O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

SUNNATNI MAHKAM TUTIB, BID'ATDAN SAQLANING!

 
 

Ahli sunnat val jamoaning barcha ishi Qur'on va hadis ustiga qurilgan. Bu eng mustahkam asldir. Ular bid'atchilarning qilgan ishlarini ko‘rsatib kelgan. So‘ng sunnatni mahkam ushlash va bid'atlarni inkor qilishga Qur'on va hadisdan dalil keltirgan. Ahli sunna val jamoa ulamolari bu borada ko‘p kitoblar yozgan va ularda shia, xavorij, jahmiyya, mo‘tazila kabilarning iymon e'tiqoddagi bid'at so‘zlarini inkor qilgan.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan bizning zamonamiz orasida ko‘p vaqt o‘tganligi, ilmsizlik, bid'atga chaqiruvchilar ko‘paygani va g‘ayridinga taqlid kilish kuchayib ketgani sababli juda ko‘p bid'atlar mavjud. Shuning uchun har doim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam tutish lozim.

Alloh taolo Oli Imron surasining 103-oyatida: “Barchangiz Allohning ipini mahkam tuting va bo‘linib ketmang”, deb marhamat qilgan. Oyati karimada islom ummati uchun davoni ikki holatda jamlagan: Qur'oni karim va Payg‘ambarimiz sunnatlarida ifodalangan ilohiy vahiyning hidoyati bo‘lgan Alloh taoloning arqonidan mahkam ushlashdir.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Hajjatul vado'da qilgan xutbalarida shunday dedilar: “Shayton o‘ziga ibodat qilinishidan sizlarning bu yerlaringizda umidi so‘ndi. Lekin bundan boshqa sizlar kichik hisoblaydigan ishlarda unga itoat qilinishidan umidi bor. Endi ehtiyot bo‘linglar! Men sizlarga ikki narsani qoldiryapman: Allohning kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnati! Ularni mahkam tutsangiz hech qachon adashmaysiz!”. Demak, Qur'on va sunnatni mahkam tutsak hech qachon adashmas ekanmiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shu hadisi shariflaridan sunnatni inkor qilayotganlarga raddiya borligini ham guvohi bo‘lamiz. Ular bu hadisni inkor etar, ammo biz bunga iymon keltiramiz.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Ummatimning barchasi jannatga kirar, lekin bosh tortganlargina kirmas, dedilar. Odamlar: “Ey Allohning Rasuli, kim bosh tortadi?” dedi. U zot: Kim menga itoat qilsa, jannatga kiradi, kim menga osiy bo‘lsa, bosh tortgan bo‘ladi, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati). Demak,  Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam musulmon odamning jannatga kirishi uning u zotga itoat qilishiga bog‘liq ekanligini ta'kidlamoqdalar. Ummatimning kirishdan bosh tortganlaridan boshqa hammasi, albatta, jannatga kiradi, demoqdalar. Bundan ajablangan sahobalar, jannatga kirishdan bosh tortgan odam ham bo‘ladimi, deganlarida, u zot Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga itoatdan bosh tortish jannatga kirishdan bosh tortishga barobarligini ma'lum qilganlar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish u zotning Sunnatlarini mahkam tutish bilan bo‘lar ekan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlariga amal qilmagan odam esa u zotga osiy bo‘lar ekan.

Sunnatni mahkam tutmaslik, uni sekin yo‘qotishga olib boradi. Natijada bid'at-xurofot yuzaga keladi. Uning gunohi katta gunohlardan-da xatarlidir. Chunki gunohkor faqat o‘ziga zarar yetkazishi va tavba qilishi ham mumkin. Ammo sunnatning yo‘qolishi va o‘rniga bid'at paydo bo‘lishi butun bir jamiyatni buzadi.

Bid'at sunnat amallarining yo‘qolishiga olib kelar ekan, bunga juda ham e'tiborli bo‘lish va uni himoya qilish har birimizning burchimizdir. Sunnatdan uzoqlashish insonni Allohdan uzoqlashtiradi, zero, sunnat dinimizning tayanchidir.

Abduhalim Muhiddinov
Samarqand tumani "Xo‘ja Ahroriy Valiy" jome masjidi imom-noibi


Kiritilgan vaqti: 28/08/2023 16:57;   Ko‘rilganligi: 201
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/sunnatni-mahkam-tutib-bidatdan-saqlaning
Chop etilgan vaqti: 19/05/2024 07:39
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing