O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

UNI MENDAN FAQIRROQQA BERING

 
 

Umar ibn Xattob roziyollohu anhu aytadilar:
“Rasululloh sallollohu alayhi va sallam menga u-bu narsa berib turar edilar. Men esa “uni mendan faqirroqqa bering”, der edim. Shunda Nabiy sallollohu alayhi va sallam menga: “Senga biror-bir mol berilsa-yu, sen unga ko‘z tikmagan bo‘lsang uni olaver. Agar aksi bo‘lsa nafsingni unga ergashtirma(ko‘z tikma)!”, der edilar.

Umar roziyollohu anhuning izzat nafsiga qarang! So‘ramasalarda uylariga mol keldi. U zot esa Rasululloh sallollohu alayhi va sallamga “uni mendan faqirroqqa bering” deb qaytarmoqchi bo‘layaptilar.
Aslida Umar roziyollohu anhu faqir va miskinlarning haqqini olayotganlari yo‘q. Ularni o‘zlaridan muhtoj deb, o‘zlaridan ularni ustun ko‘rayaptilar.
Bugun shunaqangi insonlarni ko‘rayapmizki, ehtiyoji bo‘lmasada dunyoni yutib yuborsa go‘yo. Boshqalarga hech narsa qolmasa-da undan. Hamma sohada uni topasiz. Hammayoqni monopoliya qilib tashlagan. Unaqalarning kasofatidan xalqimiz ko‘p mahsulotlarni uch-to‘rt barobar qimmat olayapti. Ularning zararini butun xalqqa taqsimlansa million-million dollar bo‘lib ketadi. Bunaqalarning oxiratdagi jazosi og‘ir bo‘ladi. Bunaqalarda itning fe'li bordir. Bular faqat o‘zini o‘ylaydi. Xalq ochlikdan o‘lib ketmaydimi, qizig‘i yo‘q ularga. Ularning bunday bo‘lganligiga sabab oshqozonidagi emas, nafsidagi ochlikdir!
Ba'zi faqirlarda izzatun nafs shunaqa kuchliki, barcha faqirga berib uni yolg‘iz qoldirsangda hojatini aytmaydi, bildirmaydi. Ehtiyoji bo‘lmaganlar esa dunyoni ostin-ustun qiladi. Berishga qudrati yetishiga qaramay faqat oladi. Kam ta'minlangan kishilarga beriladigan yordamni ham muttahamlik bilan oladi. Mahallada bir narsa tarqatsang-u, uni tashlab o‘tib ketsang qiyomatni qoim qiladi. Hatto seni o‘g‘irlikda ayblaydi. “Menga ajratilgan narsani bermading”, deydi.
Bugun kishilarning ahvoli ancha og‘irlashdi. Alhamdulillahki, saxiy boylar ko‘paydi. Kimdir yolg‘iz o‘zi hech kimga bildirmasdan saxovat qiladi. Kimdir xayriya uyushmalariga qo‘shilib yordam qiladi. Alloh barakasini bersin!
Inson o‘zini xorlamasligi lozim. Agar so‘ramasangizda sizga nimadir berishsa oling. Unga ehtiyojingiz bo‘lsa Alloh barakasini bersin, o‘zingizga ishlating. Agar ehtiyojingiz bo‘lmasa o‘zingiz taniydigan faqirlarga yuboring. Insonga yetgan barcha narsa rizqdir. Adabsizlik rizqni ziyoda qilmaydi. Rizq maqtovli harakat bilan ko‘payadi. Siz to‘polon qilib olmoqchi bo‘lgan narsa uyingizga lutf bilan ham yetib kelishi mumkin. Chunki bu sizning rizqingiz. O‘zingizniki bo‘lmagan narsani butun insoniyat va jinlarni ishga solsangiz ham ololmaysiz.
Rizq masalasida odamlardan oldin Allohga nisbatan adab saqlashimiz lozim. Umar ibn Xattob roziyollohu anhuning ajoyib gaplari bor:
“Men Allohdan rizq so‘ramayman. Chunki Alloh rizqimni taqsimlab bo‘lgan. Ammo men Allohdan rizqimga baraka so‘rayman!”.

Urgut tumani "Urgut markaziy" masjidi xodimi A.Polvonov


Kiritilgan vaqti: 24/12/2021 08:41;   Ko‘rilganligi: 394
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/uni-mendan-faqirroqqa-bering
Chop etilgan vaqti: 13/05/2024 14:22
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing