O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

TINCHLIK MOHIYATINI ANGLASHNING TALABLARI VA AFZALLIKLARI

 
 

Dunyoda ijtimoiy tinchlikni qaror toptirish qonun ustuvorligini anglashni talab qiladi.

Sir emaski, ta'limning vazifasi odamlarning savodini chiqarish va hayotning kurash maydoniga ijobiy xislatlar bilan kira oladigan avlodni tarbiyalashdir. Zero har qanday jamiyatda ma'naviy mezon moddiylikdan ustun qo‘yilgan. Voqelikka ta'sir o‘tkazish va uning hukmronligini mutlaq qo‘lga olish uchun tinchlik tushunchasini umumlashtirish kerak. Ya'ni, tinchlikni hammaning maqsadi, insoniyatning birinchi talabi, jamiyatning turli vakillari va barcha dinlar uchun mushtarak bo‘lgan narsa deb e'tiborga olish zarur. Jamiyat orasida o‘zaro mehr-muhabbat va odob-axloqni yoyish kerak. Chunki, fiqh hukmlarini din maqsadlaridan ajratish natijasida yuzaga kelgan salbiy tushuncha qarama-qarshi fikrlar tarqalishiga olib keladi.

Qoidalarga asoslangan holda umumiy maqsadlardan kelib chiqib, “tinchlik fiqhi” masalasini shariat dalillari asosida ko‘rib chiqsak.

Birinchi qism. Tinchlik maqsadini tushunish sabablari va shar'iy hukmni tushunishda uning ta'siri.

Hozirgi vaqtda ijtimoiy tinchlik masalasi haqida gapirish o‘zini tiyish kabi oson ish hisoblanadi. Chunki butun dunyo tinchlikka intiladi, uning fazilatlari haqida gapiradi, unga da'vat qiladi. Lekin haqiqat tinchlikdan uzoqroq va urushga yaqinroq ko‘rinadi. Mana shu achinarli haqiqat tinchlik muammosini hal qilishga va uning ayniqsa, jamiyatda yo‘qligining sabablarini izlashga undaydi. Tinchlikka erishishga odamlar o‘rtasidagi tafovut ham, manfaatlari va his-tuyg‘ularining turlicha bo‘lishi ham, xohishlarining farqlanishi ham to‘sqinlik qilmaydi. Chunki bu tafovut va farqlanishlar tabiiy va fitriydir. Tinch-totuv yashash dinning talabidir. Din mutlaqo fitriy majburiyatlarga zid emas va hech qachon tabiatan berilgan narsalarga muxolif bo‘lmaydi.

Shunday ekan, musulmonlarning holati va sharoitini hisobga olgan holda, unga haqiqiy diniy muolaja ko‘rsatilishi kerak. Bu esa faqat dinning asoslarini chuqur, puxta tushunish bilangina davolanadi. Ehtimol, tinchlik fiqhiga olib boruvchi birinchi yo‘l atamalarni tushunish va u bilan bog‘liq tushunchalarni idrok qilishdir.

Yakkaxudolik dinlarining fazilatlarni qaror toptirish borasidagi birligi muqaddas matnlar bilan tasdiqlangan haqiqatdir. Yahudiylik va nasroniylik aniq va ravshan matnlarida Allohga shirk keltirmaslik, ota-onaga yaxshilik qilish, o‘lchov va tarozida halollik va ahdlarni hurmat qilishga chaqirgan. O‘zga jonni nohaq o‘ldirish, zino, yetimning molini yeyish, isrofgarchilik, takabburlik, mag‘rurlanish va yolg‘on guvohlik berishdan qaytargan. Muqobilida islom fazilatli amallar bilan bezanish va yomonliklardan saqlanishni talab qilgan. Milliy va umumijtimoiy xavfsizlikka intilgan. Islomdan oldin yahudiy va nasroniy dinlari ham xuddi shu maqsadni ko‘zlagan. Ularning muqaddas matnlarida ijtimoiy xavfsizlikni targ‘ib qilishga qaratilgan bir xil buyruq va taqiqlar belgilangan.

Yahudiylarning “Chiqish va Qonunlar” kitobida bunday kelgan: “Otangiz va onangizni hurmat qil, toki Egang Xudo senga bergan yurtda umring uzoq bo‘lsin. Qotillik, zino, o‘g‘rilik qilma. Qarindoshingga yolg‘on guvohlik berma. Qarindoshingning uyi va ayoliga ko‘z olaytirma. Uning qulini, cho‘risini, ho‘kizini, eshagini, unga tegishli biron narsani ko‘zlama”.

Nasroniylarning Injili (“Matto va Mark xushxabari”)da bunday deyilgan: “Abadiy hayotni qo‘lga kiritish uchun nima qilish kerak, deb bir yigit Iso alayhissalomdan so‘radi? U zot: “Abadiy hayotga kirishni istasang, vasiyatlarga amal qil!” dedilar. U: “Qanday vasiyatlar?” deb so‘radi. U zot: “Jonni o‘ldirma, zino, o‘g‘rilik qilma, yolg‘on guvohlik berma, ota-onangni hurmat qil va qarindoshingni o‘zingdek yaxshi ko‘r”, dedilar”.

﴿ قُلْ تَعَالَوْا أَتْلُ مَا حَرَّمَ رَبُّكُمْ عَلَيْكُمْ أَلَّا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَلَا تَقْتُلُوا أَوْلَادَكُمْ مِنْ إِمْلَاقٍ نَحْنُ نَرْزُقُكُمْ وَإِيَّاهُمْ وَلَا تَقْرَبُوا الْفَوَاحِشَ مَا ظَهَرَ مِنْهَا وَمَا بَطَنَ وَلَا تَقْتُلُوا النَّفْسَ الَّتِي حَرَّمَ اللَّهُ إِلَّا بِالْحَقِّ ذَلِكُمْ وَصَّيكُمْ بِهِ لَعَلَّكُمْ تَعْقِلُونَ ﴾

Qur'oni karimda: “Ayting: Keling, Pabbingiz cizlapga hapom qilgan napcalapni tilovat qilib bepaman: «Unga hech napcani sherik qilmang! Ota-onangizga yaxshiliĸ qiling! Ochliĸdan qo‘pqib, bolalapingizni o‘ldipmang. Biz cizlapni ham, ylapni ham pizqlantipypmiz. Fahsh-byzyq ishlapning oshĸopaciga ham, maxfiyciga ham yaqinlashmang. Alloh hapom qilgan jonni o‘ldipmang. Magap haq ila bo‘lca, mayli. Ushbylapni cizga amp qildiĸĸi, shoyad aql yupitcangiz”[1], deb aytilgan.

Imom Bag‘aviy aytadi: “Alloh taolo nabiylarning barchasini din, do‘stlik, birlikni barpo qilishga chaqirib, bo‘linish va ixtilofni tark etishni buyurdi”.

Shunday qilib, yakkaxudolik dinlari o‘rtasidagi pirovard maqsad nuqtai nazaridan umumiylik insoniyat jamiyatini tashkil etish va jamoat xavfsizligiga erishish ekanligi tasdiqlanadi. Maqsad odamlarning osoyishta, tinch va xotirjam yashashidir. Bu maqsad yo‘lida zino, yolg‘on guvohlik berish va boshqa shu kabi jamiyatda fitna qo‘zg‘atishga olib keladigan ishlardan yiroq bo‘lish zarurdir.

Diniy nuqtai nazardan qaraganda e'tiqodda ham, xatti-harakatlarda ham tinchlikni joriy qilish uchun ijtimoiy xavfsizlik choralarini soddalashtirish kerak.

﴿ يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا ادْخُلُوا فِي السِّلْمِ كَافَّةً وَلَا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ إِنَّهُ لَكُمْ عَدُوٌّ مُبِينٌ ﴾

Alloh taolo: “Ey iymon keltirganlar! Islomga to‘lig‘icha kiring va shaytonning izidan ergashmang. Albatta, u sizlarga ochiq dushmandir”[2], dedi.

Tinchlik ne'mati insonning dunyoviy manfaatlari uning ustiga barpo qilinadigan poydevorlardan hisoblanib, ulardan biri qo‘zg‘alsa, manfaatlar ketib, o‘rnini buzg‘unchilik egallaydi. Natijada insonlar dunyo saodati va lazzatidan mahrum bo‘ladi. Bu saodat esa ijtimoiy va ozuqaviy xavfsizlik va jismoniy sog‘lik hisoblanadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimki o‘z uyida tinch-omon, tanasi sog‘, kuniga yetarlik ozuqasi bor holida tong ottirsa, go‘yo unga dunyo yaxshiliklari berilgandek”[3], dedilar.

Barcha yakkaxudolik dinlarida tinchlikning ahamiyati ochiq-oydin ta'kidlangani va umuminsoniy qadriyat hisoblanishini inobatga olib, tinchlik masalalari va uning muammolari bilan shug‘ullanish tashvishi olimlar va nazariyotchilarni ham o‘ylantirsa kerak. Hatto hukmdor va amaldorlarning ham katta e'tiborini tortgan. Shunga ko‘ra, musulmon jamiyatida tinchlik muammosi hal qilinuvchi masaladir. Shuning uchun yuqori saviyada ilmiy izlanishlar olib borish va uning tadqiqotiga professional universitet olimlari tomonidan mustahkam ilmiy usullar va mantiqiy qoidalar bilan murojaat qilish maqsadga muvofiqdir. Bu ishlar, unga aloqador bo‘lganlarni toyilishdan va tadqiqot natijalarini mafkuraviy kirib borishdan himoya qiladi.

Tinchlik muammosi birinchi navbatda diniy masala bo‘lgani uchun uni fiqhiy tomonlama hal qilish kerak. Zero dinlar uchun fiqhning zarurligi, xuddi badanlarga tibbiyotning zaruratidek.

Fazilatli Shayx Abdulloh ibn Bayya faqihlarning tinchlik to‘g‘risida kelgan oyat, hadislardan chiqarib olgan hukmlariga ergashib: “Tinchlik – tortishuv va urushdan saqlanish, do‘stlik va muhabbatga intilish”, degan xulosaga kelgan. Bu fiqhiy ta'rif bo‘lib ikkita bir-birini to‘ldiruvchi jihatga ega: birinchisi, tortishuv va urushni taqiqlovchi buyruq, ikkinchisi, do‘stlik va muhabbatga hamda ularni xalq orasida tarqatishdan iborat g‘oyaviy maqsad.

Olimlar ijtimoiy xavfsizlikka tahdid soladigan unsurlardan bir qanchasini sanab, bu ishning mutlaqo noto‘g‘ri yo‘l ekanini oyat, hadislar bilan ham isbotlab bergan. Jumladan, moddiy, ma'naviy va fikriy zo‘ravonlikka dalillar keltirgan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon kishi uchun boshqa musulmonni qo‘rqitish halol bo‘lmaydi”[4], deb aytganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim mo‘min birodariga qurol o‘qtalsa, farishtalar uni la'natlaydi”[5], deganlar.

“Qisqa so‘z bilan bo‘lsa ham mo‘minning o‘ldirilishiga yordam bergan kishi peshonasiga “Allohning rahmatidan mahrum bo‘lgan” deb yozilgan holida Rabbiga yo‘liqadi”[6].

Yuqorida zikr etilgan har bir dalilni mulohaza qilganda, zo‘ravonlik ba'zan moddiy bo‘lib, qotillik, urush va janjalni o‘z ichiga oladi. Ba'zan zo‘ravonlikka fikr va rejani taqdim qilish orqali erishiladi. Bu fitnaga sabab bo‘ladi. Fitna esa ijtimoiy tartibsizliklar va xavfsizlik muvozanatining buzilishiga olib keladi. Muhammad Tohir ibn Oshur aytadi: “Fitnaning ma'nosi fikrlarning buzilishi, harakatlarning noto‘g‘ri yo‘naltirilishi, odamlar qalbida ehtiyotkorlik va hadik paydo bo‘lishidir”.

Odamlar orasida do‘stlik rishtalarini bog‘lash, mehr-muhabbatni yoyish ijtimoiy xavfsizlikni barqarorlashtirish va uni mustahkamlashga sabab bo‘ladigan unsurlar hisoblanadi. Umuman olganda, bu yakkaxudolikka e'tiqod qiluvchi barcha dinlar uchun umumiydir. Lekin hayot shuni ko‘rsatadiki, islom dini do‘stlik va birodarlikni musulmonlarning o‘zaro va boshqalar o‘rtasidagi eng zarur burchlaridan biri qilib qo‘ydi. Bundan dalolat beruvchi oyatlar juda ko‘p. Jumladan,

﴿ إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ فَأَصْلِحُوا بَيْنَ أَخَوَيْكُمْ وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ ﴾

Alloh taolo: “Albatta, mo‘minlar dinda o‘zaro birodardirlar. Bas, sizlar ikki birodaringiz o‘rtasini tuzatib qo‘yingiz va Allohdan qo‘rqingiz, shoyad rahm qilinsangiz”[7]dedi.

Islom qonunchiligi zo‘ravonlikni harom qilib, uning yuqorida zikr etilgan har bir turi uchun xavfsizlik va tinchlikka ta'sir qilish darajasiga ko‘ra tegishli jazoni tayinladi. Biroq, bu intizomiy jazo o‘shanday qabohatlarni man qilish, qotillik va bezorilikka chora qo‘llash, Allohning rahmatidan noumid bo‘lish va Uning la'natiga duchor bo‘lishdan tushirib yuborgani yo‘q.

Islom shariatining umumiy va oliy maqsadi jamiyatni tartibga solishdir, xavfsizlik va tinchlik esa bu maqsadga erishish, uning davomiyligi va uzluksizligi uchun asosdir.

Islom xalq, davlat va jamiyatga qarshi chiqishni mutlaqo qoralaydi. Bu chiqish hokimiyatga intilish yoki zo‘ravonlik yo‘li bilan hukmdorni ag‘darish bo‘ladimi yoki jamoat xavfsizligini buzish, imomga bo‘ysunmaslik va qonunga hurmatsizlik qilish orqalimi bo‘ladimi farqi yo‘q. Islom uni fiqhiy istilohda “isyon” jinoyati, shar'iy istilohda “bezorilik” jinoyati deb nomladi. Islom jamoat xavfsizligini buzish jinoyatlarini o‘ziga xos tarzda muolaja qildi. Ijtimoiy intizomni o‘rnatdi va odamlarni birlashtirib, birdamlikka chaqirdi hamda firqalanishdan qaytarib:

﴿وَاعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا﴾

“Hammangiz Allohning “arqoni”ni (dinni) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang”[8], deb buyurdi.

Alloh taolo samoviy dinlarning mazmuni bir ekanini bayon qilganidan so‘ng, insoniyat jamiyatida dinni barpo qilishni shart qildi.

﴿شَرَعَ لَكُمْ مِنَ الدِّينِ مَا وَصَّى بِهِ نُوحًا وَالَّذِي أَوْحَيْنَا إِلَيْكَ وَمَا وَصَّيْنَا بِهِ إِبْرَاهِيمَ وَمُوسَى وَعِيسَى أَنْ أَقِيمُوا الدِّينَ وَلَا تَتَفَرَّقُوا فِيهِ كَبُرَ عَلَى الْمُشْرِكِينَ مَا تَدْعُوهُمْ إِلَيْهِ اللَّهُ يَجْتَبِي إِلَيْهِ مَنْ يَشَاءُ وَيَهْدِي إِلَيْهِ مَنْ يُنِيبُ ﴾

(Alloh) sizlar uchun din bo‘yicha Nuhga buyurgan narsani va Biz sizga (Muhammadga) vahiy qilgan narsani, (shuningdek) Biz Ibrohim, Muso va Isoga buyurgan narsani – shariat qildi: “Dinni barpo qilingiz va unda firqa-firqaga bo‘linmangiz!” (Ey Muhammad!) Mushriklarga Siz da'vat qilayotgan narsa (tavhid) og‘irlik qildi. Alloh unga (dinga) O‘zi xohlagan kishilarni tanlar va Unga inobat qiladigan kishilarni hidoyat sari yo‘llar”[9]. Alloh taolo bandalari orasidan musulmon bo‘lganini “Rahmonning bandalari”, deb vasf qilib:

﴿وَعِبَادُ الرَّحْمَنِ الَّذِينَ يَمْشُونَ عَلَى الْأَرْضِ هَوْنًا وَإِذَا خَاطَبَهُمُ الْجَاهِلُونَ قَالُوا سَلَامًا﴾

“Rahmonning (suyukli) bandalari yerda kamtarona yuradigan, johil kimsalar (bema'ni) so‘z qotganda “Salomatlik bo‘lsin!” deb javob qiladigan kishilardir”[10].

Odamlar o‘rtasida tinchlik va himoya vositalarini yo‘lga qo‘yish jamiyatni bo‘linish, nizo va tarqoqlikdan saqlaydi. Shuning uchun Islom fitna va uning sabablaridan qaytarib, yarashuv, afv va oqlash hukmlarini qo‘llashni yoqlaydi.

﴿وَإِنْ طَائِفَتَانِ مِنَ الْمُؤْمِنِينَ اقْتَتَلُوا فَأَصْلِحُوا بَيْنَهُمَا﴾

Alloh taolo: “Agar mo‘minlardan ikki toifa o‘zaro urushib qolsalar, darhol ular o‘rtasini isloh etingiz!”[11] dedi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga ro‘za, namoz va sadaqaning savobidan yaxshiroq narsa aytaymi?” dedilar. Ular: “Ha”, dedi. U zot: “Orani isloh qilish. Zero, oraning buzilishi qiruvchidir. Men, sochni qiradi demayapman, balki dinni qiradi”[12], dedilar.

Islom doim tinchlikka buyuradi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo hech qachon bundan oldin harom qilgan fitnani halol qilmadi. Sizlardan biringiz birodarining oldiga kelib salom beradi. So‘ngra yana uning oldiga kelib, uni o‘ldiradi, bu qanday ish?”[13] dedilar.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, islom dini buyruq va ko‘rsatmalarida ijtimoiy hayot va insonlarning xavfsizligi uchun eng manfaatli qarorlarni chiqargan. Yuksak qadriyatlar hurmat qilish, odob-axloq tamoyillariga rioya etish hamda aholi orasida ijtimoiy xavfsizlikni ta'minlashni himoya qilib, mustahkamlaydi. Bu masalalar samoviy dinlarning barchasida bir xil aks ettirilgan. Zero, Alloh taolo hamma payg‘ambarlarga insonlarni tinch-totuv, do‘stlik, birodarlik, mehr oqibat bilan yashashga buyurib, o‘zaro adovat, nafrat, zo‘ravonlik, urush kabi razilliklardan qaytargan. Aqlli inson ijtimoiy xavfsizlikka tahdid soladigan omillardan uzoq bo‘lib, har xil adashgan toifalarning yolg‘onlariga uchmaydi. Aksincha, mo‘tabar olimlarning so‘zlariga quloq solib jamiyatga foyda keltirish harakatida bo‘ladi.

[1] An'om surasi, 151-oyat
[2] Baqara surasi, 208-oyat.
[3] Imom Buxoriy. Adabul mufrad. I J. – B. 112.
[4] Imom Termiziy rivoyati.
[5] Imom Termiziy rivoyati.
[6] Bayhaqiy rivoyati.
[7] Hujurot surasi, 10-oyat.
[8] Oli Imron surasi, 103-oyat.
[9] Shuro surasi, 13-oyat.
[10] Furqon surasi, 63-oyat.
[11] Hujurot surasi, 9-oyat.
[12] Abu Dovud rivoyati.
[13] Tabaroniy rivoyati.

Husan MIRZOAHMADOV,
Samarqand shahar "Xo‘ja Abdu Darun" jome masjidi imom-noibi


Kiritilgan vaqti: 11/04/2023 09:55;   Ko‘rilganligi: 439
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/tinchlik-mohiyatini-anglashning-talablari-va-afzalliklari
Chop etilgan vaqti: 05/05/2024 14:11
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing