O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

USTOZ - QALB ME'MORI

 
 

Dono xalqimizda azaldan “Ustoz otadek ulug‘” degan purma'no hikmat bor. Chunki insonning ota-onasi uning vujudiga sabab bo‘lsa, ustoz vujudning asosi bo‘lmish aql-idrok, ongu-shu'ur va ta'lim-tarbiya rivoji uchun sababdir. Bir so‘z bilan aytganda ustoz inson qalbining me'moridir. Alloh taolo Qur'oni karimda:

“U kunda na molu davlat, na bola-chaqa foyda bermas. Lekin ( u kunda) Alloh huzuriga sog‘lom qalb bilan kelgan kishilargagina (foyda berur) (Shu'aro surasi 88-89-oyatlar)

Inson jussasidagi ana shu mittigina a'zo, qalbning o‘rni va ahamiyati shu qadar muhimki, ikki dunyo saodatining asosi uning holatiga bog‘liqdir.

Shuning uchun ham ustoz deb atalmish sharafli va mas'uliyatli kasb sohib va sohibalari o‘z tasarrufidagi shogirdlarining ta'lim va tarbiyasi uchun har doim o‘ta hassoslik bilan e'tibor qaratib keladilar.

Zero muqaddas dinimizning olamshumul ilohiy ta'limotlarida ushbu kasb egalari yuksak darajalarga ko‘tarilgan xolda e'tirof etilgan.

“... Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba) larga ko‘tarur...” (Mujodala surasi 11-oyat)

Darhaqiqat, ilm shunday go‘zal sharafki kimga uning nisbati berilsa xursand bo‘ladi. Ilmning aksijohillik nisbati berilgan har qanday inson ham ranjiydi. Insoniyat bino bo‘libdiki, ilm ahli doimo e'tiborda, ilmsizlik esa hasrat nadomatda o‘tganini ko‘rishimiz mumkin.

Rivoyatlarda kelishicha Makkada oddiy hizmatkor bo‘lib ishlagan bir yigit bo‘lib, uning yuz ko‘rinishi ham uncha yaxshi emas edi. Ammo u ilm olish yo‘lida jiddu jahd qildi. Hatto u Makkaning kibor ulamolaridan biriga aylandi. U buyuk tobe'in Ato ibn Abu Raboh bo‘lib tanildi. Odamlar uzoq yaqinlardan diniy masalalarni so‘rashlik uchun uning oldiga qasd qilib kelishar edi. Shunday kunlarning birida xalifa Sulaymon ibn Abdulmalik o‘g‘illari bilan haj qilayotganda ba'zi masalalarni so‘rashlik uchun Ato ibn Abu Rabohning oldiga keladi. Ko‘rsalarki uning atrofini odamlar qurshab olgan. Xatto xalifaga ham qiyo boqmasdan savollarga birin ketin javob bermoqdalar. Shunda Sulaymon ibn Abdulmalik o‘g‘illariga qarab:“Ey o‘g‘illarim ilm o‘rganinglar, ilm mana shunday ulug‘likdir”deydilar. Ato ibn Abu Raboh kim ediyu, qanday darajaga ko‘tarildi. Uning martabasi yuksalishi faqatgina undagi ilmning samarasidan edi.

Xalifa Xorun ar-Roshidning doimo ilm ahlini ikrom qiladigan ular bilan bir dasturhonda o‘tirib taomlanadigan go‘zal odatlari bor edi. Kunlardan bir kun shunday ziyofat dasturhoniga Abu Mu'oviya az-Zarir ismli ko‘zlari ko‘rmaydigan ahli ilmni ham olib kelina di.

Ziyofat tugagach Xorun ar-Roshid Abu Ma'oviyaning qo‘llariga o‘zlari suv quydilar va: “Sizning qo‘lingizga kim suv quyayotganini bildingizmi” deydilar.

Abu Mu'oviya: “Xodimlarning birlari bo‘lsa kerak, men ko‘rmasam” deydilar.

Shunda Xorun ar-Roshid:“Sizning qalbingizdagi ilmning xurmati men o‘zim quymoqdaman” deydilar.

Ilm va ilm ahliga e'tibor qancha kuchaysa jamiyatda shunchalik ilm ma'rifat rivoj topadi. Bu borada esa qalb me'morlari bo‘lmish ustoz va murabbiylarimizning hizmatlari beqiyosdir. Jaloliddin Rumiy hazratlari inson jismini otga qalbni esa chavondozga qiyoslaganlar. Ya'ni hech qachon manzilga otning o‘zi borolmaydi. Balki uning asosiy boshqaruvchisi chavondozdir. Shunday ekan biz faqat otning ozuqasi bilan mashg‘ul bo‘lib qolib chavondoznikini unutib qo‘ymaylik deydilar.

So‘ngi so‘z o‘rnida shuni aytmoqchimizki bugun biz ham farzandlarimizni ilmga qiziqtiraylik. Ularning ustozlari va jamiyatimizdagi har bir ilm ahliga hurmatimizni oshiraylik. Ana shunda ikki dunyo saodatiga erishish yo‘lidagi manzilimiz inshaalloh nurli yo‘lga aylanajakdir!

Yurtimizdagi barcha ustozlarni 1-oktyabr ustoz va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!

 

O‘tkir Umirqulov - Samarqand shahar "Lohutiy" jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 30/09/2021 16:34;   Ko‘rilganligi: 2832
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ustoz-qalb-memori
Chop etilgan vaqti: 29/04/2024 11:51
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing