O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

UCHINCHI RENESANS – UYG‘ONISHGA UNDAYDI

 
 

Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo salollohu alayhi vasaalamga nozil bo‘lgan ilk “Alaq” surasi “Iqro” degan kalom bilan boshlangan. Bu – o‘qi degani. Keyin, ilmini ziyoda etishligini so‘rash marhamat qilingan. Ilm istash aslida mashaqqatli yumush.  Mirzo Bedil uni poyonsiz ummonga o‘xshatib, kimki suvning tubiga chuqur sho‘ng‘isagina marvarid terishi mumkinligini ta'kidlagan. Shukrki, o‘tmishimiz mana shunday benazir zotlarga boy. Tariximiz tarxida ro‘y bergan ikkita renesans davri ana shuning yaqqol tasdig‘idir. Olimu allomalarimiz fanning qaysi yo‘nalishida mashg‘ul bo‘lishmasin  dunyoga dovruq taratganlar. “Ustoz ul-arab val-ajam” – Mahmud Zamaxshariy arablarga arab tilini o‘rgatgan olim sifatida musulmon sharqida mashhur. Imom Buxoriyning “Al-Jomi' as-sahih" asari Qur'oni karimdan keyin turguvchi muhim manbaa sifatida talqin qilinadi.  Ahmad Farg‘oniy Nil daryosining  sathini belgilovchi asbob yasab – nilometrga asos solgan; asarlari “Alfraganus” nomi bilan tarjima qilinib Yevropaning bir qator universitetlarida darslik qo‘llanma sifatida amalda bo‘lgan. Ibn Sino – meditsina asoschisi,  Abu Rayhon Beruniy bobomiz esa Xristofor Kolumbdan bir necha asr muqaddam ulkan ummon ortida quruqlik borligini bashorat qilib – Amerika zaminini ochgan. Amir Temur Sohibqironga farangistonda Yevropaning xaloskori sifatida tilladan haykal qo‘yishgan bo‘lsa, Ulug‘bek Mirzoning dahosi va betakror zakosi butun dunyoga falakiyot ilmidan hozirga qadar saboq berib keladi.

Bu ma'lumotlar burun ham ko‘p bor aytilgan, ma'rifiy maqolalar va ilmiy tadqiqotlar mavzusi bo‘lib kelgan. Biroq, u xuddiki marvarid donalari kabi tarqoq, bir ipga tizilmagandi. Shuning uchun ham na munosib ziynat va na asliga muvofiq qiymat kasb etmasdi.

Prezidentimzning buyuk xizmatlari shundan iboratki, poytaxtimizning xastimom mavzeida qurilayotgan islom madaniyati markazini xalqaro islom svilizatsiyasi markazi sifati nomlash taklifini bildirdilar. Qurilish ko‘lami ham ham, faoliyat turi ham shunga muvofiq kengaydi. Ulug‘vor o‘tmishimizga aloqador barcha osori atiqalar, arxeologik topilmalar, ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan qo‘lyozma va toshbosma asarlarni to‘plash, ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish, bugungi kunda shu borada yaratilgan yozma va audiovizul asarlar fondini yaratish masalasiga jiddiy e'tibor qaratdilar. Markazda arxiv fondi, ta'mirlash ustaxonalari, nashri ishlari olib boriladi. Respublikamiz va xorijlik mutaxassislarning ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun qulay shart-sharoit yaratiladi. Binobarin, 813 yili al Mamun tomonidan Bog‘dodda asos solingan “Bayt ul hikma”, 1004 yili Gurganch shahrida xorazimshoh Ali ibn Ma'mun tomonidan tashkil etilgan Akademiya ham bebaho biroq tarqoq toshlarni bir ipga tizish tadoriga bilan boshlangan edi.

Markaz binosining qoq markazidan Usmon mus'hafining o‘rin olishi esa ilmu irfon borasida ulug‘ ajdodlarimiz qo‘lga kiritilgan barcha yutuq va natijalar islom ta'limotiga tayanib erishilganiga ishora. Bu esa islom dini ma'rifatga molik ta'limot ekaniga berilgan yana bir yuksak baho bo‘lishi barobarida, qaysi bir sohada bo‘lmasin “Bismilloh” bilan boshlangan ish barorli bo‘lishiga eslatma hamdir. Muhimi bu g‘oya milatimizni uyg‘onishga undaydi. O‘sib kelayotgan yosh avlodda ilmga ishtiyoq paydo qiladi. Parvozga shaylaydi. Zotan, muborak hadislarda “Ilm istash har bir muslimu muslima uchun farz” ekani marhamat qilingan.

Zaniddin Eshonqulov - Samarqand viloyat bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 04/02/2021 16:37;   Ko‘rilganligi: 601
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/uchinchi-renesans-uygonishga-undaydi
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 18:46
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing