O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Tarbiyada,ro‘zg‘or ishlarida ota-ona ibrati

 
 

Islomda farzand tarbiyasi hali bola dunyoga kelmasidan oldin boshlanadi.Farzandlarini chinakam imonli,solih,diyonatli qilib tarbiyalashni istagan ota eng avvalo uning uchun imoni but,soliha,diyonatli,insofli,go‘zal axloqli ona tanlab olishi kerak.Bu ish bola tarbiyasiga qo‘yilgan ilk qadamdir.Farzand tug‘ilishi bilan bu ulug‘ ne'mati uchun Alloh taologa ko‘p maqtov va shukronalar aytish,ushbu xursandchilikni boshqalar bilan baham ko‘rish,bolaning qulog‘iga azon aytish,unga chiroyli,ma'noli ism qo‘yish,birinchi kundanoq uni halol yo‘l bilan rizqlantirish hamda go‘zal odob berish  farzand tarbiyasidagi asosiy talablardandir.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) shunday marhamat qiladilar:

“Hech bir ota o‘z farzandiga go‘zal odobdan ham ortiqroq hadya bera olmaydi”. (Termiziy rivoyati)

Ota-ona tarbiyasining ahamiyati haqida janob Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) ushbu hadisi sharif vorid bo‘lgan:”Har bir farzand musulmon fitratida tug‘iladi,lekin uni yahudiyga aylantirib yuboradigan ham,nasroniy yoki majusiyga aylantirib yuboradigan ham uning ota-onasidir”(Imom Buxoriy rivoyati).

Farzand ota-onaning siridir.Farzand uchun ota-ona ibratdir.

Shu o‘rinda dunyoga mashhur tasavvuf shayxlaridan birining onalari o‘z farzandini tarbiyalab voyaga yetkazishda qanday yo‘l tutgani haqida tanishamiz.So‘fiylikning mashhur shayxlaridan Abdulqodir G‘iloniy(rahimahulloh)bunday hikoya qiladi:”Bolaligimdan meni to‘g‘riso‘z ,rostgo‘y bo‘lishga o‘rgatishgan edi.Bir kuni Makkadan chiqib,ilm olish maqsadida Bag‘dodga boradigan bo‘ldim.Onam yo‘l xarajatlari uchun qirq dinor pulni choponim qatiga tikib berar ekan,mendan hech qachon,har qanday holatda ham yolg‘on gapirmaslik haqida va'damni oldi.Karvon bilan Hamadon o‘lkasiga yetganimizda qaroqchilar to‘dasi hujum qilib,karvondagilarning borbudini tortib oldi.Qaroqchilardan biri:”Sening nimang bor?”deb so‘radi.Men:”Choponim qatida qirq dinor oltinim bor”,deb rost gapirdim .U meni to‘da boshlig‘iga olib bordi.Boshliq :”Rostini aytishga seni nima majbur qildi?”deb so‘radi.

Men:”Onamga hech qachon yolg‘on gapirmayman,deb va'da berganman”,dedim.

Shunda qaroqchilar boshlig‘ini birdan qo‘rquv bosdi.U qichqirganicha ushbu so‘zlar bilan o‘z kiyimlarini yirta boshladi:”Sen onangga bergan va'dangni buzishdan qo‘rqib,oltinlaringni ko‘rsatyapsan,men esa Allohga bergan va'damni buzishdan qo‘rqmayapman”.

Keyin u odamlariga barcha tortib olingan narsalarni qaytarib berishni buyurdi va:”Mana,sening huzuringda gunohlarim uchun Allohga tavba qilyapman”,dedi.Boshqa qaroqchilar ham unga:”Sen talonchilikda bizning to‘daboshimiz eding,endi tavba qilishda ham rahnamoyimiz bo‘l!”deyishdi.

Bola ulg‘ayish jarayonida hamma narsani asosan ota-onasidan  o‘rganadi.Ulardan ibrat olib,ularga taqlid qilib,hayotiy tajriba orttira boradi. Endi o‘zingiz qo‘pol va badxulq bulsangiz-u,bolanigizni chiroyli xulqli va odobli qilib tarbiyalayman deb o‘ylasangiz,xato qilasiz.

Bu boradagi ajoyib rivoyatlarni ham ko‘p eshitgansiz:”Bir yigit otasining soqolidan tutamlab urayotganiga mahalla-ko‘y shohid bo‘lib,qattiq iztirobga tushibdi,”inson farzandi otasini ham uradimi”,deb qayg‘u chekibdi.Shunda ko‘pni ko‘rgan bir otaxon:”Bunga ajablanmasangiz ham bo‘ladi,hozir xo‘rlik ko‘rayotgan kishi yoshligida otasining soqolidan tortib xuddi hozirgiday urgan edi.Mana endi o‘ziga qaytdi”,degan ekan”.

Qaytar dunyo degan gap bor.Farzandlarmizga tarbiyada,ro‘zg‘or ishlarida o‘zimiz ibrat,o‘rnak bo‘lishimiz lozim.         

 N.Xidirov  Jomboy tumani "Ko‘k to‘nli bobo" jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 04/12/2021 08:46;   Ko‘rilganligi: 2283
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/tarbiyadarozgor-ishlarida-ota-ona-ibrati
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 05:06
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing