O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Tinchlik – eng oliy ne'mat!

 
 

Tinchlik – bu insoniyatga Alloh taolo tomonidan berilgan eng oliy ne'mat hisoblanadi. Tinchlikning qadriga yetish, uni asrab avaylash bizning zimmamizdagi burchimizdir. Bu barcha payg‘ambarlarning sunnati hamdir. Zero, Hadisi sharifda:“Ikki ne'mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik”, deyilgan.

Tinchligini yo‘qotgan yurt xuddi yulduzini yo‘qotgan osmon kabi bo‘ladi. Yulduzi yo‘q osmon esa zimistondir. Qolaversa, u yurtning qanchalar unumdor yerlari, go‘zal manzarali go‘shalariyu anhorlari bo‘lmasin, u xuddi birovga manfaati tegmaydigan va foyda ololmaydigan sahroga o‘xshab qoladi. Bunday yurtda na rohat va na xotirjamlik bo‘ladi.

Aksincha tinchligi bor yurt esa agarda u sahro bo‘lib, undan giyoh unub chiqishi qiyin bo‘lsa ham, u yerning aholisiga o‘zining ana shu tinch vatani xotirjam hayot kechirishi uchun eng qulay maskan hisoblanadi. Demak, har bir jon, u kim bo‘lishidan qat'iy nazar, qanday kasb, qanday martaba, qancha obro‘ga ega bo‘lmasin, tinchlikda hayot kechirishga muhtoj hisoblanadi. Allohga beadad hamdu sanolarimiz bo‘lsinki, bugun bu mustaqil yurtimiz tinch, farovon, osmoni musaffo. Shunday ekan, insonlar nafaqat bu tinchlikning qadriga yetib, shukrini ado etishlari lozim.

Uning shukrini ado etish barchaning zimmasidagi bur hisoblanadi. Bu shukrona esa yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlarimizning xayrli duolari, yoshlarimizning halol mehnatlari va fidokorliklari bilan amalga oshadi. Bu mustaqil yurtimizda hukm surayotgan osuda hayotni asrash, uning barqarorligiga munosib hissa qo‘shish – shu aziz Vatanda yashayotgan barchaning, u qaysi millat va dinga mansubligidan, qanday kasb bilan shug‘ullanishidan qat'i nazar, barchaning eng asosiy vazifasidir.

Alloh taolo yurtimizning tinchligi va xotirjamligini bardavom qilsin. Barchamizni shu tinch va osuda yurtning rivoji uchun o‘z hissasini qo‘shadigan insonlardan qilsin.

I.Absalamov
Samarqand shahar “Domla Kamoliddin” jome masjidi imom-xatibi 


Kiritilgan vaqti: 26/10/2023 10:57;   Ko‘rilganligi: 489
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/tinchlik-eng-oliy-nemat
Chop etilgan vaqti: 04/05/2024 07:33
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing