O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

“To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaror ijrosi bo‘yicha

 
 

Xalqimiz ozgina mablag‘ topsa, yaxshi niyatlar bilan to‘yga, yaxshi kunlarga deb jamg‘arib qo‘yadi. Bu xalqimizning boshqa millatlardan ajratib turadigan, maqtovga sazovor, fazilatli xislatlaridan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Buni qisqagina qilib aytganda “Mehmondo‘stlik” deb nomlash mumkin. Lekin xalqimizning ushbu mehmondo‘stlik kabi fazilati, ming afsuslar bo‘lsinki, illatga aylanib qolmoqda.

Bugungi kunda to‘y, ma'raka va marosimlarda me'yor, milliy urf-odat va dinimiz belgilab bergan chegaradan chiqib, kim o‘zarga poyga o‘ynayotgan holat sodir bo‘lmoqda. Jumladan, kelinlarning g‘arb modalari asosida tikilgan qimmatbaho kiyimlarni ijaraga olishlari, turnaqator to‘y kartejlarining yo‘llardagi harakatlari, kelin-kuyovlarning milliyligimiz va qadriyatlarimizga umuman to‘g‘ri kelmaydigan sevgi qissalariyu, vals tushishlari, to‘y va ma'rakalarga haddan ziyod ko‘p insonlar taklif etilishi kabi ko‘plab misollarni keltirish mumkin. Bularning barchasi dinimiz nuqtayi nazarida isrof deb ataladi. Bu holat faqatgina to‘y marosimlaridagina emas, balki musibat bo‘lgan joylarda ham bundan ham ayanchliroq isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganini kuzatishimiz mumkin.

Bu illatlar jamiyatimizni tag-tubidan yemiruvchi illatlar bo‘lib, bugungi kunda ushbu dabdababozlik, xashamatbozlik, ichkilikbozlik va shu kabi ishlarga ketayotgan mablag‘larni hisoblab ko‘radigan bo‘lsak milliardlab mablag‘ nafaqat havoga sovurlyapti, balki kelajagimizga salbiy ta'sir qiladigan ishlar uchun sarf qilayotganligimiz ayon bo‘ladi. Shu mablag‘larni farzandlarimizning ilmu-ma'rifat hosil qilishlari uchun, ularni kasbi-hunarli qilish uchun, ishlab-chiqarish tashkil qilib, xalqimiz turmush tarzini yaxshilash, yo‘llarni obod qilish, beva-bechoralarga yordam berish kabi xayrli ishlarga sarf qilinsa savob ustiga savob yozilgan bo‘lar edi.

Ajri ulug‘ ishlarga sarf qilingan mablag‘, uning savobi to qiyomatgacha yetib turishi haqida muqaddas manbalarda qayd etilgan.

Alloh taolo isrofning yomon illat ekanligi haqida Qur'oni karimning juda ko‘p joylarida marhamat qilgan. Jumladan, A'rof surasi, 31-oyat mazmunida: “...Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas”, deya marhamat qilgan.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Seni ikki xislat – faxrlanish va isrofgarchilik xatoga boshlamasa, xohlaganingni yeb, xohlaganingni ichaver”, deganlar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Alloh taolo insonlarga juda ko‘p ne'matlarni ato etib qo‘ygan. Bandaning vazifasi Alloh bergan bu ne'matlarning shukrini qilish, ularni tejab-tergab, isrof qilmay ishlatish, Parvardigorning berganiga rozi bo‘lishdir. Ehtiyojdan ortiq yeb-ichishni ba'zi ulamolar harom deyishgan bo‘lsa, ayrimlari makruh sanashgan. Qur'oni karimda isrofning mazammat qilinishiga sabab, Alloh ne'matlaridan qay tarzda foydalanganimiz, ularni qayerga sarflaganimiz, shukrini qanday qilganimiz haqida oxiratda savol-so‘roqqa tortilamiz. Shuning uchun ushbu ne'matlarni ato etib qo‘ygan Alloh azza va jalla bandalarini isrof qilmaslikka chaqiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashining “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan Nizom ayni muddao bo‘ldi. Bu borada O‘MI tomonidan ham tegishli fatvo va chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi (O‘MI raisining 2019 yil 2 oktyabr kungi 01A/150-sonli buyrug‘i, O‘MI raisi tomonidan tasdiqlangan “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va maroismlarni o‘tkazish bilan bog‘liq Islom dini ta'limotlariga, milliy qadriyatlarga, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan odatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi”).  Ishlab chiqilgan nizom, fatvo va chora-tadbirlar rejasiga binoan viloyat vakilligi bir qancha ishlarni amalga oshirdi:

         “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan viloyatdagi barcha masjid imom-xatiblari, mahalla mullalari va otinoyilari tanishtirildi.

         Diniy soha vakillari tomonidan To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va maroismlarni o‘tkazish bilan bog‘liq Islom dini ta'limotlariga, milliy qadriyatlarga, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan odatlarning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik orasida, maraka va marosimlar hamda juma mav'izalarida keng ko‘lamli tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

OAV, internet tarmoqlari orqali to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va maroismlarda sodir etiladigan diniy-milliy qadriyatlar va an'analarni mensimaslik, shuhratparastlik, isrofgarchilik, bid'at va xurofiy odatlar kabi harkatlarni bartaraf etish yuzasidan chiqishlar qilinmoqda.

To‘y va marosimlarda diniy mavzuda ma'ruza o‘qish rejalashtirilgan bo‘lsa, rasmiy imomlar, imom noiblari tomonidan ma'ruza qilinishi O‘MI Samarqand viloyat vakilligi, shahar va tuman bosh imom-xatiblari tomonidan ta'minlanishi qat'iy yo‘lga qo‘yildi.

Ma'lumki, har bir musulmon bandaning ikkinchi musulmon birodariga nisbatan haq-huquqlari bor. Chunonchi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir hadisi shariflarida marhamat qiladilar:

Musulmonning musulmon zimmasida oltita haqqi bor: Qachon unga yo‘liqsang, salom ber; qachon seni (mehmonga) chaqirsa, unga ijobat qil; qachon sendan maslahat so‘rasa, unga maslahat ber; qachon aksirib, Allohga hamd aytsa, unga javob qaytar; qachon betob bo‘lib qolsa, uni ziyorat qil va qachon vafot etsa, uning (janozasiga) ergash”, – dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Dinimizning ta'ziya odobi borasidagi ko‘rsatmalaridan yana biri yurtga ehson dasturxoni yozib, savobini vafot etgan yaqinlariga bag‘ishlash niyatida qilingan marosimlarga oiddir. Bunday marosimlarni albatta shariat ahkomlariga, ahli sunna val jamoat e'tiqodiga, mazhabimizda rasm bo‘lgan qoidalarga muvofiq tarzda o‘tkazish zarur. Ta'ziya marosimlarini bid'atlardan xoli ravishda, ahli ilm hamda mahalla ulug‘lari bilan bamaslahat, imkon qadar yengil, kamtarona, kamchiqim holda o‘tkazmog‘imiz maqsadga muvofiq.

Islom shariati musulmonlarga hargiz qiyinchilikni ravo ko‘rmaydi. Mahalla kuy oldida xijolat bo‘laman deb, qarz olib yoki borini sarflab xudoyi qilishlik, shariatimizda nomaqbul ish sanaladi. Chunki Qur'oni karimda:

“Alloh taolo sizlar uchun bu dinda hargiz qiyinchilik yaratmadi” (Haj surasi, 78-oyat), deb aytilgan.

Boshqa bir oyatida:

“Alloh taolo hech bir bandaga qo‘lidan kelmaydigan ishlarni buyurmaydi” (Baqara surasi, 286-oyat), deyilgan. Alloh taoloning mazkur oyatlari musulmonlar diniy marosimlarini osonlik bilan o‘tkazishlari va bemalol ibodat qilishlari uchun nozil bo‘lgan.

Musibatxonalarda payshanbalik, yakshanbalik nomi bilan qilinayotgan, dafndan keyin ma'lum kun yoki oyni sanab, ayniqsa, ikki hayit kunlarida o‘tkazilayotgan xudoyi marosimlari diniy kitoblarimizning birortasida buyurilmagan. Musibat yetgan xonadonda muayyan kunga bog‘lamasdan, marhumning merosi taqsimlangandan keyin oilaning iqtisodiga zarar yetkazmaydigan holatda xudoyi qilib o‘tkazilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Shunday ekan, o‘tganlarimizni yo‘qlashda faqat taom pishirib ulashish bilan chegaralanib qolmasdan kam ta'minlangan oilalar, beva-bechoralar, muhtoj kishilarni turar joyini yaxshilash, farzandlariga kiyim-kechak olib berish yoki ko‘pchilik manfaat oladigan ishlarni amalga oshirishga, doimiy ravishda uni savobi o‘tganlarimizga borib turishini ta'minlaydigan holatlarga ham o‘tishimiz kerak.

Xayrulloh Sattarov – O‘MI Samarqand viloyat vakili o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 30/01/2020 13:44;   Ko‘rilganligi: 1757
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/toy-hashamlar-oilaviy-tantanalar-maraka-va-marosimlar-marhumlarning-xotirasiga-bagishlangan-tadbirlar-otkazilishini-tartibga-solish-tizimini-yanada-takomillashtirish-togrisidagi-qaror-ijrosi-boyicha
Chop etilgan vaqti: 18/05/2024 14:49
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing