O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

ULAMOLARNING TASHRIFI AHOLIGA ISHONCH, HUDUDLARGA FAYZ BAG‘ISHLAMOQDA

 
 

Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyeyov tashabbusi bilan barcha sohalar qatori diniy-ma'rifiy yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, avvalo, aholining ma'naviy-ma'rifiy saviyasini yuksaltirishga, ularning turmushdan rozi bo‘lib, shukronalik hissi bilan yashashga, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bu tashriflar yurtdoshlarimizni shu yurt ravnaqiga hissa qo‘shishga, ularda Vatan taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirishga  undamoqda.

O‘tgan hafta O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiligidagi bir guruh ulamolar Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlariga tashrif buyurib, xalq bilan ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar, olis va chekka hududlardagi aholi vakillari bilan yuzma-yuz muloqotlar, jome masjidlarda suhbatlar o‘tkazib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olgan edilar.

Bugun, 2021 yil 25 iyun kuni ulamolar mazkur an'anani davom ettirib, Toshkent viloyatiga tashrif buyurdilar. Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Shoazim Minovarov boshchiligida Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov hamda O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi mas'ul xodimi Abror Muxtor Aliy Olmaliq shahriga tashrif buyurib, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar bilan uchrashib, ularning dardu tashvishlarini tinglashdi. Shahar sektor rahbarlari bilan hududdagi ijtimoiy obyektlarni ko‘zdan kechirishdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon qori Ishmatbekov, Muhammadayyubxon domla Homidov va Toshkent viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Z.Nortojiyevlar Angren shahridagi “Qorabog‘”, “Said ota” masjidlari atrofidagi aholi bilan muloqotlar qilishdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining maslahatchisi, taniqli olim Salohiddin domla Sharipov Angren shahridagi “Obliq” masjidiga tashrif buyurib, jomening qurilish jarayoni bilan yaqindan tanishdi hamda o‘zining qimmatli maslahatlarini berdi.

* * *

Tashrifning juma kuni boshlanishida ham ramziy ma'no bor, albatta. Chunki hadisi sharifda: “Quyosh chiqqan kunning eng yaxshisi juma kunidir” (Imom Termiziy rivoyati), deyilgan. Darvoqe, jumaning fayzi bo‘lakcha. Shu bilan birga, bu kunda bajariladigan xayrli amallarning ajrlari ko‘paytirilib beriladi. Inshoalloh.

Bugungi juma mav'izasi mavzusi “Yusuf alayhissalom qissasidan ibratlar” bo‘lib, bu mavzuni ulamolar: Homidjon qori Ishmatbekov Angren shahridagi “Qorabog‘”, Salohiddin domla Sharipov “Oblik”, Nuriddin domla Xoliqnazarov Bo‘ka tumanidagi “O‘rta Qo‘rg‘on”, Abduqahhor domla Yunusov Yangiyo‘l tumanidagi “Gulbog‘”, Jaloliddin domla Hamroqulov Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Nodirxon qori”, Abror Muxtor Aliy domla Olmaliq shahridagi “Ramazoni sharif” jome masjidlarida mo‘min-musulmonlarga ta'sirchan tarzda yetkazishdi.

Darhaqiqat, taniqli ulamolarning, din peshvolarining ma'ruzalarini eshitish kishiga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Shu bois ko‘plab kishilar ularning masjidlariga oshiqadilar, ma'ruzalaridan bahramand bo‘lishga intiladilar. Bugun esa, ulamolarimiz aholi orasida, ularning o‘zlari xalq bilan uchrashib turibdi. Bu katta imkoniyatdir.

Voizlarning bugungi juma mav'izasidan mo‘min-musulmonlarsir saqlash; hasaddan tiyilish; to‘g‘ri yo‘ldan adashtiruvchi amallardan chetlanish; haq yo‘lda sabr va sabot ko‘rsatish; o‘zini tuhmatdan poklash kabi dinimiz ta'limotlarini ta'sirchan misollar orqali bilib olishdi.

* * *

Muqaddas dinimiz doimo yaxshilik qilishga undaydi. Alloh taolo Ar-Rahmon surasining 60-oyatida: «Ehson (ezgulik)ning mukofoti faqat ehson (ezgulik)dir», deb marhamat qiladi.

Oyati karimani o‘zilariga shior qilib olgan ulamolar ehtiyojmand oilalarga ko‘mak berib, ularning ko‘ngillarini ko‘tarishmoqda.

Toshkent viloyatiga tashriflar davomida ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar, olis va chekka hududlardagi aholi vakillari bilan yuzma-yuz muloqotlar, taniqli ulamolar ishtirokida jome masjidlarda suhbatlar o‘tkazilishi barobarida ehtiyojmand oilalar holidan ham xabar olinyapti.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Homidjon qori Ishmatbekov va Angren shahar bosh imom-xatibi Yahyoxon Boboxonov hududdagi kam ta'minlangan oilalarga “Vaqf” xayriya jamoat fondi ajratgan ehsonni topshirishdi.

Nuriddin domla Xoliqnazarov, Sobirjon domla Rustamov, Bahriddin domla Sharipov hamda H.Toshboltayevlar Bo‘ka tumanidagi kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olishdi.

Shuningdek, Abdulloh domla Yo‘ldoshev hamda Obidjon domla Mirhamidov Oqqo‘rg‘on tumanida bo‘lishib, kam ta'minlangan oilalarga “Vaqf” fondi tomonidan berilgan moddiy yordamlar hamda sovg‘alarni ulashdi.

Yangiyo‘l tumanidagi “Umid” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi ehtiyojmand oilalar ham “Vaqf”ning muruvvatidan bebahra qolmadi. Abduqahhor domla Yunusov, Mirodil domla Mirjalilov hamda Qamariddin domla Qambarovlar moddiy yordam va sovg‘alarni haqdorlarga yetkazishdi.

Alloh taolo ehsonlarni dargohida qabul qilsin.

* * *

Toshkent viloyatiga tashrif buyurgan ulamolar kun tartibidan inson manfaatlariga xizmat qiladigan, aholining ma'naviy-ma'rifiy saviyasini yuksaltiradigan, odamlarni ertangi kundan rozi bo‘lib yashashga undaydigan hech bir masala e'tibordan chetda qolmayapti.

Shu bilan birga, vaqt tig‘iz bo‘lishiga qaramay, ulamolarimiz Vatan, el, din uchun xizmat qilib o‘tgan aziz insonlarning oila a'zolarini ziyorat qilishni ham unutishmadi.

Muftiy o‘rinbosarlari Homidjon domla Ishmatbekov va Ibrohimjon domla Inomov, rais maslahatchisi Salohiddin domla Sharipov, Muhammadayyubxon domla Homidov va boshqa ulamolar ko‘p yillar davomida dinimiz ravnaqi yo‘lida katta xizmati singgan Toshkent viloyatining sobiq bosh imom-xatibi marhum Xayrulloh domla Turmatovning oilasi holidan xabar olishdi.

Marhumning haqqiga Qur'oni karim tilovat qilinib, Xayrulla domlaning amalga oshirgan xayrli ishlari esga olindi.

Alloh taolo Xayrulla domlani rahmatiga olsin.

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov hamda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Abduqahhor Yunusov Yangiyo‘l tumanidagi “Eski qovunchi” jome masjidida aholi bilan uchrashdi, ularning dardu tashvishlarini tingladi.

Shuningdek, ulamolar “Yoshlik”, “Guliston”, “Qovunchi”, “Pistali” va “Darxon” mahallalari aholisi bilan ham dildan suhbatlashishdi. Uchrashuv juda ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lib o‘tdi.

* * *

Bir og‘iz shirin so‘z kishi ko‘nglini ko‘taradi. Aksincha, yomon so‘z ko‘ngillarni barbod qiladi. Zotan, shirinsuxan bo‘lish dinimiz amridir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ham har doim odamlarga shirin so‘z aytganlar.

Tashrif davomida fidoyi ayollar ham faol qatnashib, mahallarda aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazishdi. Bugungi tashrif asnosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas'ul xodimi O.Aripova, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ma'sul xodimiH.To‘ychiyeva, O‘zbekiston musulmonlari  idorasi ma'sul xodimiM.Abdullayeva va Toshkent viloyati Targ‘ibot guruhi rahbari O.Parpiboyeva, Toshkent viloyatibosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi N.Imomova hamda hududga biriktirilgan otinoyilar mahalla faollari bilan birgalikda Bekobod tumanidagi “Amir Hamza” jome masjidi atrofida joylashgan “Bo‘ston” mahallasida yashovchi muammoli aholi bilan muloqot qilib, oilalarga kirib, ular bilan dildan suhbatlaruyushtirishdi.

Aholiga yurtimizda inson manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘zlab berishdi.

Muxtasar aytganda, bir kunlik tashrif davomida Toshkent viloyatining Olmaliq va Angren shaharlari hamda Yangiyo‘l, Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka va Bekobod tumanlari aholisi bilan o‘tkazilgan ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar, olis va chekka hududlarda yashovchi kishilar bilan qilingan yuzma-yuz muloqotlar, jome masjidlarda uyushtirilgan suhbatlar odamlarda juda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olingani ularning yolg‘iz emasligini anglatdi.

Xayrli ishlar davom etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Toshkent viloyati vakilligi

 Axborot xizmati


Kiritilgan vaqti: 26/06/2021 11:51;   Ko‘rilganligi: 820
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ulamolarning-tashrifi-aholiga-ishonch-hududlarga-fayz-bagishlamoqda
Chop etilgan vaqti: 29/04/2024 15:59
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing