O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

SOLIH AMAL NAJOTGA SABAB

 
 

Bir kuni Nabiy sallollohu alayhi va sallam sahobalarga o‘tgan qavmlar hayotidan bir lavhani aytib berdilar:

"Uch nafar kishi yo‘lda ketayotgan ekanlar, yomg‘irda qolibdilar. Tog‘dagi g‘orga kirib olibdilar. Bas, ularning g‘origa tog‘dan bir xarsang tushib, chiqar yo‘llarini to‘sib qolibdi.

Ular bir-birlariga: "Alloh uchun qilgan solih amallaringizga bir nazar solib, ularni vasiyla qilib, Allohga duo qilinglar, shoyadki, sizlarga kushoyish bersa", debdilar.

Ulardan biri: "Ey Allohim! Albatta, mening qari ota-onam bor edilar. Mening kichik yoshdagi bolalarim ham bor edi. Ularning barchasining rioyasini qilardim. Ularning oldiga qaytib kelsam, sut sog‘ib, bolalarimdan oldin ota-onamga ichirar edim. Bir kuni kech qolib, kechasigacha kela olmadim. Kelib, ikkovlarini uxlab qolganlarini ko‘rdim. Odatdagidek sut sog‘dim va ota-onam ikkovlarining bosh taraflarida uyg‘otib yubormay, deb kutib turdim. Bolalarga ichirishni ham ep ko‘rmadim. Bolalar ochlikdan oyog‘im ostida qichqirishar edi. Tong otguncha shu holda turdim. Agar sen shu ishda Sening roziligingni tilab qilganimni bilsang, bizga bir tirqish ochgin, osmonni ko‘raylik", dedi.

Bas, Alloh tirqish ochdi. Undan osmonni ko‘rdilar.

Boshqasi esa: "Ey Allohim! Men amakimning qizini juda qattiq yaxshi ko‘rar edim. Bas, undan (jimo'ni)talab qildim. U (qiz) bosh tortdi. U o‘ziga yuz dinor berishimni so‘radi. Men pulni jamlab kelib, uni ushlab ikki oyog‘i orasiga tushdim. Shunda qiz: "Ey Allohning bandasi! Allohdan qo‘rq! Uzukni haqqini bermasdan ochma!", dedi.

Men o‘rnimdan turdim. Agar shu ishni Sening roziligingni tilab qilganimni bilsang, bizga yana ham kattaroq tirqish och", dedi.

Bas, yana tirqish ochdi.

Uchinchi shaxs: "Ey Allohim! Men bir faraq guruchga mardikor yollagan edim. U ishni bajarib bo‘lganidan so‘ng: "Haqqimni ber", dedi.

Men unga haqqini ko‘rsatdim. U olishga rag‘bat qilmadi. Men o‘sha guruchni ekishda davom etaverdim. Undan bir qancha sigir va molboqarlar ortdirdim. U qaytib kelib: "Allohdan qo‘rq!" dedi.

Men unga: "Anavi sigirlar molboqarlari bilan seniki, olaver", dedim.

"Allohdan qo‘rq! Meni istehzo qilma!", dedi.

Men: "Seni istehzo qilayotganim yo‘q, olaver", dedim.

U oldi. Agar men shu ishni Sening rozilingni tilab qilganimni bilsang, qolgan qismini ham ochib yubor", dedi.

Bas, Alloh ochib yubordi".

Boshqa bir rivoyatda: "Chiqib, yurib ketdilar", deyilgan.

Imom Buxoriy, imom Muslim va Nasaiy rohimahumulloh rivoyat qilishgan.

Agar yuqoridagi uchta shaxs qilgan solih amallar haqida taammul qilsak, ularni bandalarning haqqiga bog‘liq ekanligini ko‘ramiz. Ularning biri ota-onasiga yaxshilik qildi. Bu uning gardanidagi ota-onaning haqqidir.

Ikkinchisi esa birovning obro‘sini saqladi. Bu esa insonlarning uning gardanidagi haqqidir.

Uchinchisi esa mardikorning haqqini berdi. Ishchilarning haqqini berish vojibdir.

E'tibor bersak, ularning birortasi namozini, ro‘zasini gapirmadi. Demak, yuqoridagi ibodatlar benihoya muhim.

Tasavvur qiling, siz ularning to‘rtinchisi bo‘lganingizda qaysi amalingizni taqdim qilgan bo‘lar edingiz?

Agar sizda shunaqangi amalingiz bo‘lsa siz yo‘ldasiz. Sabot bilan davom eting.

Agar bunday amalingiz bo‘lmasa o‘zingizni taftish qiling. Hisob-kitob qiling. Zero, solih amallar musibat paytida najotga sabab ekan. Albatta bizga qutilishimiz uchun bir tirqish lozim!

Polvonov Abdukodir  Urgut tumani “Urgut markaziy masjidi xodimi


Kiritilgan vaqti: 29/10/2021 05:56;   Ko‘rilganligi: 597
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/solih-amal-najotga-sabab
Chop etilgan vaqti: 02/05/2024 08:39
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing