O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ulamolarga tosh otmaylik

 
 

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dan so‘ng odamlarni haqqa chaqiradigan, bilimsizlarga ta'lim beradigan, adashganlarni yo‘lga soladigan va xalq orasida bid'atlar tarqalishining oldini oladigan zotlar ulamolardir. Alloh taolo bunday deydi: «Yoki kechalari sajda qilgan va tik turgan holda ibodat qiluvchi, oxiratdan qo‘rqadigan va Parvadigorining rahmatidan umid qiladigan kishi (bilan boshqalar barobarmi?!) Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!” Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar» (Zumar, 9).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan ham ulamo fazli to‘g‘risida hadislar vorid bo‘lgan. Abu Dardo roziyallohu anhu  aytadilar: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam : “Olimning obiddan ortiqligi mening sizlarning eng pastingizdan ortiqligim kabidir. Darhaqiqat, Alloh va farishtalari, osmonlar va yer ahllari, hatto uyasidagi chumoli va baliq ham odamlarga yaxshilikni ta'lim beradiganga salavot aytadi”, dedilar» (Abu Dovud rivoyati).
So‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalari, asosan, ijtimoiy tarmoqlarda imom-xatiblarni tanqid qilish, xato-kamchiliklarini qidirish va hatto masxaralash “urf”ga aylandi. Bir o‘rinda ularning aytgan gaplari, boshqa o‘rinda yurish-turishlari tahlil qilinmoqda. Ayrimlar imomlarning pulini hisoblash bilan ovora. Bu narsaga jaholat va hasad sabab bo‘lyapti desak, ayrim ziyoli, xalq orasida obro‘-e'tibor qozongan insonlar ham imomlarimiz, ulamolarimizga nisbatan qarshi fikrlarini ommaga tarqatmoqda.
To‘g‘ri, bandasi xatokor. Imomlar ham odam ekanini hisobga olib, qusur, kamchiliklarini kechirish vazifamiz. Mobodo shar'iy masalalarda xato qilsa, yolg‘iz holda o‘ziga aytib yoki ahli ilm insonlarga ayttirib, to‘g‘rilanadi. Har qanday holatda ham omma oldida imomni behurmat qilish, obro‘sini to‘kish harom amal hisoblanadi.
Olimning fazlini Alloh va Uning rasuli ulug‘lab tursa-yu, unga nisbatan hurmatsizlik qilish, Alloh va Uning rasuliga hurmatsizlikdir. Ahli sunna e'tiqodiga ko‘ra, musulmon katta gunohni qilish bilan dindan chiqmaydi, lekin dinni, ulamolarni past sanash bilan dindan chiqish xavfi bor. Chunki ulamolar din nomidan gapiruvchi shaxslardir. Ularga otilgan tosh dinga, payg‘ambarga otilgan hisoblanadi. Tohir Buxoriyning “Xulosatul fatovo” asarida: “Kim bir olimni zohiriy sababsiz yomon ko‘rsa, uning dindan chiqish xavfi bor!” deyiladi (Ali Qoriy, “Sharhu Fiqhil akbar”).
Ulamolarni g‘iybat qilish boshqalarni g‘iybat qilishdan ko‘ra xavfliroq. G‘iybat o‘limtik go‘shtini yeyishga o‘xshatilgan bo‘lsa, olimni g‘iybat qilish uning zaharlangan go‘shtini yeyishga o‘xshatilgan.
Imom Ahmad rahimahulloh aytadilar: “Olimlarning go‘shtlari zaharlangan, kim uni hidlasa, kasal bo‘ladi, yegan esa o‘ladi”. U kishi yana deydi: “Kim olimga til tekkizsa, o‘zi o‘lishidan oldin qalbi o‘ladi”.
Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh aytadilar: “Kim olimlarni pastga ursa, oxirati barbod bo‘ladi, kim amirlarni pastga ursa, dunyosi barbod bo‘ladi. Kim birodarlarini pastga ursa, odamgarchiligi barbod bo‘ladi”.
Ulamolar – Payg‘ambar merosxo‘rlari, din xizmatchilari, ilm xazinasi, haqqa chaqiruvchilardir. Olimlarini hurmatlamagan jamiyat dushmanlar nishoniga aylanishi tayin. Hozirgi tahlikali zamonda bu juda muhim muammo. E'tibor qilsak, “Arab bahori”, Suriya va Iroqdagi vaziyatga ham jamiyatdagi shaxslarning o‘z olimlariga munosabati sabab bo‘ldi. G‘arazli kuchlarning birlamchi maqsadi mahalliy imomlarni obro‘sizlantirish, aholini ulardan chalg‘itib, tashqaridagi “chin olimlikni” da'vo qilayotganlarga ergashtirishdir. Televideniye va internet orqali “so‘z erkinligi” o‘yinini o‘ynab, imom-xatiblarga tanqidiy munosabat bildirish bilan bu ishni buzg‘unchilar uchun o‘zimiz qilib bermoqdamiz.
Ulamolarimizni hurmatlaylik. Haqlarini ado etaylik. Ularga manfaat yetkazish qo‘limizdan kelmasa, zarar berishdan saqlanaylik. Xalq uchun zarur bo‘lgan qimmatli vaqtlarini olmaylik. Alloh taolo olimlarimiz umrini uzoq qilsin. Xizmatlariga O‘z fazli ila barakotlar, manfaat va mukofotlar ato etsin!

Manba: Muslim.uz 


Kiritilgan vaqti: 16/12/2019 16:37;   Ko‘rilganligi: 1238
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ulamolarga-tosh-otmaylik
Chop etilgan vaqti: 28/04/2024 08:40
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing