O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

TAVASSUL QILISH JOIZMI?

 
 

O‘zlarini sof salaflar yo‘lida ekanini da'vo qilib kelayotgan soxta salafiylar tavassul bora sida ahli sunna val-jamoa aqidasiga zid ravishda tavassulni shirk, tavassul etuvchilarni esa mushrik deb ayyuhannos solishmoqda. Aslida tavassul bu - Alloh taoloning sifatlari, solih amallar, tirik va vafot etgan ulug‘ insonlarni vosita qilib Allohdan hojat so‘rashdir. Vasila sifatida gohida qilinadigan solih amallar, Alloh taoloning roziligi uchun bajarilgan toat-ibodatlar Parvardigorning dargohiga yaqinlashtiruvchi kuchli vosita bo‘lsa, ba'zan esa Alloh nazdida yuksak martabaga ega bo‘lgan obro‘-e'tiborli solih bandalar Yaratgan huzurida vosita va vasila bo‘ladilar.

Qur'oni karimda: «Ey iymon keltirganlar! Allohdan qo‘rqingiz va Unga (yaqinlashtiruvchi savobli ishlardan) vasila (vosita) izlangiz hamda Uning yo‘li (toati)da jiddu jahd qilingiz, toki (oxiratda) najot topgaysiz!» deyiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Fotima binti Asad roziyallohu anho vafot etganida uning qabriga tushib: «Hayot beradigan va o‘ldiradigan Allohdir. Doimo barhayot, o‘lmaydigan Zot, onam Fotima binti Asadni mag‘firat qil, hujjatini aytishini nasib et, kirar joyini keng qil. Payg‘ambaring haqqi va o‘zimdan oldingi payg‘ambarlar haqqi bilan», deb duo qildilar» (Imom Tabaroniy rivoyati).

Bu hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam tomonlaridan o‘tgan payg‘ambarlar hurmati bilan ochiq-oydin tavassul qilingani ko‘rinadi. Tiriklarni vasila qilish mumkin, lekin vafot etganlarni vasila qilish mumkin emas deganlarga ham bu qat'iy va aniq javobdir.

Alloma Imom Shavkoniy «Tuhfatuz zokiriyn» kitobida tavassulning joiz ekanini batafsil bayon etgan va hamda tavassul to sahobalar davridan ijmo'an qabul qilingan amal ekanini bir qancha dalillar bilan keltirib o‘tgan.

Afsuslar bo‘lsinki, tavassulni inkor etadiganlar na bu kabi oyat-hadislarga va na mujtahid ulamolarning so‘zlariga quloq tutadilar. Ularning da'volariga ko‘ra hech bir kishini tavassul qilish joiz emas va bunga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Ular har bir qilmoqchi bo‘lgan amallari yoki gapirmoqchi bo‘lgan so‘zlariga Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning, sahobai kiromlarning yoxud buyuk mujtahidlarning emas, balki o‘zlarining g‘oyaviy rahnamolari bo‘lmish Ibn Taymiya (1263-1328) ning fikrlariga tayanadilar va buni shak-shubhasiz to‘g‘ri deb e'tiqod qiladilar.

Haqiqatni tan olib aytadigan bo‘lsak, soxta salafiylar o‘z rahnamolarining tavassul borasida aytgan gaplaridan mutlaqo bexabar ko‘rinadi, shekilli. Aks holda bu kabi bo‘lmag‘ur da'volar bilan olamga jar solib, o‘zlariga ergashuvchilarning boshini qotirmagan bo‘lardi.

Buyuk tarixchi, mufassir va muhaddis Ibn Kasir (1301-1373) rahimahulloh o‘zining «al-Bidoya van-nihoya» nomli kitobida Ibn Taymiyaning: «Allohdan boshqa hech kimdan yordam so‘ralmaydi. Nabiydan ham ibodat ma'nosida yordam so‘ralmaydi. Lekin u bilan tavassul qilish mumkin va undan Allohga shafoatchi bo‘lishligini (tashaffu') so‘rasa bo‘ladi», degan so‘zlarini keltirib o‘tganlar.

Mana haqiqat oydinlashdi: Ibn Taymiya ham ahli sunna val-jamoa e'tiqodiga xos va mos fikrni aytgan ekan. Ushbu jamoa e'tiqodiga ko‘ra, albatta, Alloh taolodan boshqa hech kimdan madad so‘ralmaydi. Hatto payg‘ambarlardan ham. Ammo Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamni duoda vasila qilish, u zotning qiyomat kunida shafoatchi bo‘lishlarini so‘rashga hech qanday mone'lik yo‘q. Aksincha, bu marg‘ub va mahbub amallardandir.

 Hasanov Ahmad - Samarqand shahar Damariq jome masjidi imom-noibi manbalar asosida tayyorlandi


Kiritilgan vaqti: 06/02/2023 08:50;   Ko‘rilganligi: 425
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/tavassul-qilish-joizmi
Chop etilgan vaqti: 15/05/2024 20:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing