O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Shaytonni yig‘latgan oyatlar

 
 

Nozil bo‘lgan vaqtida shayton yig‘lagan sura — bu fotiha surasidir. Tobaroniy «Avsat» da Mujohiddan u esa Abu Hurayra r.a dan rivoyat qiladi: «Fotihatul kitob nozil bo‘lganda iblis yig‘ladi».

Shuningdek,tilovat qilinganda shaytonni yig‘latadigan oyat ham  bor. Imom Muslim va Ibn Mojadan rivoyat qilinadi: Nabiy s.a.v aytdilar: Odam bolasi sajda oyatini o‘qisa so‘ng sajda qilsa, shayton undan yig‘lagan holda uzoqlashadi va shunday deydi: «Eh, menga vayl bo‘lsin odam bolasi sajda qilishga buyurildi, bas sajda qildi va unga jannat bo‘ldi. Men sajda qilishga buyurildim, bas undan bosh tortdim va menga do‘zox bo‘ldi».

Shuningdek, ba'zi oyatlar nozil bo‘lganda shayton yig‘laganligi haqida rivoyatlar vorid bo‘lgan. Ularni ba'zi ahli ilmlar zaif sanashgan. Abdurazzoq va Ibn Harirlar Sobit Banoniydan rivoyat qiladilar: Menga yetdiki albatta Iblis mana bu oyat nozil bo‘lgan vaqtda yig‘ladi «Va ular fohisha ish yoki o‘zlariga zulm qilgan chog‘larida Allohni eslab, gunohlarini mag‘firat qilishni so‘raydilar, gunohlarini Allohdan o‘zga kim ham mag‘firat qilardi? Va ular, bilib turib, qilgan gunohlarida bardavom bo‘lmaslar» (Oli imron surasi 135-oyat)

Hakim Termiziy Attof ibn Xoliddan rivoyat qiladi: Menga yetdiki Alloh taoloning «Allohdan o‘zga kim ham mag‘firat qilardi? Va ular, bilib turib, qilgan gunohlarida bardavom bo‘lmaslar» oyati nozil bo‘lganda iblis qo‘shiniga qichqirdi. Boshini ustidan tuproq sochdi. O‘ziga vayl va saburni tiladi. So‘ng uning qo‘shini har tomondan kelib, nima bo‘ldi senga ey sayyidimiz deyishdi. Iblis: «Allohning kitobida bir oyat nozil bo‘ldi. Endi odam bolasidan birortasiga gunoh zarar berolmaydi» dedi. Ular: «Qaysi oyat» deyishdi. Iblis ularga oyatning xabarini berdi. Shunda ular: «Biz ularga havoi nafs eshiklarini ochib qo‘yamiz shunda tavba qilmaslar istig‘for ham aytmaslar va o‘zlarini doimo haqda deb o‘ylaydilar», deyishdi. Iblis esa rozi bo‘ldi.

Albatta ushbu oyat nozil bo‘lgan vaqtda shayton yig‘lagan. Bu ko‘plab tafsir kitoblarda vorid bo‘lgan.

Ibn Jarir o‘z tafsirida Sobit Banoniydan rivoyat qiladilar: “Kim yomonlik qilsa yoki o‘ziga zulm etsa, so‘ngra Allohga istig‘for aytsa, Allohni mag‘firatli va rahmli zot topadi” oyati nozil bo‘lganda Iblis bu oyatdan qo‘rqib  yig‘ladi.

Ibn Mas'uddan rivoyat qilinadi: Bu oyat gunoh qilganlar uchun dunyo va undagi narsalardan yaxshidir.

Ibn Siyrin aytadilar: Alloh taolo bizga bu oyatni Bani Isroilga gunohlari uchun kafforat qilib bergan narsasining o‘rniga berdi. Abul Oliyadan rivoyat qilinadi: Bir kishi: Ey Allohning rosuli Bani Isroilda gunohlarining kafforoti bor edi. Bizniki ham bormi? Nabiy s.a.v aytdilar: Alloh taolo sizga bergan narsa Bani Isroilga bergan narsasidan yaxshidir. Agar Bani Isroildan bir kishi xato qilib qo‘ysa, xatosini va uning kafforotini eshigining ustida yozilgan holda topardi. Agar xatosini yuvsa, unga dunyoda sharmandalik yetardi. Agar xatosini yuvmasa, oxiratda sharmandalik yetardi. Darhaqiqat Alloh sizlarga Bani Isroilga bergan narsasidan yaxshisini berdi. So‘ng bu oyatni o‘qidilar: “Kim yomonlik qilsa yoki o‘ziga zulm etsa, so‘ngra Allohga istig‘for aytsa, Allohni mag‘firatli va rahmli zot topadi”.

 

Ergashev Abdulvosi tayyorladi,

TII talabasi


Kiritilgan vaqti: 04/08/2020 19:00;   Ko‘rilganligi: 3571
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/shaytonni-yiglatgan-oyatlar
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing