaringni oldida ham, yolg‘iz holatingda ham bunga amal qil.

Ey o‘g‘lim! Modomiki mening nasihatimga yolg‘izlik paytingda amal qilmas ekansan, do‘stlaring oldida ularga rioya qilishing oz bo‘ladi.

Ey o‘g‘lim! Meni yo‘l boshlovchi qilib olmasang, unda kimga ergashasan? Nima uchun mening huzurimda o‘zingni qiynab ushlab turibsan?

    Ey o‘g‘lim! Ustoz faqat es-hushli, odobli shogirdlarini yaxshi ko‘radi. Ustozing sendan norozi bo‘lishi, yetuklikka erishishingdan umidsizlanishi seni quvontiradimi?

Ey o‘g‘lim! Senga faqat yaxshilikni ravo ko‘raman. Buni senga yetkazishim uchun itoat qilish va men buyurgan go‘zal xulqlarni kasb etish bilan menga yordam bergin!

Ey o‘g‘lim! Chiroyli xulq inson uchun ziynatdir. Ayniqsa do‘stlari va qarindoshlari orasida. Go‘zal xulqli bo‘l, shunda odamlar seni hurmat qiladi va yaxshi ko‘radi.

Ey o‘g‘lim! Ilmingni go‘zal xulq bilan bezatmasang, bilimsizligingdan ko‘ra zararli bo‘ladi. Chunki nodon bilimsizligi bilan uzrlidir. Ilmli inson go‘zal xulqlar bilan bezanmagan bo‘lsa, uning uchun odamlar oldida uzr yo‘q.

Ey o‘g‘lim! Mening nazoratimga suyanma. O‘zingni o‘zing tergab tur. Zero shunday qilishing foydaliroq va afzalroqdir.

Ey o‘g‘lim! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bu dinni O‘zi uchun xolis bo‘lishini talab qildi. Diningizga saxiylik va go‘zal xulq munosib keladi. Diningizni u ikkisi bilan bezang!”,[3] dedilar.

Husayn domla Mirzoahmadov

Xo‘ja Abdu Darun jome masjidi imom noibi

[1] Alloma Muhammad Shokir al Azhar Universitetining sobiq prorektori (1866-1939y). “Go‘zal xulqlar” kitobi.

[2] Asr surasi, 1-2-3-oyatlar.

[3] Tabaroniy rivoyat qilgan.


Kiritilgan vaqti: 07/09/2023 15:59;   Ko‘rilganligi: 621
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ustozning-shogirdiga-deganlari1
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:37
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing