TILNI TIYISH – OFIYATDIR
Nutq – Alloh taoloning insoniyatga bergan eng ulug‘ ne'matlaridan biridir. Boshqa ne'matlar qatori uni ham maqsadli, oqilona va foydali yo‘lda ishlatish talab etiladi. Chunki tilni, nutqni to‘g‘ri ishlatmaslik insonning dunyo-yu oxiratiga katta zarar yetkazadi.
Tilni saqlash, uni bekorchi gaplardan tiyish odob-axloqdan va fazilatli xulqlardandir. Tilni saqlash avvalo faqat yaxshi gaplarni gapirish, befoyda va yomon so‘zlardan, g‘iybat va chaqimchilik gaplaridan uzoqlashishni anglatadi.
Islom mo‘minlarni tillarini saqlashga va nojoiz, noto‘g‘ri gaplarni so‘zlamalikka chaqiradi. Chunonchi, Qur'oni karimda:
“U biror so‘zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (so‘zni yozib oluvchi farishta) bordir”, (“Qof” surasi, 18 oyat) deb ogohlantirilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, faqat yaxshi gapni gapirsin yoki sukut saqlasin” dedilar, deyilgan. (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilgan).
Sukut kishini ko‘plab muoammolarga yo‘liqishidan to‘suvchi, balo-ofatlardan omonda bo‘lishiga sabab bo‘luvchi omildir. Bu haqda hadisi sharifda ochiq-oydin ta'kidlangan bo‘lib,Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhuning rivoyatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim sukut saqlasa najot topadi”, deganlar. (Termiziy rivoyati).
Sahl ibn Sa'd roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim menga ikki jag‘i va oyoqlari orasidagi narsalarning kafolatini bersa, men unga jannatning kafolatini beraman”, dedilar, deb aytilgan. (Buxoriy rivoyati).
Hadislardan tushuniladiki, insonga dunyoda ham, oxiratda ham balo keltiruvchi narsalarning kattasi – tilidan chiqqan yomon so‘zlari ekan. Shuning uchun uni saqlagan kishi buyuk ofatdan omonda bo‘ladi.
Huda behuda so‘zlash avvalo insonning o‘zi uchun, qolaversa yon-atrofdagilar, jamiyat uchun ham zarardir. Chunki aynan til insonlar orasiga sovuqchilik tushishiga, jamiyat parokandaligiga sabab bo‘lib qoladi.
Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kishining eshitgan har bir narsasini gapiraverishi gunohkor bo‘lishiga yetarlidir”, deganlar (Muslim rivoyati).
Til ofatlarini sanaganda, g‘iybat, yolg‘on, chaqimchilik, tortishuv, haqorat va so‘kish, masxara-mazah, befoyda gap, maqtanchoqlik va hokazolarni keltirishimiz mumkin.
Abu Dardo roziyallohu anhu: “Og‘zingdan ko‘ra quloqlaringni ko‘proq ishlat. Oz gapirib, ko‘p tinglashing uchun senga bitta og‘iz, ikkita quloq berilgan”, degan.
Shu sabab, gapirishdan avval o‘ylab, muammo keltirmaydigan, birovning obro‘siga, hurmatiga tajovuz qilmaydigan, gunoh va ma'siyat bo‘lmaydigan, “har bir joyning o‘z gapi bor, har bir gapning o‘z joyi bor” deganlaridek, vaqt va joyga munosib gaplarni gapirishga intilish lozim bo‘ladi.
Bahodir Mirzayev
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Kiritilgan vaqti: 23/07/2020 14:30; Ko‘rilganligi: 2378
Chop etilgan vaqti: 15/10/2024 13:59