O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Tinchlikning qadri

 
 

Tinchlik-xotirjamlik - eng ulug‘ ne'mat. Odatda, ne'matning qadrini uni yo‘qotganlar ko‘proq anglashadi.

Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida Afg‘oniston fuqarolariga ta'lim berish maqsadida markaz tashkil etilgan. Hozirda ko‘plab afg‘on yoshlari u yerda taqsil olishmoqda. Talabalar: “Bizda ham O‘zbekistondagidek tinchlik, osoyishtalik hukm surishini orzu qilamiz”, deya ko‘zlariga yosh olishadi. Chunki ular ko‘chaga chiqishsa, albatta, oila a'zolari bilan: “Qayta kurishmasak, diydor qiyomatga qoldi”, deya xayrlashishar ekan. Ya'ni, xavf-xatar shu darajadaki, uyidan chiqqan odamning qaytmasligi yoki qaytganida uydagilari bo‘lmasligi ehtimoli katta.

Darhaqiqat, tinchlik shunday ne'matki, agar u bo‘lmasa, na o‘qish, na ishlash va na dam olish mumkin! Bu haqiqatni dunyoning turli mamlakatlarida kuzatish mumkin. Shunday ekan, tinchlik ne'mati uchun Alloh taologa shukronalar aytib, uni qadrlab yashash har birimizning burchimizdir. Alloh taolo Ibrohim surasining 7-oyatida bunday marhamat qiladi: «Yana Rabbingiz e'lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, al­batta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”».

Demak, har bir ne'mat­ning, jumladan, tinchlik­ning bardavom va ziyoda bo‘lishini ta'minlashda shukrning ahamiyati beqiyos ekan. Zero, Nabiy sollallohu alayhi va sallamga biror xursandchilik yetganida shukr qilib, sajdaga bosh qo‘yar edilar.

Har bir ne'matning shukri uni ezgu maqsadlarda tasarruf etish, el-yurtga manfaat yetkazish bilan bo‘ladi. Ilmning shukri hamd aytish va u bilan Alloh taologa chiroyli ibodat qilish hamda ilmni boshqalarga yetkazishdan iborat. Tinchlikning shukri Alloh taologa hamd aytish va uning davomli bo‘lishini so‘rab duolar qilish, tinchlikka raxna soladigan ishlardan uzoq bo‘lish, uning himoyasini mustahkamlash hamda solih amallarni kupaytirish bi­lan yuzaga chiqadi.

Shuningdek, qardosh do‘stlarimizga tinchlik so‘rab duolar qilish ham juda go‘zal ishdir. Zero, mo‘min ki­shi o‘zi yaxshi ko‘rgan narsani doimo boshqalarga ham ravo ko‘radi. Dono xalqimiz: ‘Qo‘shning tinch - sen tinch”, deb bejiz aytmagan.

Rahmatulloh QURBONOV, Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi “Bilol” jome masjidi imom-xatibi


 


Kiritilgan vaqti: 22/07/2020 10:02;   Ko‘rilganligi: 8605
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/tinchlikning-qadri
Chop etilgan vaqti: 08/02/2025 01:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing