O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Solih amallar lazzati va uning hayotimizdagi ta'siri

 
 

Bizlarni islomga hidoyat qilgan, qalblarimizni iymonga ochgan va O‘zining toatiga yordam va ilhom ila muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdu sano bo‘lsin.

Rahmonning toatidan lazzat topganlarning eng yaxshisi, U Zotning habibi Muhammad Mustafoga salotu salomlarimiz bo‘lsin.Ammo ba'd:

Sizlarni va o‘zimni Allohdan taqvo qilishga vasiyat qilaman. Zero, bu Alloh taoloning mo‘min bandalariga vasiyatidir. “Menga taqvo qiling, ey aql egalari!” (Baqara 197-oyat)

Demak, taqvodor, muxlis va iymonli qalb egalari taqvo ma'nosini yaxshi bilishadi va uni zohiru botinda maxkam tutishadi.

Bas, taqvo bilan banda dunyo va oxiratda saodatga erishadi.

Aziz birodarlar! Darhaqiqat, Robbimiz bizni O‘zining buyuk hikmati ila O‘ziga ibodat uchun yaratdi. Kimki, ibodatni haqiqiy ma'noda tanisa va uning halovatini totsa, unga oliy himmat bilan harakat qiladi.

Ulamolar ta'rif berganlaridek: Zohiru botindagi Alloh sevadigan har qanday so‘zu amal ibodatdir. Banda qiladigan har qanday toat uni ikki dunyo rohat-farog‘atiga eltuvchi yo‘ldir. Kim Robb taoloning roziligi va Rizvonini va Uning jivorini istasa, ushbu lazzatni hosil qilishga intilsin! Zero, bu lazzat faqat Allohga bo‘lgan muhabbat, Unga bog‘lanish, Unga tavakkul qilish, Uning toatidan lazzatlanish va U rozi bo‘ladigan amallarni qilish bilangina topiladi.

Aziz do‘stlarim! Albatta, solih amallarning dunyo va oxiratda ko‘plab samaralari bo‘lib, ularni Alloh taolo bandalaridan O‘zi tanlaganlariga qurbat topib, ko‘proq munojot qilib lazzatlanishlari uchun iltifot qiladi.

Toat lazzatiga erishish uchun bir qancha sababga ehtiyoj bor. Agar banda shu sabablarni lozim tutsa, maqsadi hosil bo‘ladi. Dunyo saodati va oxirat ne'matini qo‘lga kiritadi.

Alloh taolo aytadi: “Erkagu ayol, kim mo‘min holida yaxshi amal qilsa, biz unga yaxshi hayot kechirtiramiz va, albatta, ularning qilib yurgan amallarining eng go‘zaliga beriladigan ajr ila mukofotlaymiz.” (An-Nahl 97-oyat)

Bundan ko‘rinib turibdiki, go‘zal amalning samarasi ulkan va foydasi buyukdir.

Mo‘min banda uchun oxirat dunyosidagi go‘zal hayotiga ko‘chmasidan oldin dunyo hayotida go‘zal yashashining o‘zi sharaf to‘g‘risida yetarlidir. Bunga esa, Alloh uchun qilingan solih amallar va Rasululloh alayhis salomga ergashish yo‘li bilan boriladi. Banda Robbi rozi bo‘ladigan ibodatlarni ado etishga qanchalar haris bo‘lsa, lazzatga yetishish yo‘li shunchalar oson va yengil bo‘laveradi.

Hofiz ibn Rajab aytadi: -Iymonning halovat va ta'mi bo‘lib, uni qalb bilan totiladi. Go‘yo taom va sharobning ta'mi og‘iz bilan totilganidek. Chunki, taom va sharob jismning ozuqasi bo‘lganidek, iymon qalbning ozuqasidir. Jism bu ta'm va mazzalarni sog‘lom bo‘lganda his qiladi. Bemor bo‘lsa, ozuqalarning mazzasini sezmaydi. Shuningdek, qalb ham gunoh va ma'siyat dardlaridan salomat bo‘lganda iymon halovatini topadi. Shahvatlar botqog‘iga botganda esa, iymoniy halovatdan benasib bo‘ladi. Rasululloh sollollohu alayhi va sallam aytganlar: “Zino qiluvchi zino qilayatgan paytida mo‘min bo‘lmaydi”.

Chunki, iymoni mukammal bo‘lganida halovatini sezar va gunoh uning ko‘ziga chiroyli ko‘rinmagan bo‘lar edi.

Vahb ibn Varddan: -Allohga osiy bo‘lgan kishi iymon ta'mini topadimi?- deb so‘rashganda, u -Yo‘q, hattoki, gunohni niyat qilgan kishi ham topa olmaydi!- deb javob berdi.

Zunnun Misriy aytadi: -Jasad bemorligida taomning lazzatini topmaganidek, qalb gunoh bilan iymon halovatini topmaydi.

Solih amallardan kelib chiqadigan lazzat Alloh azza va jalladan tortiqdir. Alloh taolo aytadi: “ Va bilinglarki, albatta, ichlaringizda Rasululloh bordir. Agar U ishlardan ko‘pida sizga itoat qilsa, albatta, qiyinchilikka duchor bo‘lardingiz.

Alloh taolo barchamizni O‘ziga itoat etishga, Rasuliga ergashishga va solih amallarni bajarishga muvaffaq aylasin. Va buning ortidan O‘z roziligiga yetishmoqni nasib etsin! Amiyn.

Shodi domla Xaqberdiyev – Urgut tumani bosh imo-xatibi


Kiritilgan vaqti: 11/10/2021 11:07;   Ko‘rilganligi: 651
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/solih-amallar-lazzati-va-uning-hayotimizdagi-tasiri
Chop etilgan vaqti: 29/04/2024 09:51
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing