Tortishuv va murosasizlik gunohi kabiradir
Alloh taolo marhamat qiladi: «(Ey Muhammad), odamlar orasida shunday kimsalar borki, uning gapirgan gapi hayoti dunyoda sizga qiziq tuyuladi» (Baqara surasi, 204).
Ya'ni, shunday kimsalar borki, bayon qilish san'ati yetukligidan gapirayotgan gapidan lol qolasan, hayratlanasan. Lekin ular yolg‘onchi, munofiqdirlar. Ularning «hunarlari» bu dunyodagina o‘tadi. Oxiratda esa qalblaridagi sirlardan boxabar bo‘lgan, g‘ayblarni bilguvchi Zotgina hokim bo‘ladi.
Bugungi kunda mana shunday gapdonlar musulmonlar orasida ixtilof va tafriqani keltirib chiqarmoqdaki, shu paytgacha hamjihat bo‘lgan musulmonlar o‘zlari bilmagan holda tafriqaga bo‘linib qolmoqdalar.
Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Odamlar hidoyatda bo‘lganlaridan keyin faqat talashib-tortishishga berilganlari sababligina haq yo‘ldan og‘dilar», dedilar-da, quyidagi oyatni o‘qidilar: «Ular (bu misolni) Sizga faqat talashib-tortishish uchungina keltirdilar. Axir ular xusumatchi-urushqoq qavmdirlar!» (Zuxruf surasi, 58).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qur'on xususida talashib-tortishish kufrdir» (Abu Dovud, Ibn Hibbon rivoyati).
Rivoyat qilinishicha, kimki xusumatlashayotganda bilmasdan turib tortishsa, to tortishuvni bas qilmaguncha g‘azab ostida bo‘ladi.
Boshqa bir rivoyatda shunday deyilgan: «Doim xusumatlashib yurishing gunohkor bo‘lishingga kifoya qiladi».
Asarda kelganki: «Sizlarning ustingizdagi narsalarning eng qo‘rqinchlirog‘i – olimning adashishi, munofiqning esa Qur'on xususida talashib-tortishishidir».
Abrorov Jahongirxon manbalar asosida
Kiritilgan vaqti: 04/02/2022 09:58; Ko‘rilganligi: 960
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:18