“TA'VILOTUL QUR'ON” ASARIGA YOZILGAN SHARH
Imom Moturidiyning mashhur “Ta'vilotul Qur'on” tafsiriga Samarqand zaminidan yetishib chiqqan yana bir buyuk olim Alouddin Samarqandiy sharh yozgan. “Sharhu Ta'vilotul Qur'on” deb nomlanuvchi bu asar moturidiylik ta'limotini chuqur anglashda juda muhim manba hisoblanadi.
Asar muallifining to‘liq ismi Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Ahmad Abu Bakr Alouddin Samarqandiy[1] bo‘lib, Alouddin nomi bilan tanilgan. Ba'zilar tomonidan Abu Bakr Samarqandiy ham deb aytiladi. Manbalarda uning tug‘ilgan yili haqida biror-bir ma'lumot keltirilmagan. Alloma Samarqandda tavallud topgan, keyinchalik Buxoroga ko‘chib borgan va hayotining ko‘p qismi shu joyda o‘tgan[2]. Uning vafoti haqida ham turli sanalar ko‘rsatib o‘tilgan.
Xususan, Imom Sam'oniy alloma haqidagi xotiralarida: “U Buxoroda yashagan. Fatvo, munozara, usul va kalom ilmida benazir imom edi. Menga dars berishim uchun ijoza (yozma ruxsatnoma) yozib bergan. Alloma 539 yilda (milodiy 1145 yil) Buxoroda vafot etgan, Alloh uni rahmatiga olgan bo‘lsin”, deb yozib qoldirgan.[3] Bundan tashqari, Yusuf Sarkisiy uni 540 yilda (milodiy 1146 yil), Hoji Xalifa 552 yoki 553 yilda (milodiy 1157 yoki 1158 yillar) vafot etganini yozib qoldirishgan. Bu sanalar ichida haqiqatga yaqini 539 yildir. Negaki, Sam'oniy alomaning vafot etgani haqida yoza turib, ijoza yozib berganini aytishi bu ularning zamondosh bo‘lganini tasdiqlaydi. Qolgan olimlarning aytganlarida esa Alouddin Samarqandiyning biror bir zamondoshi yoki unga aloqador shaxsga nisbat berilmagan[4]. Ilmiy tadqiqotlarda bir kishi haqida uning zamondoshi bildirgan fikr boshqalarning fikriga nisbatan albatta ustun turadi.
Alouddin Samarqandiy ilmni asosan ikki mashhur ulamo, Sodrul Islom Abulyusr Pazdaviy va Abulmu'in Makhul Nasafiydan olgan. Imom Pazdaviyning ustozlari silsilasi Imom Moturidiyga va u kishi orqali Muhammad ibn Hasan Shayboniyga yetib boradi. Boshqa bir sanad bilan esa Imom Abu Yusufga yetadi[5].
Abu Muin Nasafiyning ilm sanadi ham to‘rt halqa bilan Muhammad ibn Hasan Shayboniyga yetib borgan. Demak, Alouddin Samarqandiy har ikki sanad bilan Abu Hanifa rahmatullohi alayning shogirdi hamda do‘sti Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadga borib taqaladi.
Allomaning fiqh, tafsir, hadis, usul, aqoid, kalom ilmlariga oid ko‘plab asarlari mavjud. Ulardan islom olamida eng mashhuri“Tuhfatu-l-fuqaho” (“Faqihlar tuhfasi”) asari hisoblandi. Kitob hanafiy fiqhi bo‘yicha katta e'tiborga ega bo‘lib, unga ko‘plab sharhlar yozilgan[6]. Ushbu asar tufayli alloma barcha zamonlarda buyuk faqih sifatida e'tirof etib kelinadi.
U fiqh ilmidan tashqari kalom ilmi bo‘yicha ham hanafiy mazhabining yirik vakillaridan biri sifatida Imom Abu Mansur Moturidiyning izdoshi va ta'limotining tarqatuvchisi bo‘lgan. Alloma Moturidiyning “Ta'vilotu-l-Qur'on” kitobini sharhlab, uni“Sharhu-t-ta'viylot” (“Ta'vilot sharhi”) nomi bilan sakkiz jildda jamlagan[7].
Alloma asar muqaddimasida shunday yozadi: “(Imom Moturidiy) bu kitobni boshqa asarlaridan farqli o‘laroq o‘z qo‘li bilan yozmagan. Balki, shogirdlari uning og‘zidan yozib olgan. Shuning uchun boshqa kitoblariga nisbatan tushunish oson. Lekin, shu bilan birga ayrim murakkabliklardan ham xoli emas. Men bu kitobni Shayx Abu Muin rahmatullohi alayh qo‘lida o‘qiyotganimda, ustozim undagi tushunish qiyin, izohlash shart bo‘lgan joylarini sharhlashga kirishdi. Men esa bu manfaatli ish shundaygina o‘tib ketishini xohlamadim.”
Muqaddimadan ma'lum bo‘lmoqdaki, Alouddin Samarqandiy “Ta'vilotul Qur'on” tafsirini ustozi Abu Muinning qo‘lida o‘qigan va ustozi tomonidan sharhlangan iboralarni jamlab borgan. Natijada “Sharhut ta'vilot” asari dunyoga kelgan.
Hozirda yurtimiz va xorijdagi kutubxonalarda mazkur sharhning o‘nga yaqin qo‘lyozma nusxalari saqlanmoqda.
O‘zbekistondagi mavjud nusxalar O‘zR FA SHIda № 3249- va 3155- raqamlar ostida saqlanadi. Bu ikki nusxa Sh.Yu.Ziyodov va A.K.Mo‘minovlar tomonidan tavsif etilib, birinchi bor ilmiy muomalaga kiritilgan[8].
Qo‘lyozma nusxalarining aksariyati Turkiya kutubxonalirda saqlanadi. Jumladan,
Sulaymoniya kutubxonasida:
- Hamidiya nusxasi. № 176- raqam bilan saqlanayotgan nusxa to‘liq holda saqlangan. U nasx yozuv turida ko‘chirilgan bo‘lib, “Ta'vilotu-l-Qur'on” tafsirining avvali: “Tafsir va ta'vil orasidagi farq” mavzusidan boshlanadi va “Nas” surasiga borib tugaydi. Uning avvalgi varag‘ida qo‘lyozma Sulton Abdulhamid I ibn Sulton Ahmad tomonidan vaqf qilingani qayd etilgan. Nusxa 1180 hijriy sanada Hoji Ahmad nomli nusxanavis tomonidan ko‘chirilgan.
Bu nusxaning elektron shakli Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi elektron kutubxona fondida ham mavjud.
- As'ad afandi nusxasi. № 48-raqam ostida;
- Shahid Ali Poshsho nusxasi № 283-raqam ostida;
- Jorulloh nusxasi № 230-raqam ostida saqlanadi.
To‘pqopi saroyi kutubxonasida:
Madina nusxasi № 179-raqam bilan saqlanadi. Bu ham to‘liq nusxa.
Boyazid kutubxonasida:
Ushbu kutubxonada saqlanayotgan nusxa aslida besh jilddan iborat bo‘lgan. To‘rtinchi jildi topilmagan. Mavjud nusxalar № 423-, 424-, 425-, 426- raqamlar bilan saqlanadi.
Birinchi jild “Ta'vilotul Qur'on” tafsirining so‘z boshi “tafsir va ta'vil orasidagi farq” mavzusidan boshlanib “Oli Imron” surasi oxirida tugaydi. Ikkinchi jild “Niso” surasidan boshlanib, “A'rof” surasida tugaydi. Uchinchi jild “Anfol” surasidan boshlanib, “Mo‘minun” surasida tugaydi.
Manbada keltirilishicha yo‘qolgan to‘rtinchi jildida “Nur” surasidan boshlab, “Saba'” surasigacha sharh qilingan bo‘lishi mumkin.
Beshinchi jild “Fotir” surasidan boshlanib, “Nas” surasida tugaydi.
Bundan tashqari Makka shahridagi “Harami sharif” kutubxonasida ikki jildli nusxa № 529-, 530-raqamlar bilan saqlanadi.
Shuningdek, Hindistonning Bankipura shahri kutubxonasida ham № 294- raqam bilan saqlanayotgan nusxa mavjud[9].
Shuni alohida ta'kidlash lozimki, ushbu durdona asar hanuzgacha qo‘lyozma holatidagina saqlanib kelmoqda. Uning zamonaviy nashri chop etilmagan. Shuning uchun Alouddin Samarqandiyning ushbu asari bilan barcha birdek yaqindan tanishish imkoniyatiga ega emas. Bu esa yurtimizdagi tadqiqotchilar, ilm ahllarining zimmasiga ushbu asarni o‘rganish, tadqiq etish va tarjima qilish mas'uliyatini yuklaydi.
Asarni o‘rganishning dolzarbligi shundaki, u moturidiylik ta'limotini asoslovchi “Ta'vilotul Qur'on” asaridagi murakkab o‘rinlarni tushunishga ko‘maklashadi. Islom dinining insonparvarlik tamoyillarini butun dunyoga yanada keng targ‘ib etishda, uning mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Kiritilgan vaqti: 24/06/2020 10:52; Ko‘rilganligi: 1586
Chop etilgan vaqti: 20/06/2025 11:47