SOF ISLOM G‘OYALARINING G‘ARAZLI MAQSADLARDA TALQIN ETILISHI
Bugungi kunda islom niqobi ostida harakat qilayotgan ekstremistik harakatlarning inson ongi va qalbini egallash maqsadida har kanday razil yo‘llardan foydalanish hollari avj olayotganini afsus bilan qayd etish lozim.
Bunday kuchlarning dinimiz asoslarini, Qur'on oyatlari va hadislarning asl mohiyatini buzib talqin qilishi, jamiyat hayotiga tahdid soladigan ishlarni islom bilan bog‘lashga urinishi esa, ularning har qanday qabih ishlardan ham qaytmasligidan dalolat beradi.vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, ular yer yuzidagi har qanday davlatdagi tinchlikni buzish, mavjud tuzumni izdan chiqarish yo‘lida islom dini g‘oyalarini g‘arazli talqin etish uslubidan faol foydalanmoqda.
Bugungi kunda ekstremistik tashkilotlar tomonidan islom dining ayrim tushunchalari shunday talqin qilinayotganini afsus bilan aytib o‘tish lozim. Jumladan, islomni niqob qilib olib, uning nomidan ish olib borayotgan ekstremistik harakatlar asosan “Jihod-musulmonning g‘ayridinlarga qarshi muqaddas urushi”, deb talqin etmoqda. Bunday talqin dinimizning go‘yoki, yovuzlikka, jangu jadal, urush, qon to‘kish,boshqa dindagilarga qarshi kurash olib borishga asoslangani haqidagi tasavvurlarning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. Aslida, “jihod” so‘zi lug‘atda “jiddu jahd”, “biror narsaga erishish uchun bor imkoniyatini ishga solish” kabi ma'nolarni anglatadi. Masalan, talabalarning darsini o‘zlashtirishi yoki shogirdning biror hunarni o‘rganishi uchun bor kuch g‘ayratini sarflashi-uning jihodi bo‘ladi. Istilohda esa, ushbu so‘z bir qancha ma'nolarda ishlatiladi hamda bu so‘zning Qur'on va hadislarda qo‘llanishi bilan belgilanadi. Jumladan, “Jihod” deganda ota-onaga xizmat qilishni hamda Alloh yo‘lida inson o‘z nafsiga qarshi kurashini tushunish mumkin. Bu ma'nolarga tegishli hadisi shariflar ham keltirilgan.
Yuqoridagi keltirilgan gaplardan bilinib turibdiki, o‘z bilganicha, ilmsiz yoki o‘z manfaati yo‘lida Qur'oni karimning biror oyatini sharhlash yoki Rasululloh (alayhissalom) nomlaridan yolg‘on gapirishning oqibatlari ochiq-oydin bayon qilingan.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, Qur'oni karim yoki hadisi sharifdan hukm olish va unga ma'no berish uchun bir qancha ilmlarni o‘zida mujassam qilmog‘i lozim. Bundan tashqari, Qur'on yoki hadisdan hukm chiqarmoqchi bo‘lgan kishi muayyan masalaga taalluqli bo‘lgan barcha oyat, hadis, sahobalarning o‘sha maslaga munosabatlari hamda mujtahid ulamolarning fikrlarini yaxshi bilmog‘i shart. Shu o‘rinda payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Kim Qur'onni o‘zicha tafsir qilsa, do‘zaxdan o‘ziga joy tayyorlasin” degan hadis (tahdid)larini aytib o‘tishning o‘zi kifoyadir.
Zayniddin Eshonqulov - O‘MI Samarqand viloyat vakili
Kiritilgan vaqti: 27/03/2020 17:32; Ko‘rilganligi: 1726
Chop etilgan vaqti: 06/10/2024 19:54